Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:01

Tojikistonlik ayol O‘zbekistonda g‘oyib bo‘ldi


O‘zbekistonda yo‘qolib qolgan tojikistonlik Kimyoxon Xudoyorova.
O‘zbekistonda yo‘qolib qolgan tojikistonlik Kimyoxon Xudoyorova.

48 yoshli Kimyoxon Xudoyorova shu yil 6 mart kuni Surxondaryo viloyati Uzun shahri Yoshlik mahallasidagi o‘ziga tegishli uch xonali uyini 12 ming AQSh dollariga sotganidan keyin noma‘lum kishilar tomonidan olib ketilgani aytilmoqda.

Hozirgacha daraksiz qolayotgan Kimyoxon Xudoyorovaning jiyani Sheralining Ozodlikka aytishicha, asli tojikistonlik bu ayol 1993 yili, ya‘ni Tojikistondagi ichki nizolar chog‘ida Surxondaryo viloyatining Uzun shahriga ko‘chib borgan va shu vaqtgacha fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida o‘sha hududda yashab kelgan.

Ancha yil avval eridan ajragan Kimyoxon Xudoyorova Uzun tuman Yoshlik mahallasidagi uch xonali uyini sotib, Tojikistonga qaytishga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda g‘oyib bo‘lib qolgan.

- Ammam: “12 ming dollarga uyimni sotdimu, lekin pulning hammasini O‘zbekistondan Tojikistonga perevod qilib bo‘lmas ekan. Bank orqali ham biror iloji yo‘q ekan. Endi ikki mingdan qilib yuboraman, 11 martgacha yetib kelaman”, deb telefon qildi, - der ekan Sherali Xudoyorov o‘sha suhbatdan keyin Kimyoxon bilan aloqa uzilib qolganini aytdi.

Shundan so‘ng Kimyoxonning yaqinlari Uzun shahridagi tanish-bilishlar va uning qo‘shnilariga telefon qilib, ayolni topishga ko‘maklashishni so‘rashgan. Kimyoxonning yaqin o‘rtoqlaridan biri uzunlik Gulnora ismli ayol uy sotilgan kunining ertasiga Kimyoni fuqarolik kiyimida bo‘lgan uch kishi “pasport stoli xodimlarimiz” deb, birga olib ketgandan keyin uni hech kim ko‘rmaganini aytgan.

- O‘sha gapdan keyin o‘sha Gulnoraning o‘zi ham daraksiz yo‘qolib qolibdi, - deydi Kimyo Xudoyorovaning Ozodlikka murojaat qilgan yaqinlari.

Qo‘shni respublika hududida yo‘qolib qolgan Kimyoxonni telefon orqali so‘rab-surishtirishdan bir natija chiqavermagach, uning 80 yoshli otasi va yaqinlaridan uch-to‘rt kishi Uzun tumaniga yo‘l olgan.

1 aprel kuni O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasida o‘n kunlik muhlat bilan viza rasmiylashtirib, 3 aprel kuni Surxondaryo viloyatiga borgan Matlab ota, Ra‘no Xudoyorova, Baxmaloy Boboqulova va Malohat Tohirovani, yaqinlarining aytishicha, Uzun tuman militsiyasi tergov qilgan. Keyinroq esa Yoshlik mahallasining raisi Bahodir ismli shaxs bilan janjallashganlari bahonasida ularning pasportlari olib qo‘yilgan, o‘zlari esa Uzun tuman Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash izolyatorida uch kun davomida noqonuniy ushlab turilgan.

- Ikki-uch kun o‘tganidan keyin ularga tuhmat qilib, mahalla raisi bilan janjal qilgan, deb bo‘yinlariga qo‘yib, shtraf qiladi. Yana 250 dollar pullarini olib qo‘yadi. Majbur qiladilarki, “men opamning bahridan o‘tdim, boshqa uni axtarib bu yoqlarga kelmayman, deb yoz”, deb. “Sizlar boshqa O‘zbekistonga kelmanglar, uni (Kimyoxon Xudoyorovani demoqchi, - tahr.) boshqa hech qachon ko‘rmaysizlar, deydi. Keyin ularni granitsaga olib kelib, bu tomonga qaytarib yuborgan, - deydi Kimyoxonning yaqinlaridan yana biri Baxtiyor.

Uning taxminicha, Uzun tumaniga qarashli Yoshlik mahallasi raisi Bahodir ismli shaxs Kimyoxonning yo‘qolishi bilan bog‘liq tafsilotlardan xabardor bo‘lishi mumkin.

Mavzu yuzasidan Yoshlik mahallasining raisiga ham sim qoqdik, biroq u bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lolmadik.

Daraksiz yo‘qolib qolgan jigarbandini axtarib O‘zbekistonga borgan Xudoyorovlar oilasi umidsiz va hech bir natijasiz ortga qaytgach, aprel oyi boshida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, Tojikistondagi O‘zbeklar jamiyati va bugun esa bu mamlakatdagi ommaviy axborot vositalariga murojaat qilib, Kimyoxon Xudoyorovani topishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Davlat Nazriyev Xudoyorovlar oilasi nomidan vazirlikka shu mazmundagi ariza tushganini ma‘lum qilar ekan, ayni paytda O‘zbekiston hukumati nomiga bu masala yuzasidan nota hozirlanayotganini bildirdi.

Ayni paytda Kimyoxon Xudoyorovaning yaqinlari ayol soxta ayblovlar bilan qamalib ketishi mumkinligidan tashvishda ekanlarini aytadi.

- Biz u tomon tuhmat qilib, buni qamatib yubormasin, deyapmiz. Birortaning delosini bunga qilibmi yoki shunday bir narsalar qilibmi... Shungacha bormasin, deb harakatlar qilayapmiz, - deydi Kimyoxonning yaqinlaridan yana biri Ahmad Boboqulov.
XS
SM
MD
LG