Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:38

Afg‘onlarni otgan AQSh askari qayerda sud qilinadi?


11 mart kuni Qandahordagi AQSh askarining 16 nafar afg‘onistonlikni otib o‘ldirgani ham Afg‘oniston ichkarisi¸ ham xorijda muhokamalar markazida qolmoqda.

Afg‘on parlamenti deputatlari Vashington rahbariyatidan oddiy afg‘onistonliklarni otib o‘ldirgan Amerika askarini mahalliy jamoatchilik oldida sud qilishni talab qilmoqda.

Ammo voqealar rivoji bunday talab qondirilishining ehtimoldan yiroqligini ko‘rsatmoqda. 14 mart kuni qotillik sodir etgan AQSh askari tergov uchun AQShning Kuveytdagi bazasiga olib ketildi.

Hozirda qadar boshqa mamlakat hududida jinoyat sodir etgan Amerika harbiylarining aksari faqat o‘z harbiy sudida javobgarlikka tortilmoqda va mutaxassislar fikricha¸ bunday amaliyotning yaqin kelajakda o‘zgarishini kutish asossizdir.

AQSh harbiy sudlov tizimi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri Amerikadagi nufuzli Yyel (Yale) universitetining huquqshunoslik fakulteti mutaxassisi Yujin Fidelni suhbatga tortdi.

Ozodlik: Afg‘on siyosatchilari va oddiy aholi 16 odamni otib o‘ldirgan Amerika askarining Afg‘oniston adliya tizimiga muvofiq jazolanishini talab qilmoqdalar. Sizningcha¸ bu amalga oshadigan talabmi?

Yujin Fidel: Bunday talabning amalga ko‘chish ehtimoli nolga teng. AQSh va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasida mavjud kelishuvga ko‘ra¸ mamlakatdagi Amerika harbiylari Diplomatik aloqalarga oid Vena konventsiyasi asosida AQSh elchixonasining ma‘muriy va texnikaviy xodimlari maqomidadirlar. Bu kelishuvga ko‘ra¸ Afg‘on hukumati AQSh harbiylarining hatti-harakatlarini jinoiy javobgarlikka tortish huquqidan mahrum.

Ozodlik: AQSh harbiylari hozirda dunyoning 150 davlatida joylashgan. Ularning barchasi Afg‘onistondagi kabi daxlsizlik maqomiga egami?

Fidel: Bunday maqomga oid kelishuvlar u yoki bu mamlakatning AQSh bilan munosabatlari darajasiga qarab farqlanadi. Masalan¸ Okinavadagi AQSh harbiylari bilan bog‘liq zo‘rlash voqealari ko‘payganidan so‘ng¸bunday jinoyatni jazolash Yaponiya yurisprudentsiyasi vakolatiga o‘tdi va hozirga qadar bu yerda qator Amerika harbiylari sudga tortildi va ular yapon qamoqxonalarining alohida qismida jazo muddatini o‘tamoqda. Kelishuvlar davlatdan davlatga farqlansa-da¸ AQSh qayerdaki bo‘lmasin¸ o‘z harbiylari amalga oshirgan jinoyatlarni o‘z harbiy adliya tizimida sud qilish haqqini saqlab qolishga maksimum harakat qiladi.

Ozodlik: AQSh harbiylari xorijda hukumatlar o‘rtasida maxsus kelishuv tuzishni taqozo qiladigan darajada ko‘p jinoyat sodir etadilarmi?

Fidel: Bu yerda gap sonda emas. Hatto birgina askar jinoyat qilgan taqdirda ham¸ agar jinoyat sodir etilgan davlat adliya tizimi ishonchga loyiq bo‘lmasa¸ bu AQSh uchun o‘ta jiddiy muammodir. Masalan¸ Afg‘oniston adliya tizimi¸ ochiq aytadigan bo‘lsak¸ bunday ishonch qozonishdan hali ancha uzoq. yoxud¸ birgina jinoyat o‘ta kuchli hissiyotlarni tug‘dirgani bois¸ uni adolatli sud qila olmaydigan davlatlar bor. Shu bois¸ AQShning o‘z harbiy xizmatchilarini xorij davlatlarida sud qilinishi ehtimolidan jiddiy tashvishlanishini tushunish qiyin emas.

Ozodlik: AQSh xorijda joylashgan o‘z harbiylari uchun daxlsizlik maqomini talab qilib kelayotgan yagona davlatmi yoxud boshqa hukumatlar ham ayni ishni qilayotirmi?

Fidel: Menimcha bu o‘z qo‘shinlarini xorij davlatlari tuprog‘iga yuboradigan mamlakatlarning barchasi uchun umumiy tajribadir.

Ozodlik: Afg‘onistonda 11 mart kuni 16 odamni otib o‘ldirgan Amerika askari shaxsiyati hozircha oshkor qilinmadi. Ammo uning Afg‘onistondan avval uzoq muddat Iroqda xizmat qilgani va yaqinda boshidan jarohat olganidan xabarimiz bor. Jinoyat sodir etgan askarning uzoq vaqt urush hududlarida xizmat qilgani va jarohatlangani AQSh harbiy mahkamasi tayinlaydigan jazoning yumshatilishiga asos bo‘la oladimi?

Fidel: Ha¸ ammo bu yerda juda ko‘p omillar bor. Masalan¸ AQSh harbiy doktrinasida “harbiy xizmatni yaxshi o‘tash”¸ degan qoida bor. Bunday qoida ham jazo yumshatilishiga yordam berishi mumkin. Urush davomida ruhiy yoki jismoniy jarohat olish hollari ham hakamlarning jinoyatchiga maksimum jazo tayinlashiga imkon qoldirmasligi mumkin.
XS
SM
MD
LG