Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:44

Suriyada zo‘ravonliklar davom etmoqda


Homs shahrining Qusur tumanidagi Suriya hukumatiga qarashli zirhli mashinalar, 2012 yil 9 aprel.
Homs shahrining Qusur tumanidagi Suriya hukumatiga qarashli zirhli mashinalar, 2012 yil 9 aprel.

BMT qo‘llab-quvvatlagan tinchlik rejasiga muvofiq 10 aprel kuni Suriya hukumati o‘z qo‘shinlarini isyonchi shaharlardan olib chiqishi kerakligiga qaramay, to‘qnashuvlar davom etmoqda.

BMT va Arab Ligasining maxsus vakili Kofi Annan Damashq rasmiylariga taklif qilgan tinchlik rejasiga muvofiq 10 aprel kuniga qadar Suriya hukumati shaharlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi kerak.

Shundan so‘ng tomonlar 48 soat davomida o‘t ochishni butunlay to‘xtatishi nazarda tutilgan.

Biroq suriyalik faollarga ko‘ra, hukumat kuchlari seshanba kuni Hama va Homs shaharlari mavzelarini to‘plardan o‘qqa tutgan.

Suriya shimolidagi Hassake shahridan olingan xabarga ko‘ra, noma‘lum qurolli shaxslar olti nafar hukumat askarini otib o‘ldirgan.

Ayni paytda, Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim 10 aprel kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida bazi mintaqalardan armiya qismlari olib chiqilgani va bir qancha mahbus qo‘yib borilganini ma‘lum qildi.

Damashq rasmiylari Kofi Annandan hukumat kuchlariga hujum qilayotgan qurolli guruhlar tinchlik rejasiga rioya qilishi to‘g‘risida yozma kafolat berilishini talab qilmoqda.

Valid Muallim Turkiyani suriyalik isyonchilarni qurollantirayotganlik va chegarani kesib o‘tishda yordam berayotganida aybladi.

- Kofi Annan men bilan telefon orqali so‘zlashganida o‘zining tinchlik dasturi Suriyadagi barcha qurolli guruhlarning qurolsizlanishini nazarda tutganini aytdi. Turkiya hududidan qurollar va janggarilar kirib kelishi davom etayotgan bo‘lsa, uni qanday amalga oshirish mumkin?”, - dedi Suriya Tashqi ishlar vaziri.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Xavfsizlik kengashi tasdiqlangan rejani bir tomon bajarmasligi, ikkinchi tomon uchun o‘z majburiyatini bajarmasligiga sabab bo‘lmasligi kerakligini urg‘uladi.

Lavrov Suriyada tinchlik rejasini amalga oshirish uchun barcha tomonni sa‘y harakat qilishga chaqirdi.

- Bugun biz muxolifatning barcha a‘zolarini, shuningdek, siyosiy, ayniqsa, qurolli muxolifatga ta‘siri bo‘lgan barcha davlatlarni Kofi Annan taklif qilgan rejaga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun ularga o‘z ta‘sirini ko‘rsatishga chaqiramiz, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Ayni paytda, 10 aprel kuni Pekinda so‘zlagan Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriyani “chegarani buzganlikda” aybladi.

Bir kun oldin Suriyadan o‘t ochilgani oqibatida Turkiya hududidagi bir necha suriyalik yaralangan. Ikki nafar suriyalik chegarani kesib o‘tishga uringan paytda halok bo‘lgan.

Turkiyadagi axborot agentliklari Turkiya hukumati bunga qarshi tegishli choralar ko‘rishini ma‘lum qildi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir 24 ming suriyalik urush harakatlaridan qochib Turkiya hududida xavfsiz boshpana topgan.
XS
SM
MD
LG