Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:16

O‘zbekistonda aroqfurushlardan ruxsatnoma so‘raladi


O‘zbekistondagi kafe, restoran va boshqa umumiy ovqatlanish joylarining egalarida bundan buyon alkogolli ichimlik sotish uchun maxsus ruxsatnoma olishlari kerak bo‘ladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 28 mart kuni imzolangan 89-qarorida aytilgan.

Alkogolli mahsulotlar sotishga huquq beruvchi bunday guvohnomalar uchun oyiga eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida yig‘im olinishi ko‘zda tutilgan. Agar hozirgi kunda O‘zbekistonda eng kam ish haqi miqdori 62920 so‘m ekani e‘tiborga olinsa, bundan buyon aroq sotuvchilar davlatga 314600 so‘m yoki rasmiy kurs bilan 170 AQSh dollari (“qora bozor” kursi bilan esa $112) miqdorida qo‘shimcha pul to‘lashi kerak bo‘ladi.

Umumiy ovqatlanish joylarida aroq sotish uchun ruxsatnoma mazkur muassasa egalari arizasida ko‘rsatilgan muddatga berilishi, biroq bu muddat 2 yildan oshmasligi belgilab qo‘yilgan.

Ruxsatnomalar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahri va viloyat hokimiyatlari qoshidagi maxsus komissiyalar tomonidan beriladi. Buning uchun komissiyaga ariza, davlat qaydidan o‘tganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, ustav jamg‘armasi borligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, umumiy ovqatlanish ob‘ekti borligini (kafe-restoran egasining o‘z joyi yoki ijaraga olingan joy) tasdiqlovchi hujjat nusxasi, soliq xizmatidan ma‘lumotnoma, hisob-kitob terminali borligi haqida bankdan olingan ma‘lumotnoma, arizada ko‘rsatilgan muddatga muvofiq ravishda ruxsatnoma uchun pul to‘langani haqidagi bank hujjati nusxasi kabi yettita hujjat topshiriladi.

Mazkur komissiya alkogolli mahsulot bilan savdo qilish tartib-qoidalariga nechog‘li rioya qilinayotganini ham nazorat qiladi. Agar bunga doir qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, komissiya ruxsatnomaning amal qilish muddatini 10 kungacha to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Agar umumiy ovqatlanish ob‘ekti tomonidan alkogolli ichimliklarni sotish tartib-qoidalarini buzishga oid kichik qonunbuzarliklar muntazam ravishda sodir etilsa yoki bir marta qo‘pol qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilsa, rusxatnomaning amal qilish muddati sud qarori bilan to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 7 apreldan boshlab O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste‘mol qilish bo‘yicha cheklovlar kuchga kiradi. Bu bo‘yicha o‘zbek deputatlari o‘tgan yili yoshi 20 gacha yetmagan shaxslarga tamaki va alkogolli ichimliklar sotmaslikni ko‘zda tutgan qonun loyihasini qabul qilgandilar.
XS
SM
MD
LG