Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:17

O‘zbekistonda xorijlik investorlarga imtiyozlar va‘da qilinmoqda


O‘zbekiston hukumati chet ellik sarmoyadaorlarni mamlakatga jalb etish maqsadida ularga qator imtiyozlarni va‘da qilmoqda. Lekin keyingi 20 yil davomida O‘zbekiston iqtisodiga sarmoya qilib, "og‘zi kuygan" investorlar bu va‘dalar amalga ko‘chishiga ishonmayotir.

O‘zbekistonga kamida besh million dollarlik sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlar o‘n yil mobaynida faqat davlat ro‘yxatidan o‘tish sanasida amal qilgan me‘yorlar va qoidalar asosida soliq to‘laydilar.

O‘zbekiston soliq qonunchiligida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar bunday shirkatlarga taaluqli bo‘lmaydi.

10 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti imzolagan “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda bu haqda ta‘kidlangan.

Hujjatda aytilishicha, jahon moliyaviy inqirozi davom etayotganligi, jahon va mintaqaviy bozorlarda raqobat kuchayib borayotganligi mamlakatda yana ham qulayroq investitsiya muhitini yaratishni taqozo etgan.

Prezident farmoniga ko‘ra, xorijiy investorlarning pul shaklidagi ulushi 5 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan yangidan tashkil etilayotgan korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab o‘n yil ichida mamlakat soliq qonunchiligida o‘zgarishlar yuz bergani taqdirda ham faqat mazkur korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tish sanasida amal qilgan me‘yorlar va qoidalar asosida soliq to‘laydilar.

Farmonda, shuningdek, davlat mulozimlarining xorijiy sarmoyadorlar ishiga umuman aralashmasligi kafolatlangan.

Prezident farmonida investorlar uchun mamlakatga kirish vizalarini olish tartibining ham yengillashtirilishi, xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga aralashuvlar oldini olish, investorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchilar esa jazolanishi ta‘kidlanadi.

Sarmoyadorlar cho‘chib qolgan


O‘zbekiston prezidenti farmonida O‘zbekiston iqtisodi so‘nggi yillarda barqaror o‘sishda davom etgani ta‘kidlansa-da, xorijiy investorlar bu mamlakatga sarmoya kiritishga oshiqayotganlari yo‘q.

O‘zbekistonda so‘nggi oylarda qator yirik xorijiy shirkatlarning berkitilishi, ayrim chet ellik ishbilarmonlarning mahkamaga tortilishi va ularga tegishli mol-mul tortib olinishi sarmoyadorlarni bu mamlakat bozoriga kirishdan cho‘chitib qo‘ygani aytiladi.

90-yillarda O‘zbekiston iqtisodiga millionlab dollar sarmoya yotqizib, mamlakatda ilk supermarketlar tizimini joriy qilgan, ammo 2000 yillar o‘rtasiga kelib O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan turkiyalik tadbirkor Rajabboy Shirinning aytishicha, so‘nggi hodisalar sabab chet ellik investorlar O‘zbekistonga sarmoya olib kirishga extiyotkor bo‘lib qolishgan.

- Ko‘r xassasini bir marta yo‘qotadi. Nafaqat O‘zbekistonda kuygan, balki bu mamlakatga sarmoya yotqizmoqchi bo‘lib turgan tadbirkorlar ham so‘nggi hodisalar sabab o‘z ahdidan qaytmoqda, O‘zbekistonni chetlab Qozog‘istonga yo‘l olmoqda,- deydi O‘zbekistondagi bir necha million dollarlik biznesi tortib olingan turk tadbirkori Shirin.

1994 yilda O‘zbekistonda ish boshlab, hukumat farmoni ortidan 2004 yilda mamlakat banklariga qo‘yilgan qariyb ikki million dollaridan ajragan daniyalik sarmoyador Pol Yan ham shu fikrda.

- O‘zbekistonda o‘n yil tadbirkorlik qildim va millionlab sarmoya kiritdim, hayriya faoliyati bilan ham shug‘ullandik. Oqibatda nima bo‘ldi, millionlab mablag‘im, mulkimni uch marta sudlashib ham qaytarib ololganim yo‘q. Mulkimdan umidimni uzib, O‘zbekistonga qo‘limni siltab chiqib ketganman,- deydi Pol Yan.

Daniyalik tadbirkorning aytishicha, mana shu xol O‘zbekistonga millionlab dollar sarmoya yotqizmoqchi bo‘lgan ko‘plab skandinaviyalik tadbirkorlarni ahdidan qaytargan.

Janob Pol Yan O‘zbekiston chet ellik sarmoyadorlar ishonchini tiklash uchun amaliy islohotlarga qo‘l urishi kerak deb hisoblaydi.

-O‘zbekistonda qonunlar ishlamasligi ko‘pchilikka ayon. Bu mamlakatda hamma narsa prezident idorasida hal etiladi. Hukumat sarmoyadorlarni ishonchini qozonishi uchun tub islohotlar qilinishi kerak, - deydi daniyalik tadbirkor.

2011 yilda ham O‘zbekistonda soliq to‘lamaganlik va kontrabanda bilan shug‘ullaganlikda ayblanib o‘nlab xorij shirkatlari mol-mulki hukumat foydasiga musodara qilindi.

Ular orasida o‘nlab turk, nemis va O‘zbekistondagi yarim milliard dollarlik biznesidan ajragan Britaniyaning Oxus Gold shirkati bor.
XS
SM
MD
LG