Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:07

"O‘zbek imomlari": Payg‘ambar maktabini o‘tagan marshal


Bu gal ham tafsirchi, tarjimon, adib, tabib bo‘lish bilan birga siyosat, jamoat arbobi hamda ilk o‘zbek marshali bo‘lgan Alixonto‘ra Sog‘uniy rukn qahramoni bo‘ldi.

“Turkiston qayg‘usi” eltgan og‘ir yo‘l


“O‘zbek imomlari” ruknida bir bor Alixonto‘ra Sog‘uniyning diniy faoliyati haqida berilgan lavhadan so‘ng tinglovchilardan bu kishining siyosiy faoliyati haqida ham ma‘lumot berish haqidagi so‘rovlar keldi.

Zero, Alixonto‘ra Sog‘uniy imom, tafsirchi va shuningdek, sovet O‘zbekistonida ilk bor payg‘ambar Muhammad alayhissalom tarixini yozgan adib, tabib, tarjimon bo‘lish bilan birga yirik siyosat, jamoat arbobi hamda ilk o‘zbek marshalidir.

Ayniqsa, Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” nomli asari o‘zbekistonlik ziyolilar orasida tanilgan asarlardan biri.

Alixonto‘ra Sog‘uniy hayotidagi siyosiy va harbiy faoliyati bilan bog‘liq muhim davr u kishining Shinjon-Uyg‘urda kechgan qariyb 15 yillik davrdir.

O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasidan iqtibos keltirgan bir necha o‘zbek tilidagi ijtimoiy saytlarda bu davr shunday ta‘riflangan:

“Chor ma‘muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun (A. Sog‘uniy — Tah.) podsho mahfiy politsiyasi ta‘qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni (mardikorlikka qarshi - Tah.) shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir o‘laroq Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi”.

1931 yilda Sharqiy Turkistonga o‘tgan Sog‘uniy uyg‘urlarning milliy-ozodlik harakatiga yetakchilik qilgan va u yerda tashkil etilgan ikkinchi mustaqil respublika — Sharqiy Turkiston inqilob respublikasining ilk prezidenti bo‘lgan.

A.Sog‘uniy Sharqiy Turkiston iqilob respublikasi ilk prezidentligiga saylangan vaqtda.
A.Sog‘uniy Sharqiy Turkiston iqilob respublikasi ilk prezidentligiga saylangan vaqtda.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning hozir Turkiyada istiqomat qilayotgan kenja o‘g‘li – Qutlug‘xon To‘ra otasining Sharqiy Turkistondagi faoliyati borasida tadqiqotlar olib borgan.

U yaqinda Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, shuningdek, “Tarixi Muhammadiy” asarini o‘zbek tilida Istanbulda chop ettirdi.


Alixonto‘ra Sog‘uniy Turkiston farzandidir


Qutlug‘xon To‘ra asli Shinjonda – Alixonto‘ra Sog‘uniyning Sharqiy Turkiston ozodligi uchun kurash olib borgan yillarida tug‘ilgan.

Biz u kishining suhbatga tortar ekanmiz, suhbatni Alixonto‘ra Sog‘uniyning Uyg‘uristonga qanday qilib borib qolgani haqidagi savoldan boshladik.

- U kishilar Turkiston farzandidir. Ularning nazdida bitta Turkiston bo‘lgan. Ya‘ni, hozirgi besh respublikadan iborat G‘arbiy Turkiston (Markaziy Osiyo respublikalari – Tah.) hamda Tyanshan tog‘ining u tomonida Xitoy idorasi ostidagi Sharqiy Turkiston bo‘lgan.

U kishi Sharqiy Turkistonga sovetlar ta‘qibidan qochib ketgan. Xabaringiz bo‘lsa, u kishi 10 yil qamoqqa hukm qilingan vaqtida Bishkek, avvalgi Pishpakka keltirilgan paytida yaxshi insonlar ko‘magida qochgan. U yerda xorijga chiqishning yagona yo‘li Qashqarga o‘tish edi.

