Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:14

Oqsoqol Toshkandiy, talaba va sirjant Prmatning maktublari


Bu safar Televizorda ko‘zimiz tushib qolgan ijtimoiy reklama hayolimizga uchirib kelgan o‘ylar bilan cheklanishga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.

Xotin-qizlar bayramining tashvishlari bilan bo‘lib bu gal televizor ko‘rishni qisqa qildik.

Bayram shukuhi ufurib turgan ayollar jamoli televizordan, u (televizor) qanchalik rangin, qanchalik raqamli bo‘lmasin, jozibaliroqdir.

Lekin ayollarning shahlo ko‘zlari bayram quvonchiga qanchalik to‘lmasin ish ishdir. Shuning uchun ular ko‘zlarini bir zumga olib qochgan lahzada aytib olishga ulguradigan gaplarimiz bor.

Gapki, O‘zTVda vaqti-vaqti bilan ko‘rsatiladigan bir ijtimoiy reklamaga bog‘liq.
Mana o‘sha reklamaning kalit so‘zlari: Toshkent. Metro. Ayvon. Yo‘lovchilar. Militsiya xodimi. Sumkali yigit. Oqsoqol.




Reklamani ko‘rib bo‘ldik.

Xo‘sh, mazkur ijtimoiy rolik personajlari: militsiya xodimi, sumkali yigit va oqsoqol o‘zlari ishtirok etgan syujetni qanday eslagan, uni qanday sharhlagan bo‘lardilar?

Biz shu savol javobiga qiziqib uchchalovi nomidan uchta xat bitdik.

Militsiya xodimi xatni Rossiyada ishlab yurgan do‘stiga, sumkali yigit Ozodlik radiosiga, oqsoqol esa “maktubini” O‘zTVga “yozdi”.

Diqqat: maktublar personajlarimizning bizning tasavvurimizdagi potentsial imkoniyatlaridan kelib chiqib ataylab yo‘l qo‘yilgan xatolar bilan yozildi.

Shunday qilib, maktub raqam 1. Oqsoqol Toshkandiyning O‘zTVga yozgan xati

Assalomu alaykum, ho‘rmatli redaksa!

Bu man, sila ko‘rsatvotkan reklamadagi oqsoqol Oqsoqol Toshkandiyman.

Ha, otim Oqsoqol. Dodamgila yaxshi niyat bilan kotta bo‘ganda mahallaga oqsoqol bo‘sin deb otimmi Oqsoqol qo‘yganla, xo‘mmi.

Mani Toshkanda tanimagan odam yo‘. Tinib tinchimiymande. Reklameylaga tushib qolishim sababiyam shundande. Metroga tushib ketvossam haligi yigit so‘mkasini ko‘rsatmey tixirlik qipturganakan, ettimde, hoy bola ko‘rsat, dip. Kamerayla borligi bo‘ldide, bo‘masa ko‘rsatib qo‘yardim ko‘rsatmasliyni yaramasga, xo‘mmi.

Melisa bolayam sag‘al bo‘shangrog‘mi, hech bunaqasini ko‘rmovdim, agar man bo‘masam, yaramassi so‘mkasini tepshirmey o‘tkazvoradigan. Kim biladi yana, balki uyam kamereyladan tortindimi? Ha tortindiyov, yo‘g‘asa uyam tortardi yigitti xonasiga. To‘g‘ride, tortsinde. Tortiiib tortvormeydimi, yaramassi.

Operatoriyla reklamasini torttiyu ketip qoldi, bir-ikkita gaplarim boriydi bo‘g‘zimda qopketuvrdi. Bomba tekshiradigan tayoqlani metroni melisasiginamas, boshqa joyladagi melislagayam berish kere, shuni aytib qo‘y kottalaga bolam, dimoqchiydim.

Axir kim ko‘p g‘alamis, ko‘romagan ko‘p, xo‘mmi?

Toshkanda nima ko‘p bozor ko‘p. Lokigin bozorlani kirovrishida so‘mkadan bomba izlagan melisaga ko‘zim tushmadi. G‘alamislani bozorri portlatmiydi, dep kim kapolat beradi?

Yoinki machitlani oling. Axir yaramas islomchi voxobiyxizbchila machitta bo‘ladimi? Bo‘miydi dingchi? Diyomiysiz, xo‘mmi?

Umuman, manga qosa, shahar bo‘yincha bomba izlagichlani o‘rischa aytganda sistematniy qo‘yish kere. Misol uchun har bir svetofor tegiga bittadan. O‘shanda har bir chorrahada to‘rttadan bomba izlagich bo‘ladi.

Bu birinchi ochiritta qilinishi kere bo‘gan ishla.

Ana undan kiyin Toshkantdni eski devorlarini qayta tiklab, tunda darvozalarini yopib qo‘yadirg‘on qilish kere, xo‘mmi.

Axir o‘ziylani peredachila bo‘lardiyu shahar bedarvozamas, digan.

Men endi ayttim qo‘ydimda, yana o‘ziyla bilasila, dip Oqsoqol Toshkandiyman.

Xatimmi epirdan o‘qiseyla otimmi aytmiy qo‘yovriyla, quda-andali odamman, odam uyaladi, qolovursa, kottalaga tanqt bo‘p eshitilmasin diymanda xo‘mmi.


Maktub raqam 2. Sumkali yigitning Ozodlik radiosiga maktubi

Assalomu alaykum, Ozodlik tahririyati!

