Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:09

Moskvada o‘zbek adabiyotiga oid kitob chop etildi


“Ochilgan atirgullar isi” kitobi, nashriyotchining aytishicha, o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Ochilgan atirgullar isi” kitobi, nashriyotchining aytishicha, o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Moskvada o‘zbek og‘zaki ijodi va adabiy me‘rosiga bag‘ishlangan “Ochilgan atirgullar isi” nomli to‘plam rus tilida chop etildi. Bu “Xudojestvennaya literatura” nashriyotining o‘zbek adabiyotiga doir so‘nggi 2 yil davomida chiqargan 2-chi to‘plamidir.

Rossiyada eng yirik hisoblangan “Xudojestvennaya literatura” nashriyotida chop etilgan to‘plamda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri hazrat Alisher Navoiy asarlaridan tashqari o‘zbek milliy dostonlari, ertaklari, maqol va matallari joy olgan.

Bu, deydi Ozodlik bilan suhbatda “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti bosh direktori Georgiy Pryaxin, 4 yildan buyon chop etilayotgan “MDH mumtoz adabiyoti” kutubxonasining 30 ga yaqin jildlaridan biridir”.

- Siz qiziqayotgan o‘zbekcha kitob aslida ikkinchi jild hisoblanadi, uning birinchi jildi bir yil oldin nashr etilgan. U o‘zbek she‘riyatiga, albatta birinchi navbatda Alisher Navoiy asarlariga bag‘ishlangan edi. “Ochilgan atirgullar isi” adabiy to‘plami esa asosan xalq og‘zaki ijodi va folkloriga bag‘ishlangan. Bu asarlarni yaratishda biz rossiyalik mutaxassislar bilan birgalikda bu sohada eng yirik hisoblangan o‘zbek mutaxassislari, jumladan Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti direktori maslahatchisi doktor To‘ra Mirzayev, fanlar doktori Farid Hamroyevlarni jalb qildik. Kirish so‘zini Rossiyaning sobiq elchisi, hozirda “Rossotrudnichestvo” Federal agentlik direktori Farid Muxametshin yozib berdi,- deydi Georgiy Pryaxin.

"O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasi (Fond Forum) o‘z rasmiy sayti orqali "Ochilgan atirgullar isi" Rossiyadagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi va Fond Forumning vakolatxonasi "hamkorligida" "Xudojestvennaya literatura" nashriyotida bosmadan chiqarilganini ma‘lum qildi.

"Xudojestvennaya literatura" nashriyoti rahbari mumtoz Fond Forumning o‘zbek adabiyoti na‘munalarini o‘z ichiga olgan kitobning rus tilida chop etilishiga umuman aloqasi bo‘lmagan. Ayni paytda, Georgiy Pryaxin Fond Forum tarqatgan xabarni izohlamadi.

Uning aytishicha, “Ochilgan atirgullar isi” adabiy to‘plami to‘laligicha MDH davlatlari doirasida tuzilgan Gumanitar hamkorlik xalqaro fondi homiyligi ostida nashrdan chiqqan va sotish uchun mo‘ljallanmagan.

“Xudojestvennaya literatura” direktorining so‘zlariga ko‘ra, 2011 yilda o‘zinig 80 yilligini nishonlagan nashriyot sovet davrida ham o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini maxsus tahririyat tsenzurasi ostida nashrdan chiqarib kelgan bo‘lsa, hozirda “MDH mumtoz adabiyoti” kutubxonasi bevosita u yoki bu mamlakat adabiyotshunoslari bilan hamkorlikda chiqarilmoqda.

“To‘plamda keltirilayotgan asarlarning bir qismi birinchi marotaba chop etilmoqda, uning ustida eng zamonaviy mutaxassislar hamkorlikda ish olib borishdi”, deya davom etadi Georgiy Pryaxin.

- Bu asarlarning rus tilida chop etilayotgani o‘zbek she‘riyatidan bexabar rossiyaliklar va o‘z yurtidan uzoqlashib ketayotgan o‘zbeklar uchun foydali, deb hisoblayman. Menimcha, bu asar Moskvada oxirgi yillarda ko‘payib qolgan o‘zbeklar ichki dunyosini tushunish uchun, yangi davrda o‘zbek-rus madaniyatlarining o‘zaro almashuvini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Ruslar va o‘zbeklarning siyosiy aloqalari bu bir masala, lekin asar maishiy darajada bir-birimizni tushunish uchun juda zarurdir. Shaxsan meni har bir davrga oid miniatyuralar, asarda keltirilayotgan tug‘ilish, o‘lim, beshik ustida, dalada aytiladigan qo‘shiqlar, ajoyib dostonlar qoyil qoldirdi, deydi nashriyot direktori.

Georgiy Pryaxinning so‘zlariga ko‘ra, 712 varaqdan iborat “Ochilgan atirgullar isi” asari hozircha 500 nusxada chop etilgan – to‘plamning birinchi jildi 1000 nusxada chiqqaniga qaramasdan bir necha hafta ichida sotib bo‘lingnan.

15-16 asr miniatyuralari bilan jihozlangan bu kitob Rossiya va xorijdagi kutubxonalar, o‘quv yurtlari, rus maktablari va litseylari hamda boshqa tashkilotlariga yuborilmoqda. “Xudojestvennaya literatura” direktori “Ochilgan atirgullar isi” dushanba kuni Strasburgda boshlanayotgan yirik jahon nashriyotlari anjumanida taqdim etilishi va unga qiziqishini bildirilsa, ingliz tilida ham chop etilishi mumkinligini alohida urg‘uladi.

Suhbatimiz so‘nggida “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti bosh direktori Georgiy Pryaxin yaqin kelajakda nashriyotda o‘zbek adabiyotiga oid yana bir qator asarlar nashrga tayyorlanayotganini ma‘lum qildi.

- O‘zbek adabiyotini chop etish bizning rejalarimizda bor. Men bu rejalar amalga oshishiga ishonaman. Biz anchadan buyon o‘zbek shoiri Abdulla Oripovning 60-70 yillarga oid ilk asarlarini rus tilida chop etishni rejalashtirib qo‘yganmiz.Men bu rejalarning amalga oshishiga ishonchim komil,- deydi Georgiy Pryaxin.
XS
SM
MD
LG