Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:12

Isroil va eronliklar Facebookda do‘stlashmoqda


Eron va Isroil hukumatlarining bir-birilarini ko‘rishga ko‘zi yo‘qligini hamma biladi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi faol eronlik va isroilliklar bugun qolgan dunyoga¸ o‘z siyosatchilaridan farqli¸ bir-birlari bilan yaxshigina til topishishlari mumkinligini ko‘rsatmoqdalar.

Isroil va Eron hukumatlari urush nog‘oralarini chalib¸ kundan-kunga dushmanona bayonotlar hovurini oshirib borayotgan ayni kunlarda isroillik juftlik Internetda eronliklar bilan tinchlik kampaniyasi boshladi. Kun sayin bu tashabbusni qo‘llayotgan eronliklar soni oshmoqda.

41 yashar grafik dizayner Ronni Edri va uning 36 yashar jufti Mixal Tamir o‘tgan hafta bolalari bilan tushgan suratlarini Facebook sahifasiga qo‘ydilar va uning ostiga “Eronliklar¸ biz sizni sevamiz va sizning vataningizni bombalashni istamaymiz”¸ deb yozib qo‘yishdi.

“Butun Eron xalqiga¸ barcha otalar¸ onalar¸ bolalar¸ akalar va opalarga! Oramizda urush bo‘lishi uchun¸ birinchi navbatda¸ biz bir-birimizdan qo‘rqishimiz¸ bir-birimizdan nafrat qilishimiz shart. Men sizlardan qo‘rqmayman. Men sizlardan nafrat qilmayman. Men sizlarni hatto bilmayman ham. Shu paytgacha menga biror eronlik ozor bergani yo‘q"¸ deb yozdi Edri o‘z Facebook sahifasida.

“Televizor ekranida qandaydir eronlik chiqib urush haqida gapirganini ko‘rsam¸ men uning butun Eron xalqi nomidan gapirmayotganiga ishonaman. Agar siz ham televizoringizda chiqib Eronni bombalash haqida gapirayotgan isroillikni ko‘rsangiz¸ bu odamning butun Isroil xalqi nomidan gapirmayotganiga ishoning. Agar kimdir bu ahvoldan uyalayotgan bo‘lsa¸ marhamat qilib¸ mening mujdamni boshqalarga¸ xususan Eron xalqiga yetkazsin”¸ deb yozdi Edri.

Ozodlik bilan suhbatda isroillik juftlik o‘z niyatlari Internetda o‘ziga xos boks maydonchasi tashkil qilish¸ faqat bu ringda isroillik va eronliklarni bir-biri bilan urishtirish o‘rniga¸ ularni ikkala qo‘llarini o‘zaro salomlashish¸ do‘stlashishga cho‘zishga rag‘batlantirish ekanini aytadilar.

Sanoqli soatlar ichida eronliklar ichidan bunday niyatga qo‘shiluvchilar topildi va ular mujdalarini o‘qib yig‘lab yubordim¸ deydi Tamir.

- Keyingi 24 soat ichida Eron ichkarisidagi eronliklar Facebookdagi sahifalariga ba‘zilari o‘z suratlari¸ ba‘zilari oynadagi akslari bilan chiqib¸ “Isroilliklar¸ biz sizning vataningizni hech qachon bombalamaymiz¸ biz sizni sevamiz”¸ deb yozdilar¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Tamir.

Eron ichkarisidagi Facebook foydalanuvchilari o‘z shaxslarini ochiqlab¸ isroilliklarga muhabbatlarini ochiq izhor qilsalar¸ maxsus xizmatlar ularni osongina Isroil josusligida ayblab¸ qamoqqa tiqishi mumkin. Eron Isroil davlatini hozirga qadar rasman tan olgan emas va eronliklarning Isroilga sayohat qilishi rasman taqiqlangan.

Isroillik juflik eronliklarning ijobiy munosabatidan ruhlanib¸ Facebookda “Isroil Eronni sevadi” degan maxsus sahifa ochishdi¸ maxsus blogni yo‘lga qo‘yishdi va o‘z xavfsizligidan cho‘chib shaxsiyatini oshkor qilmayotgan oddiy eronliklar bilan elektron maktub yozishishni boshlab yuborishdi.

Siyosatchilar va ular o‘rnatgan to‘siqlarni chetlab qilinayotgan bu yozishmalar oddiy eronlik va isroilliklar o‘rtasiga hukumatlar qo‘ygan devorni o‘rtadan ko‘tarmoqda¸ deydi Mixal Tamir.

Endilikda isroillik juftlik mablag‘ yig‘ib bu kampaniyani ijtimoiy tarmoqlardan kengroq jamoatchilik e‘tiboriga olib chiqish uchun ko‘cha-ko‘ylardagi panno va shiorlarga ko‘chirish niyatida.

Edri sekin-asta oddiy xalq istagi qaror beruvchi siyosatchilar zehniyatiga ham ta‘sir ko‘rsatishiga umid qilmoqda.

- Siyosatchilarimiz tafakkurini o‘zgartirish xalq sifatida bizning zimmamizda. Shu bois biz o‘z talabimizni baralla aytishimiz lozim. Yillar davomida biz ochiq gapirishdan qo‘rqib keldik. Siyosatchilarimiz eronliklar bizni bombalamoqchi¸ urush qilmasak bo‘lmaydi¸ desa biz qo‘rqqanimizdan sasimizni chiqarmay¸ qarab turaverdik. Bugun biz urush istamaymiz¸ eronlik va isroilliklarning bir-biriga kin va g‘animligi yo‘q¸ deb baralla aytishimiz kerak¸ deydi Edri.
XS
SM
MD
LG