U kishi Sharqiy Turkiston orqali Arabiston yoki Hindistonga ketishni niyat qilgan edilar. Ammo, sovet hukumatining bu mintaqada ham ta‘siri kuchli edi. Otamiz u yerda hibsga olindilar. Xitoy qamog‘iga solindilar. Qamoqdan chiqqach esa Sharqiy turkistonliklar orasidagi milliy-ozodlik harakatiga qo‘shildilar, - deya xotirlaydi Qutlug‘xon To‘ra.

1931 yildan to 1937 yilga qadar — Xitoy qamog‘iga olingunga qadar Sog‘uniy G‘ulja shahridagi mahalliy masjidlardan birida imomlik qilgan va Qur‘on qiroati hamda tafsiri bilan ham mahalliy aholi orasida tezda nom taratgan.

Tarixiy manbarlarda u kishining masjid qavmi bilan ko‘plab savol-javoblar o‘tkazgani va o‘sha kezlarda ham Xitoy hukumati hukmronligidan chiqish g‘oyasida yashagan uyg‘urlarga hurriyat g‘oyalarini emin-erkin targ‘ib qilgani bitilgan.

1937 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Sog‘uniy 1941 yilga kelib adliyaviy taftish natijasida ozod qilingani aytiladi.

Muhammad payg‘ambar harbiy maktabini o‘tagan marshal


Panjara ortidan chiqishi bilan u kishini yana uyg‘ur faollari qarshi oladi va yana kurash boshlanadi.

Mana shu kurash davrida dunyoga kelgan Qutlug‘xon To‘ra otasi va otasining yonida turib kurashgan akalarining hikoyalari asosida shakllangan xotiralarini shunday hikoya qiladi.

- Millatchi Xitoy bu harakatlarni bostirish uchun bir necha marta armiya tashlagan. O‘shanda otamiz butun Sharqiy Turkiston xalqini oyoqqa turg‘izib, jang maydoniga olib chiqqanlar. Buni “maydon muhorabasi” deydi. O‘sha muhorabada Xitoy armiyasiga qattiq zarbalar berib, buning natijasida harbiy mahorati uchun otamizga marshal unvoni berilgan ekan.

Ozodlik: Alixonto‘ra Sog‘uniy qayerdan o‘rgangan bu harbiy mahoratni? Yoshligida bunaqa harbiy mashg‘ulotni olishga, o‘rganishga sharoiti bo‘lmagandir u kishining?

- Endi dushmanlar uning hatti-harakatlarini ko‘rib, o‘sha vaqtlarda Usmonlilar imperiyasi ostida bo‘lgan Makkayu Madinada, turk harbiy maktabida o‘rganib kelgan, deb o‘ylashgan. Bundan tashqari, nemis harbiy maktabini o‘tagan, deb o‘ylashgan. Men ham xuddi siz kabi otamdan so‘raganman. Dadam kulganlar: “Men Muhammad payg‘ambarning harbiy maktabini bitirganman”, deb.

Keyinchalik men u kishining kitoblarning ustida ishlaganimda otamiz rahmatlining Sharqiy Turkistondagi harbiy taktikalarining ko‘pi o‘sha Islom dini endi oyoqqa turayotgan paytda qo‘llangan harbiy taktikaga juda o‘xshab ketishini ko‘rganman. U kishi maxsus bir harbiy ta‘lim olmaganlar.

Ozodlik: Endi u vaqtda Sharqiy Turkiston hukumati endi oyoqqa turayotgan bir payt edi. U kishiga marshal unvonini kim bergan?

- Endi, birinichidan, o‘sha hukumatning o‘zi bergan. 1945 yilda Xitoy armiyasiga juda katta zarba berilgan. 80 ming qo‘shinga 30 mingga yaqin aholi qarshi chiqqan va islom lashkarlari kuchi bilan yenggan. Juda katta harbiy o‘ljalar, asirlar olingan. Shuning uchun hukumat bu unvonni otamizga bergan. Endi, albatta, albatta, bu unvonning tan olishi ortida Moskva ham turgan. Moskva u vaqtda Sharqiy Turkistonga yashirin ravishda yordam berib turgan.

Ozodlik: Shu o‘rinda yana bir savol bermoqchi edim, "islom lashkarlari yordam bergan", dedingiz. Ular kimlar bo‘lgan, qayerdan kelgan?

