Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:46

Boodob jurnalistlar va “beadab” prezident to‘g‘risida


G‘ovak paxtaqandday shirasi chip-chip, lekin sira g‘ozi yo‘q bu gaplar birin-ketin so‘l quloqdan kirib, o‘ng quloqdan chiqaverdi.

1 Ayolning yoshini, er kishi maoshini so‘ramaydilar bu politkorrekt dunyoda.

O‘zbek ham odobli keladi. Hech qachon “nechchiga chiqdiyz”, deb so‘ramaydi xotin-qizdan.

So‘ramaydi. Shundoooq ko‘z chama qiladiyu biladi-qo‘yadi.

“Qovun po‘chog‘i yerga tushganda 27 ga kiradiyov, demak shu kunda 26 yarimga kiribdi”, deb qo‘yadi, masalan, ho‘o‘v narigi guzarda novvoydan non olayotgan “Qizimkiysin-kundoshikuysin” ko‘ylakli do‘ndiqni durbin-murbinsiz ko‘rib.

O‘zbek hech-hech adashmaydi ayol yoshini chamalashda. Har holda hali shu paytgacha bironta o‘zbekning kichik xotini katta xotinidan katta bo‘lganini ko‘rgan emasman.

To‘g‘ri-da, axir, kichik xotin o‘z nomi bilan kichik xotin-da!

U kattasidan kichik bo‘lishi kerak-da!

Hayrooon qolaman: o‘zbek politkorrekt keladi, shuningchun xotin-qizlar yoshini co‘ramaydi. So‘ramasdan, qanday qilib to‘chniy aniqlab olarkin?!

Qo‘liga qararmikan? (O‘zbekcha tushunmang-da endi, bu savolni – “yoshining yoshini qo‘llariga qarab aniqlarmikan”, deyapman xolos)

Bilaman-ku, o‘zbek ayolning qo‘liga qarab o‘tirmasligini! (Mana endi o‘zbekcha tushuning!)

2


O‘zbek umuman va uning jurnalisti xususan va xossatan O‘zTV jurnalisti nafaqat xotin-qiz, umuman odamzodning qo‘liga qaramaydi.

Cho‘ntagigayam qaramaydi.

Chunki, o‘zbek, xossatan O‘zTV jurnalisti odobli keladi.

Afsuski, men sag‘al beadabroqman. Ayniqsa, beadabligim televizor ko‘rayotganimda kuchayadi.

O‘zi, soqolga oq tushgandan beri politkorrektlik nimaligini bilmaydigan eski o‘zbekka aylanib qolyapman. Birontasi bilan tanishib qolsam birinchi savolim bu bo‘ladi: Silarda go‘sht nechipul?

Rossa qiziqaman o‘zbekning oyligiga. Maoshining qanchaligiga. Javobni O‘zTVdan olgim keladi.

Olgim keladiyu ololmayman.

Bo‘lmasa, har kuni ko‘raman-a O‘zTVni?! Ayniqsa, “Televizor” ruknini boshlaganimdan beri qoldirmay ko‘rishga harakat qilayapman.

“Axborot” boshlovchilariyu seriallar qahramonlariyam bu ketishda ekranda paydo bo‘lishlari bilanoq gapni “Yaxshimisiz, Sarvar aka”dan boshlaydigan bo‘pqoladi.

Agar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan teletomoshabin” unvoni joriy etsalar, uni oladiganlar ro‘yxatida birinchilardan bo‘lishga haqim bor.

Chunki Toyloqov beriroqda tursin, ho‘o‘v nariroqdagi O‘ktam Jobirovu Nasiba Ibrohimovalarniyam ko‘rganman!

He, Siz nima deyapsiz, indamasam?!

3


Uzr! Nima deyatuvdik?

Ha, oylik masalasi, maosh...

Ana, tunov kungi o‘rischa “Axborot”da Farg‘onada bo‘lib o‘tgan bir yig‘ilish to‘g‘risida so‘z bo‘ldi. Muxbir gapni shunchalik aylantirvordiki, tarjima qilishning sira iloji yo‘q.

Taxminan bunday dedi:

O‘zAdan: Tadbirda prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mulkdorlar sinfini shakllantirish, iqtisodiyotni barqaror yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, va aholi turmush farovonligini yaxshilashning muhim omili bo‘lgan xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha qulay ishbilarmonlik muhiti va hamda ishonchli huquqiy kafolatlar...

G‘ovak paxtaqandday shirasi chip-chip, lekin sira g‘ozi yo‘q bu gaplar birin-ketin so‘l quloqdan kirib o‘ng quloqdan chiqaverdi. Qo‘yib berdim: so‘ldan o‘ngga o‘taverdi, so‘ldan o‘ngga o‘taverdi.

