Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:53

Xodorkovskiy muxolifatga maslahat berdi


Mixail Xodorkovsiky 2011 yil may oyida o‘tkazilgan sudda.
Mixail Xodorkovsiky 2011 yil may oyida o‘tkazilgan sudda.

Rossiyaning eng taniqli siyosiy mahbusi Mixail Xodorkovskiy muxolifat hukumatga qarshi shu paytgacha qilgan harakatlari besamar bo‘lmasin uchun, amlga oshirish kerak bo‘lgan asosiy vazifalar bitilgan maqola e‘lon qildi. Gazeta.ru nashrida e‘lon qilingan maqolada Xodokovskiy Rossiyada vujudga kelgan siyosiy vaziyat butun dunyoda davom etayotgan norozilik harakatining bir qismi, deya atadi. Odamlar, deb yozadi u, o‘zlariga nisbatan hurmat ko‘rsatilishini talab qilishdan qo‘rqmay qoldi.

Sobiq oligarx va YuKOS shirkatining xo‘jayini “Rossiyada hokimiyatni qanday o‘zgartirish mumkin: muxolifatning asosiy vazifalari”, nomli maqolasida 2011 yil 4 dekabr kungi saylovlardan keyin rossiyaliklarning norozilik chiqishlari hokimiyatni xalq talablari oldida biroz chekinishga majbur qildi va shu bois bu harakatlar davom etishi lozim, degan fikrlarni ilgari suradi. Lekin uning fikricha, norozilik kayfiyatining asosiy sababi “yolg‘on” saylovlar bo‘lmagan: “Jamiyatimizning faol qatlami, jumladan hukmdor elitaning katta qismi, hokimiyatning amalda 24 yilga o‘zgamay qolishi fakti, shuningdek uning qay shaklda e‘lon qilinganidan o‘zini tahqirlangan, deb his qildi”, deb yozdi Xodorkovskiy, o‘tgan yilning sentyabrida “Edinaya Rossiya” partiyasi qurultoyida Vladimir Putin prezidentlikka nomzod, deb e‘lon qilinganiga ishora qilib.

Sobiq oligarx Kremlga qaytishga intilayotgan Putin norozilik chiqishlari ishtirokchilari sha‘niga ochiq haqoratlarni yog‘dirayotgani hokimiyatning vujudga kelgan siyosiy vaziyatdan sarosimaga tushib qolgani alomati, deb hisoblashini yozadi.

Rossiyada vujudga kelgan norozilik harakati Arab bahori hodisasiga bog‘liqligiga ishora qilib, “Butun dunyo xalqlari o‘zlariga nisbatan hurmat ko‘rsatilishini istamoqda. Mening mamlakatim ham bundan mustasno emas!”, deb yozadi Xodorkovskiy.

Dekabr saylovidan keyin boshlangan ommaviy noroziliklar mamlakatdagi vaziyatni tubdan o‘zgartirib, o‘n yil davom etgan “putin rejimi tanazzuli”ning intihosi bo‘lishiga ishonishini ta‘kidladi sobiq biznesmen.

Endi Rossiya muxolifatining asosiy vazifasi, deb yozadi YuKOS shirkati sobiq xo‘jayini, vaziyatdan to‘g‘ri foydalanishdir.

Buning uchun u hokimiyat bilan kurashayotgan muxolifatchilar tutishi kerak bo‘lgan yo‘lga doir yetti tezisini taklif qiladi:

Birinchidan, uning fikricha, norozilik harakatlariga bo‘lgan ishonchni so‘ndirmaslik uchun “Kremlni ishg‘ol qilish” kabi har qanday radikal stsenariyni ehtimodan soqit qilish kerak.

Ikkinchidan, muxolifatda bo‘linish ro‘y berishiga yo‘l qo‘maslik lozim. “Kreml aynan shuni istamoqda”, deb yozadi sobiq oligarx va Putinning ashaddiy tanqidchisi.

Uchinchi, “ommaviy tarzda tinch namoyishlarni davom ettirish, davom ettirish va davom ettirish kerak”, deya Xodorkovskiy ommaviy noroziliklar samara berayotganiga shubha qilmasligini bildiradi.

To‘rtinchidan, deydi u, “4 mart kungi saylov xolis va ikki bosqichda o‘tishini ta‘minlash uchun iloji boricha harakat qilish kerak”. Uning fikricha, saylovning ikkinchi davrasi o‘tkazilishning o‘zi siyosiy jarayon yo‘nalishini tubdan o‘zgartiradi.

Beshinchidan, Xodorkovskiy fikricha, “muxolifat partiyalari soni ikki-uchdan oshmasligi kerak”.

Bundan tashqari YuKOS shirkati sobiq xo‘jayini muxolifatchilarga Rossiya mintaqalarida ham faollikni oshirishni maslahat qiladi. Uning fikricha, 2013 yilning oxiriga qadar muxolifatning nufuzli vakillaridan bir necha nafari viloyat darajasida hokimiyat tepasiga kelsa, “siyosiy elitada o‘zgarishlar ro‘y berayotgani haqida” gapirish mumkin bo‘ladi.

Xodorkovskiy, prezidentlikdan ketayotgan Medvedev gubernatorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov orqali saylanishiga izn berish va‘dasidan chiqib, yangi prezident bu va‘adalarni bekor qilmasa, buning imkoni paydo bo‘lishiga ishonishini yozdi.

Shuningdek, Mixail Xodorkovskiy Putin komandasidagi "uning har doim ham haq emasligini tushunuvchi nufuzli shaxslar potentsialidan foydalanish"ga chaqiradi. Bunday shaxslar sifatida, Xodorkovsiky sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrinni misol qilib keltiradi.

2003 yilda YuKOS shirkati tortib olinib, o‘zi qamoqqa tashlanguniga qadar Rossiyaning eng badavlat kishisi bo‘lgan Mixail Xodorkovskiy o‘z maqolasini bugun mamlakatda vujudga kelgan vaziyat bu vazifalarni amalga oshirish imkoni borasida nekbin bo‘lishga asos bo‘lishi to‘g‘risidagi xulosa bilan yakunalaydi.

“Muvaffaqiyat uchun imkon bor ekan, harakat qilish kerak”, deb nuqta qo‘yadi o‘z fikriga Xodorkovskiy.
XS
SM
MD
LG