Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:48

Byudjetning o‘ndan biri armiyaga sarflanmoqda


Britaniyadagi mustaqil tadqiqot markaziga ko‘ra¸ O‘zbekiston harbiy xarajatlar uchun yiliga kamida 1 milliard 400 million AQSh dollari sarflamoqda.

Markazi Londonda joylashgan Xalqaro Strategik tadqiqotlar institutining jahon davlatlaridagi harbiy xarajatlar miqdoriga bag‘ishlangan yangi hisobotida ana shunday raqam keltirildi.

O‘zbekiston hukumati hozirga qadar mamlakat byudjetining aynan qancha qismi qurolli kuchlarga sarflanishi haqidagi ma‘lumotni jamoatchilikdan sir tutib kelmoqda.

“2012 yilgi harbiy xarajatlar” deb nomlangan yillik hisobotga ko‘ra¸ O‘zbekistonning harbiy xarajatlari qo‘shni Qirg‘izistonga nisbatan 45 barobar, Tojikistonga nisbatan esa 20 barobar ko‘pdir.

Global xavfsizlik bo‘yicha jahondagi yetakchi tadqiqot markazlaridan hisoblangan London Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti hisob-kitobicha¸ O‘zbekiston qurolli kuchlari safida 50 ming harbiy xizmat qilmoqda.

Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 65 mingni¸ Qirg‘iziston va Turkmanistonda 20 ming nafarni¸ mintaqada eng kichik armiyaga ega Tojikistonda esa¸ 16 ming harbiyni tashkil etadi.

Markaziy Osiyodagi qurolli kuchlar harbiy-texnikaviy jihozlanishi manzarasiga oydinlik kiritishga uringan London Xalqaro strategik tadqiqotlar institutiga ko‘ra¸ bugungi kunda O‘zbekistonda 700 BTR¸ 340 dona tank¸ 135 qiruvchi uchqich va 500 zambarak to‘pi bor. Mintaqada eng qudratli armiyaga ega Qozog‘istonda 2210 dona BTR¸ 980 dona tank va 278 dona qiruvchi uchqich bor.

Dunyoning 170 dan ortiq davlatining harbiy xarajatlariga doir ushbu hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi harbiy xarajatlari eng katta davlatlar va Toshkent va Ostona yiliga harbiy maqsadlarga 1¸5 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflamoqda.

Global xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi Global Security tashkiloti hisobi London markazinikidan bir oz farq qiladi. Amerikaliklar hisobicha¸ 2011 yilda Qozog‘iston harbiy maqsadlarga 1 milliard 638 million dollar¸ O‘zbekiston esa¸ 1 milliard 567 million AQSh dollari sarflagan.

Mustaqilikka erishganidan beri O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa maqsadlariga deyarli bir xil miqdorda mablag‘ sarflamoqda¸ ammo bu mablag‘ning mamlakat yalpi ichki mahsuloti nisbatiga qaralsa¸ oradagi tavofut juda kattadir¸ deydi rossiyalik harbiy tahlilchi¸ mudofaa masalalarini yorituvchi “Krasnaya zvezda” gazetasi muharriri Vladimir Muxin Ozodlik bilan suhbatda.

- Qozog‘iston iqtisodi O‘zbekistonnikiga solishtirganda ancha yaxshi va kattadir. Agar Qozog‘istondagi yalpi ichki mahsulot hajmini O‘zbekistonnikiga solishtirsangiz¸ u bir necha marta kattadir. Ammo harbiy xarajatlar miqdori deyarli bir xil. Bu esa¸ O‘zbekiston o‘z iqtisodi qurbiga nisbatan harbiy maqsadlarga Qozog‘istondan ko‘ra bir necha baravar ko‘p mablag‘ sarflamoqda¸ demakdir¸ deydi rossiyalik harbiy tahlilchi.

2011 yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘istondagi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi 182 milliard AQSh dollarini tashkil etadi va bu mamlakat YaIM miqdori jihatdan dunyoda 55 o‘rinda turadi. Qozog‘iston hukumati harbiy xarajatlarga sarflayotgan 1 milliard 638 million dollar YaIMning 0¸9 foiziga teng.

Mustaqil manbalar¸ 2011 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 78 milliard atrofida bo‘lgani va dunyo bo‘yicha YaIM bo‘yicha 77 o‘rinda ekani¸ ayni paytda yillik harbiy xarajatlar YaIM hajmining 2 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etishini aytadilar.

O‘zbekiston hukumatini 14 milliard deb taxmin etiladigan mamlakat yillik byudjetining o‘ndan birini harbiy maqsadlarga sarflashga majbur qilayotgan omil¸ tashqi emas¸ asosan ichki tahdiddir¸ deydi rossiyalik harbiy tahlilchi Vladimir Muxin.

- Birinchidan¸ O‘zbekiston mintaqadagi aholisi eng ko‘p davlat va bu yerda milliy nizo chiqish ehtimoli hamisha mavjud. Ikkinchidan¸ aholi va hukumat o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib bormoqda. Va uchinchidan¸ aholi turmush tarzining pasayishi oqibatida radikal kayfiyat kuch yig‘moqda. Bu ehtimoliy portlashlarni nazoratda ushlash uchun Karimovga nihoyatda katta va kuchli repressiv apparat lozim. Bu mashina ishlab turishi uchun nihoyatda katta pul sarflash kerak va sarflanmoqda ham. Bundan keyin bu xarajatlar oshsa oshadiki¸ kamaymaydi¸ deydi Vladimir Muxin.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston hukumatidan harbiy xarajatlarni oshirishni taqozo qilayotgan tashqi omil¸ shubhasiz¸ Afg‘onistondagi beqarorlikdir.

2014 yil oxiriga qadar AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketsa¸ O‘zbekiston Afg‘onistondan kelayotgan diniy radikalizm va narkotiklar kontrabandasi tahdidi oldida yakkama-yakka qoladi va bu tashqi tahdid mamlakat harbiy xarajatlari yanada oshishini anglatadi¸ deydi rossiyalik harbiy tahlilchi Vladimir Muxin.
XS
SM
MD
LG