Boshimda tunnel paydo bo‘lib undan shamol o‘tayotganday, miyam shamollaganday bo‘ldi.

Kasanachilik haqidayam gap bo‘ldi. Raqamlar ham aytildi. Qancha kasanachilik ish o‘rni yaratilganini aytishdi. Hushyor tortdim. Mana endi kasanachining ish haqini aytishadi, dedim.

Yo‘q. Noumid bo‘ldim.

Mana, yana bir misol. Uni “Axborot”ning noyabrdagi (2011) sonidan olamiz (aytdimku, qoldirmay ko‘raman, deb).

Boshlovchi navbatdagi syujetga kirish so‘zi o‘qir ekan, dedi:

“Birgina o‘tgan 9 oyda yurtimizning eksport ko‘rsatkichi 21,4 foizga o‘sdi. Hududlarda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar ijrosini tahlil etadigan bo‘lsak, investitsiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda samara yaqqol namoyon bo‘ladi. E‘tiborlisi erishilayotgan natijalar ko‘proq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu mavzudagi sharhimiz Xorazm viloyatidan tayyorlangan”

Demak, butun boshli viloyat iqtisodiyotiga doir sharh. Albatta, hozir ish haqi haqidayam gapirishadi, dedim.

Gapirishmadi. Qandaydir foizlar haqida ko‘p gap bo‘ldi.

“Tumanimizda kichik biznes sub‘ektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi salkam 80 foizni, xizmatlar ulushida esa 71,5 foizni tashkil etadi. Iqtisodiyotda jami bandlarning 84 foizi tadbirkorlik sub‘ektlariga to‘g‘ri keladi. Kichik biznes sub‘ektlarining sanoat mahsulotlaridagi ulushi 60 foizni, assoiy kapitalga investitsiyalar hajmida 60,3 fioizni tashkil etadi”.

Bunday misolllarni viloyatning boshqa tumanlaridan ham keltirish mumkin.
231111 dan 8yu33

Biz ham mavzumizni yorituvchi misollarni ko‘p keltirishimiz mumkin.

Ha, O‘zTV jurnalisti ish haqi haqida gapirmaydi. Chunki u odobli.

4


Odobli o‘zbek jurnalistlari fonida prezident Karimov ba‘zi-ba‘zida ish haqi
to‘g‘risida gapirib qolsa, hijolat bo‘larakan kishi.

Masalan, prezident mustaqillikning 19 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida “1990 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi taxminan 3,5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 2,5 barobar oshgani, o‘rtacha oylik ish haqi esa shu yilning oxirigacha qariyb 500 AQSh dollarini tashkil qilib, taxminan 14 karraga ko‘payadi”, degan edi.

(Qavslar ichida “o‘rtacha oylik ish haqi” degan tushunchani tushunavermasligimni, u “kasalxona bemorlarining o‘rtacha tana harorati”ni eslataverishini – axir morg ham bo‘ladi-da kasalxonada! – shosha-pisha qistirib o‘tmoqchiman)

Xo‘sh, O‘zTV jurnalistlari o‘zlarining odob me‘yorlaridan kelib chiqib ish haqi to‘g‘risida gapirgani uchun janob Karimovni beadab deyishlari kerakmi, endi?!

Yo‘q, albatta, Islom akani beadab deyishga haqlari yo‘q ularning!

Aksincha, ular odobni prezident janoblaridan o‘rganishlari lozim!

Chunki o‘n minglab jurnalisti bor yurtda faqat shu kishi jurnalist bo‘lmasayam oddiy o‘zbekning ish haqi haqida gapirayapti-qayg‘urayapti.

Oddiy o‘zbek ishxonaga nafaqat mustaqillikni mustahkamlash va kelajakni yanada buyukroq qilish uchun, balki uyiga
bugun to‘rtta nonu bir qadoq go‘sht,
ertaga to‘rtta nonu bir litr yog‘,
indinga to‘rtta nonu bir kilo piyoz
ko‘tarib kirish uchun ham borishini faqat Islom aka bilayapti.

Tak chto, mayli, xotin-qizning yoshini so‘ramasanglar, so‘ramanglaru odamlarning oyligini so‘ranglar, jurnalist mirzalar!

Bu - mening Sizlarga tomoshabinlik talabim.

So‘rashning hech uyat joyi yo‘q – “orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim!”

Aytgisi kelmaganlar aytmay qo‘yaveradi. Aytadiganlarnikidan bilib olamiz: Islom aka va‘da qilgan $500 ga o‘zbek yetdimi-yo‘qmi?

Yetmagan bo‘lsa sababi nimada?

Qayerdan kelaqoldi o‘zi bu raqam?

Qarabsizki, u kishigayam yordam bo‘ladi.

Raqamlarda adashib ketmaydi, demoqchiman-da.
XS
SM
MD
LG