A.Sog‘uniyning Sharqiy Turkistondagi janglarda qatnashgan uch o‘g‘li.
A.Sog‘uniyning Sharqiy Turkistondagi janglarda qatnashgan uch o‘g‘li.
- Endi shu dushman kelayapti, degan gapni eshitishi bilan otamiz ommaviy mobilizatsiya e‘lon qilganlar va buni Islom bayrog‘i ostida qilganlar. 7 yoshdan 70 yoshgacha qo‘lida qanday quroli bo‘lsa, hamma jangga chiqqan. Shuning uchun buni islom lashkari, deyishganda. Mening akalarim ham askar bo‘lgan. Uch akam okopda urushgan. G‘afforxon akam pokovnik, Asilxon akam mayor, Muhammadyorxon akam kapitan bo‘lgan. Yana ikki akam 13-14 yoshli ularni armiyaga olishmagan, men esa ona qornida bo‘lganman, - deya xotirlaydi Qutlug‘xon To‘ra.

Sharqiy Turkistondan qolgan nadomat


1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e‘lon qilinib, Alixonto‘ra Sog‘uniy muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylangan.

Ammo, 1946 yil iyunda u sobiq sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda Sharqiy Turkistondan Toshkentga olib kelingan va inqilob respublikasi 1949 yilda yana Xitoyga qo‘shib olingan.

Alixonto‘ra Sog‘uniy umrining oxirigacha Toshkentda yashab o‘tadi va bu davr haqidagi manbalarda u kishining Turkiston ozoligi uchun vatanidan yiroqda olib borgan kurashidan afsus chekkani haqida aytiladi.

Qutlug‘xon To‘raga shu haqda savol berdik.

- Yo‘q, u kishi afsuslangan emas. Otam rahmatli aytardilar: “Bunday ishga kirishgan odam oxirigacha g‘alabaga olib borishiga amin bo‘lgach kirishishi kerak edi. Men g‘alabaga amin edim, ammo Olloh buni menga nasib qilmadi. Minglab odam jangga kirib nobud bo‘ldi. Bu hurriyatga loyiq xalq edi, men shuni oxiriga yetkaza olmadim, deb ko‘zlariga ko‘p yosh olardilar.

Ozodlik: Aslida u kishining u yerda respublika tashkil qilishdan maqsadi nima edi? Markaziy Osiyoda tug‘ilib, u yoqlarga borib jonfido qilib, kurashishdan maqsad nima edi?

- "Nima bo‘lganda ham Sharqiy Turkiston xalqi Xitoyga assimilyatsiya bo‘lib ketishi mumkin. Mustaqil davlat bo‘lsa, o‘zi oyoqda qoladi. Mayli, Islomiy davlat emas, dunyoviy davlat bo‘lsa ham, sotsialistik lagerga o‘tsa ham mayli", derdilar. Bu millat mustaqil davlatga ega bo‘lib qolsin, derdilar. Aslida boshlang‘ich maqsad mustaqil islom respublikasi tashkil qilish edi. Ammo, oxirlariga borib, bu millatda bir mustaqil davlat bo‘lib qolsa ham mayli edi, deb qolgan edilar, - deya xotirlaydi Qutlug‘xon To‘ra.

Maoshsiz xizmat


Alixonto‘ra Sog‘uniy 1976 yilning 18 fevralida Toshkentda vafot etadi va Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etiladi.

A. Sog‘uniyning Toshkentda yashagan uyi joylashgan Tahtapul mahallasida bir ko‘chaga u kishining nomi berilgan.
A. Sog‘uniyning Toshkentda yashagan uyi joylashgan Tahtapul mahallasida bir ko‘chaga u kishining nomi berilgan.
Biz Qutlug‘xon To‘radan Sog‘uniyning hayotligi davridagi unutilmas xotiralari bilan o‘rtoqlashishini so‘radik.

- Mening u kishiga sevgim farzandlik nuqtai nazaridan emas. Men u kishida insonlarga beg‘araz xizmat qilgan xolis inson timsolini ko‘rdim. U na sovet hukumati, na boshqa kofirlardan bir tiyin maosh olmadi. Raisi jumxur bo‘lgan odam bir tiyin maosh olmadilar. Uni kitoblarida ham yozganlar.

