Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:50

O‘zbekiston Yevropadan qolishmaydi, daje...


Shu kunlarda Yevronyus telekanali O‘zbekiston iqtisodiyoti to‘g‘risida reklama roligi namoyish qilmoqda. Televizor eshittirishining bugungi soni mavzuini O‘zbekiston hukumati puliga namoyish qilinayotgan ana o‘sha targ‘ibot roligi belgilab berdi.

Asal o‘rniga zahar


- Seni bu qadar so‘k oshiga surnay chaladigan anoyi, deb o‘ylamagandim, deb ta‘na qilib qoldi kecha yaqin o‘rtog‘im.

- Ha, o‘rtoq, dedim, xato qilmoq bordir, tuzatmaslik ordir – ayt, aybim bo‘lsa tuzatay?

- O‘zTV bog‘dan kelsa, sen tog‘dan kelasan “Televizor” eshittirishingda, har shoirning o‘z sozi bor, ma qilasan o‘ziyni qiynab, aralashma shu televizorchilarga, baribir quloq solishmaydi, deb uqtirmoq bo‘ldi o‘rtog‘im.

- Endi, o‘rtoq, bu dunyoni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, nazaringda qo‘shoqning orasida bo‘shoq bo‘layotgandirman, lekin men “Televizor”ni televizorchilar eshitsin uchun emas, tomoshabin eshitsin uchun qilaman – nimani ko‘rayotganini bilib ko‘rsin, deyman, men senga asal beray, deb tursam, sen menga zahar berma, dedim dilim og‘riganday bo‘lib.

Og‘riganday bo‘lib turgan dilimdan “yog‘ochni o‘z ichidagi qurti yeydi” degan gap o‘tdi. Lekin dilimdagini tilimga chiqarmadim – do‘stni ayamoq lozim, bunday paytda gapirganing kumush, gapirmaganing oltin. Gapdan – gap, cho‘pdan xas chiqishini bilaman-da!

Do‘stimning gapidayam bir hikmat bordir, dedimu bu gal O‘zTV ko‘rmadim.

“Evronyus” ko‘rdim


Bir necha yirik tillardagi “Yangiliklar”ini butun dunyo ko‘radigan “Evronyus”da keyingi kunlarda O‘zbekiston to‘g‘risida reklama roligi namoyish qilinmoqda va uni ko‘rib, bir o‘zbek o‘laroq sevindim.

Rolik "Xalqaro valyutu jamg‘armasiga ko‘ra, O‘zbekiston byudjetidagi profitsit va hukumat qarzlarini past darajada saqlab qolgan holda moliyaviy inqirozni epchillik bilan yengib o‘tmoqda", degan so‘zlar bilan boshlanadi.



Sevingan bir men emas. “Jahon” ham sevinibdi – Tashqi ishlar vazirligining axborot agentligini aytyapman.

“Jahon”ning fikricha, rolikning “Evronyus”da namoyish qilinishi O‘zbekistonga “xorijiy sarmoyadorlar va sayyohlarning e‘tiborini jalb etishga xizmat qiladi”.

Tuqqaninggayam yoqadigan to‘g‘ri gap bu. Bunday roliklarni nafaqat “Evronyus”da, balki jahonning boshqa barcha yirik telekanallarida ko‘p va xo‘b ko‘rsatish kerak.

Bunday reklama uchun bugun sarflangan bir so‘m ertaga ikki so‘m bo‘lib qaytib kelishi mumkin.

Menga desa, xo‘o‘v Afrikaning qoq markazidagi davlatlar TVlaridayam ko‘rsatishsin – oftobdan jizza bo‘lgan afrikaliklar bahoru kuzda O‘zbekistonga kelib salqinlab ketishsin.

Endi bu rolikdan kutiladigan samara to‘g‘risidagi taxminlarimiz.

Sarmoyadorlar to‘g‘risida


O‘zbekiston hukumati o‘zining “Jahon” agentligi tili bilan bu rolik O‘zbekistonga “xorijiy sarmoyadorlar va sayyohlarning e‘tiborini jalb etishga xizmat qiladi”, deganini boya aytdik.