Meni sizlarga murojaat qilishga kuni kecha Toshkent metrosida yuz bergan va tafsilotlari tasvirga tushirilib O‘zTVda kunda-kunora namoyish qilinayotgan voqea majbur qildi.

Metroga kirib ketayotsam militsiya xodimi to‘xtatdi. To‘g‘risi, deyarli har kuni to‘xtatadi. Har kuni tushaman metroga, har kuni to‘xtatadi. Bu gal qo‘lida tayog‘iyam bor edi. Bomba tekshiradigan. Shunisi menga yoqmadi. Axir nima uchun e yo‘q, be yo‘q, menda – shu metroga har kuni tushadigan, ko‘rinishidan tuzukkina tarbiya ko‘rgan bir talabada bomba bo‘lishi kerak.

To‘xtatishni boshlagan edi, birdan ichimda isyon paydo bo‘ldi. Yaxshiyam, bir oqsoqol kelib qoldi, aralashdi, bo‘lmasa nima bo‘lardi – bilmadim.

To‘g‘ri, xavfsizlikni o‘ylash kerak, uni ta‘minlash kerak. Tushunaman. Terror xavfi bo‘lsa – bordir. Lekin nima uchun ho‘o‘v Kavkazi bilan urushayotgan Rossiyada portlash bo‘lsa, Toshkentdayam xavfsizlik choralarini kuchaytirish kerak? Axir kindigimiz kesilganiga 20 yil bo‘ldi-yu!

Bunisiyam mayli. Xo‘p, metrogaku kiritishmabdi bombachini. Lekin agar qasd qilgan bo‘lsa, boshqa yerdayam portlataveradiyu!

Agar terrorchini to‘xtatib qolish metrodagi militsiya xodimining qo‘lidan keladigan ish bo‘lsa, o‘n minglab snbchilar nima ish qilishayapti? Snbchilarning yuz minglab xufya agentlari nima ish qilishyapti?

Adamgilarning zamonida xavfsizlik xizmatlari xodimlarini “ko‘rinmas front jangchilari” deyishardi ekan. Bugungi snbchilar jang qilmay qo‘yganmi? Jang metroning militsiyasiga qolganu metro jang maydonimi?

O‘lay agar, tushunmayapman?!

Lug‘atga qarasam, “terror” so‘zi “qo‘rqinch”, “dahshat” degan ma‘nolarni berar ekan.

Menga o‘xshagan yo‘lovchilardan bomba izlayverishdan, hadeb metro poyezdlarida yo‘lovchilarni hushyorlikka chaqiraverishdan maqsad xalqni o‘sha qo‘rqinchda, dahshatda ushlab turish emasmikan, degan o‘ylarga boraman.

Yana bilmadim. Balki adashayotgandirman. Iltimos, agar xatimni efirdan o‘qib eshittirsangizlar ismimni aytmanglar.

Ha, aytgancha, ismimni aytganim ham yo‘q-ku!


Maktub raqam 3. Militsiya xodimining Rossiyadagi mardikor do‘stiga xati

Ushbu yozgan xatm yetib malim bo‘sinki, Rassiya dgan bepayan shaharda qurilishlardi qurib chappar urib yurg‘an alpomish jo‘ram Choriga deb yozyappan.

Jo‘ra qalaysan, dmog‘lar chog‘ma. Qishlaqqa qachan borayin deb pilon qilopsan. Borsen mengayam ayt birga birga borip biir ko‘pkari chopayiq.

Mendan so‘rasen jo‘ra yaxshiman. Yurippan do‘vlat berip qo‘yg‘an kaltakti ko‘tariip. Ishimmi bilasan. Bir kun ko‘praq. Bir kun chap kissayam to‘lmiy qoladi.

Ha aytgancha, boynagi kuni bir tirriq borzet qildi. So‘mkangi ko‘rsat, ichida bo‘mba borma yo‘qma ko‘rib qo‘yayin dsam, borzet qip betini teskari qilopti. Shu o‘risim chiqti, shu o‘risim chiqti, ukaardi xonaga tortip tortiiip tortvorey dedimu kameri boriydida. Kamersigayam qaramasiydimu bir oqsoqol aralashib qoldi. Shu qo‘ldi qichig‘ini bosolmay qoganim chataq bo‘ldida jo‘ra. Omalekin qo‘ldi qichig‘i bosilmaganiminan ko‘zdi qichig‘ini bosp turippan. Meni tilvuzurdan har kuni ko‘rsatishopti.

Xdo xolasa qo‘ldi qichig‘iniyam ertagayoq bosvolaman. Do‘vlat berip qo‘yg‘an kaltak minan borziylardi xonaga apkrisham oson bo‘pqogan.

Mayli jo‘ra yozip tur. Puldi ko‘paytrovr. Nachalniy blan gaplashib qo‘yganman. Xdo xolasa brga brga ishleymiz.

Salomim blan jo‘rang sirjant prmat.

***

Xavfsizlikni ta‘minlash mavzuida O‘zTVda vaqti-vaqti bilan namoyish qilib turiladigan ijtimoiy reklama qahramonlari nomidan o‘zimiz bitgan maktublarni o‘qib eshittirdik.

Uchta xat o‘qidik.

Bitta xat – rolik mualliflari xati qoldi. Uni yozishni, aziz tinglovchi, Sizga qoldirdik.

Yozing, e‘lon qilamiz.
XS
SM
MD
LG