Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:30

Yemagan somsaning puli


O‘zbekistonning turli hududlarida tabiiy gaz uchun aholidan asossiz ravishda pul undirish holatlari ko‘paymoqda.

Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan shikoyatlar shundan dalolat bermoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri 21-mikrorayon, 8a-uy, 11-xonadonda yashovchi Sh.Jumanazarova 2010 yil yanvar oyidan tabiiy gazdan foydalanishni butkul to‘xtatgan, gaz idorasini bu haqda yozma ravishda xabardor ham qilgan. Lekin uning hisobiga 2012 yilning yanvarigacha aslida foydalanilmagan tabiiy gaz uchun 568 ming so‘m qarz yozilgan.

Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi S.Jdanovaga 1 million 37 ming so‘m asossiz qarz hisoblangan, buning ustiga, xonadon gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida istiqomat qiluvchi M.To‘rayeva oylik maoshidan
tabiiy gaz uchun to‘lovni muntazam o‘tkazib kelganiga qaramay, uning hisobiga 608 ming so‘m qarz yozilgan.

Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish idorasiga ko‘ra, tekshiruvdan keyin fuqaro M.To‘rayeva qarzdor emas, aksincha, 492 ming so‘m haqdor ekani aniqlangan.

Xorazm viloyati Xiva tumani Nayman ko‘chasi 87-a uyda yashovchi Sharofat Abdug‘afforova ham asossiz qarzdan jabr ko‘rgan. Foydalanilmagan gaz ro‘kach qilinib, fuqaro 1 million 360 ming so‘mga tushirilgan.

Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, Buxoro viloyati Fijduvon tumani Mazragan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ibragim Baratov tabiiy gaz haqini muntazam to‘lab kelsa-da, uning bo‘yniga gaz idorasi nazoratchisi tomonidan 230 ming so‘m qarz ilingan, xonadoni esa gaz ta‘minotidan uzib qo‘yilgan.

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Paxtakor ko‘chasi 74-uyda yashovchi Ismatilla Qosimov hisobiga asossiz ravishda 1 million 430 mingdan oshiqroq qarz yozilgan.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani “Turkiston” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Turg‘unmirza Toshboyev gaz nozirlari aybi bilan 570 ming so‘mga tushgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 18 aprelidagi “Aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, iste‘molchi kommunal xizmat haqini avvaldan to‘lab qo‘ysa, tarif oshgan taqdirda ham qo‘shimcha to‘lovdan ozod etiladi. Lekin gaz ta‘minoti korxonalari fuqarolarning mazkur tartibni bilmasligidan foydalanib, qo‘shimcha haq undirishga harakat qilishi aytiladi. Masalan, Toshkent shahri Hamza tumani M.Riyoziy ko‘chasi 8 uyda istiqomat qiluvchi A.Xorina bir yillik gaz uchun oldindan haq to‘lagan, ammo tuman gaz idorasi tarif oshganini bahona qilib, fuqaroga qo‘shimcha 94 ming 250 so‘m qarz yozgan.

Bu borada yana bir talay misollar keltirish mumkin. Tahlillarga ko‘ra, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga yozma va og‘zaki tarzda tushayotgan shikoyatlarning 30-35 foizi kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz qarzlarga oiddir.

Toshkent shahri Mirobod tumani gaz idorasi xodimi asossiz qarzlar fuqarolardan kelib tushgan to‘lovlarning o‘z vaqtida kompyuter bazasiga kiritilmagani sababli yuzaga kelishini aytadi. Gaz idorasidagi anglashilmovchilik vajidan yemagan somsaga pul to‘lagan jabrdiydalardan biri bu o‘rinda gap faqat loqaydlik haqida bormayotganini urg‘ulaydi. U gaz idorasi nazoratchilari ba‘zida “Bilsa – hazil, bilmasa – chin” qabilida fuqarolar hisobiga atayin qarz yozib qo‘yishini taxmin qiladi. Iste‘molchi kommunal xizmat korxonalari xizmatchilarining qo‘pol muomalasidan ham arzlanadi.

- Elektr, gaz, issiq suv, isitish tizimi uchun pul yig‘adigan ishchilarga oldin odamlar bilan muomala qilishni o‘rgatish kerak, - deydi u.

“Fuqarolar hisobiga asossiz qarz yozgan nazoratchilarga yetarli chora ko‘rilmayotir”, deb hisoblaydi iste‘molchilar.

- Elektr yo gazdan qarzdor fuqarolar televideniyeda ko‘rsatiladi, sharmandasi chiqariladi. O‘z vazifasini vijdonan bajarmay, aholini yo‘q joydan qarzdor qilib qo‘yayotgan nazoratchilar ham televideniye orqali ko‘rsatilsin. Ana shunda adolat bo‘ladi! – deydi o‘z nomini oshkor qilishni istamagan jabrdiydalardan biri.

Darhaqiqat, O‘zbekiston viloyatlarida kommunal to‘lovlardan qarzdor oilalarni mahalliy televideniye orqali nomma-nom sanab, izza qilish holatlari ko‘p bora kuzatilgan.

Mamlakatning turli hududlarida fuqarolarga maosh berish payti kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘qligini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma talab qilish holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, ish haqi, hatto bolalar nafaqa pulidan kommunal to‘lovlarga majburiy ushlab qolish ham horiqulodda holat hisoblanmaydi.
XS
SM
MD
LG