Otamiz umrining oxirgi 3 oyi yotoqda kechgan. Ungacha kuniga 5-6 soat shogird o‘qitardilar. Kim kelib nimani o‘qimoqchi bo‘lsa, o‘rgataverardilar. Arab tili, fors tili, tibbiyot, bundan tashqari, hadis, tavsir, kalom ilmini o‘qishga ko‘p odam kelardi. O‘zbek ham bor edi, dog‘istonlik ham bor edi, qozoq ham bor edi, qirg‘iz ham bor edi.

Ozodlik: Bir tiyin maosh olmagan bo‘lsalar, shundoq katta oila qandoq tirikchilik qilardi?

- 6 o‘g‘il, ikki qiz edik. Men ham shu savolni otamiz rahmatlikka berganman. “Xudo beradi”, derdi. U kishi Naqshbandiy hazratlarining yo‘lida edi. Boriga qanoat qilar edilar. Endi uyimizda bitta sigir bo‘lardi. Butun mahalla bizdan sut-qatiq olar edi. Keyin otamiz tabibchilik qilardi, kuni bilan kasal kelardi va ataganini tashlab ketardi. Xullas, shunaqa qilib yashar edik. Ya‘ni, boriga qanoat qilib, - deb xotirlaydi Alixonto‘ra Sog‘uniyning kenja o‘g‘li Qutlug‘xon To‘ra.

Vasiyat ijrosi


65 yoshga kirgan Qutlug‘xon To‘ra hozir Turkiyada istiqomat qilmoqda.

U kishining asli kasbi iqtisodchi. Ayni paytda u kishi otasining vasiyati bilan "Turkiston qayg‘usi" kitobining otasi yozgan birinchi hamda akasi yozgan ikkinchi qismini nashrga tayyorlagan.

"Turkiston qayg‘usi" va "Tarixi Muhammadiy" kitobi biroz muqaddam Istanbulda o‘zbek tilida chop etildi.

Hozir Alixonto‘ra Sog‘uniyning avlodlari Toshkent shahri va Andijonda istiqomat qilmoqda.

O‘z vaqtida "O‘zbekkino" milliy agentligi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida hujjatli film hozirlagan edi.

O‘sha ko‘rsatuvdan ayrim parchalar o‘tgan yili internetdagi Youtube portaliga joylashtirildi.

Quyida "O‘zbekkino" milliy agentligi tomonidan "Benazir inson edi" nomi ostida 2008 yilda tayyorlangan ko‘rsatuvdan bir parchani tomosha qilishingiz mumkin.

Unda Sog‘uniyning O‘zbekistonda qolgan o‘g‘illari, qizi, nabiralari, xususan, Ozodlikka intervyu bergan nabirasi Bahmanyor Shokirning Sog‘uniy haqidagi xotiralari bor.



Shu o‘rinda Ozodlik ushbu eshittirishni tayyorlashda yaqindan yordam bergan tinglovchilarga chuqur minnatdorchiligini bildiradi. Bu tinglovchilar nomi ularning so‘roviga binoan e‘lon qilinmadi.

Biroz muqaddam "O‘zbek imomlari" turkumidan yana bir eshittirish - Mavlaviy Hindistoniy haqidagi eshittirish efirga uzatilgan edi.

O‘sha eshittirishdan so‘ng Ozodlikka bog‘langan ayrim tinglovchilar mavzuga oid qo‘shimcha ma‘lumotlar to‘plashda ko‘mak va‘da qildilar. Tez orada eshittirishning foto va video materiallar bilan boyitilgan matni sahifada e‘lon qilinadi.

Ayni paytda tahririyat "O‘zbek imomlari" ruknini davom ettirib, Sog‘uniy va Hindistoniylarga zamondosh bo‘lgan yana bir ulug‘ mudarris, sobiq sovet davrida O‘zbekistonda hujra ta‘limini yo‘lga qo‘ygan Abduhakim qori Vosiyev haqida eshittirish hozirlamoqda.

Bu borada ko‘mak berishni, o‘zida mavjud ma‘lumotlar, foto va video materiallarni o‘rtoqlashishni istagan mushtariylar murojaatlarini kutib qoladi.

Marhamat, bu boradagi murojaat uchun telefon: + 420 221 123 437
Elektron pochta manzili: uzbekweb@rferl.org
XS
SM
MD
LG