Sarmoyadorlarni rolik qanchalik ishontira olishi to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin. Chunki pul jigardan paydo bo‘ladi. Puli bor odam uni sanashniyam biladi. Puli bor odam bir-ikkita rolikka ishonib, “jigar”ini jomadonga joylab O‘zbekiston qaydasan, deb yo‘lga chiqib ketavermaydi. Hisob-kitobini qiladi, chaqirayotgan mamlakat qonunlarini, investitsion muhitini o‘rganadi.

Endi sayyohlar to‘g‘risida


Bugungi kunda – Internet Zamonida anoyi sayyoh qolmadi. Bugungi sayyoh, ayniqsa yevropalik sayyoh bo‘ydoqning ko‘zi bilan xotin olmaydigan, dallolning ko‘zi bilan mol olmaydigan odamdir – tish kavlagichniyam dabdurustdan sotib olmaydi, avval Internetga kiradi, kavlagich sotib olganlarning sharhlarini o‘qiydi, shundan keyingina bir qarorga keladi.

“Evronyus”da namoyish qilingan O‘zbekiston to‘g‘risidagi rolikni ko‘rgan yevropalik ham sayohat byurosiga borish oldidan Internetga kiradi.

Bugun biz ham shu ishni qildik.

Quloqdan ko‘z haq


Maqtovdan tanqid ko‘proq ekanligini ko‘rdik.

Maqtovlar:

“Ovqatlari mazali va arzon. Ikki kishi 5-6 dollarga ovqatlanishi mumkin”.

“Taksi arzon”.

“Toshkent - Samarqand poyezdi tuzuk. Tozagina”.

“Samolyotlari yangi – qo‘rqmay uchasiz”.

Tanqidlar:

“Taomning arzoni mahalliylar ovqatlanadigan oshxonalarda – jirkanmayman desangiz kiring”.

“Taksiga o‘tirar ekansiz, avval narxini kelishib oling, aks holda ikki dollarlik yo‘l uchun 50 dollaringizni shilvolishadi”.

“Toshkentga Rossiyadan uchar bo‘lsangiz, toqatli bo‘ling – passajirlarning 95 foizi mehnat muhojirlari – “Odobnoma” darslariga birontasi ham kirmagan”.

“Aeroportdan tezda chiqib ketishni xayolingizga ham keltira ko‘rmang. Pasport nazoratida kamida bir yarim soat, bagajni yana bir soat kutasiz, bojgir bagajingizni skanerda tekshirib bo‘lishi uchun yarim soat yo‘qotasiz. Hayajonlanmang. Aeroportdan eson-omon chiqib olganingizga shukur qiling”.

“O‘zbekistonga borarkansiz, pul uchun qop olivoling – 100 dollarli bitta pulni 230 ta qog‘ozga almashtirib berishadi – o‘zbekcha eng yirik pul – mingtalikning qariyb ikki yarim pachkasi”.

“Kirishdayam, chiqishdayam deklaratsiya to‘ldirishda ehtiyot bo‘ling – yoningizdan deklaratsiya qilinmagan bir dollar chiqib qolsayam - ishingiz xalta – bojgirga “uzatib” qutulasiz”.

So‘k oshiga surnay


Xullas, maqtovdan tanqid ko‘p. Aaancha ko‘p. Biz faqat o‘znikini yomonlasang, o‘zgadan mehr ko‘tariladi, debgina tanqidlarning hammasini keltirmayapmiz. Qolaversa, hammasini keltirishning iloji ham yo‘q.

Qissadan hissa shuki, O‘zbekiston hukumati “kimsan falonchi” “Evronьyus” orqali mehmon chaqira boshlagan ekan, mamlakatni mehmonbop qilishning chora-tadbirini zudlik bilan ko‘rishi lozimligi ko‘rinib turibdi.

Axir mehmonning oldiga osh qo‘y, ikki qo‘lini bo‘sh qo‘y, deyishadiku!

Aks holda “Evronьyus”ga ishonib kelganlar uylariga maqtanganning uyiga bor, kerilganning to‘yiga bor, deb qaytishlari mumkin.

Ana unda uyat bo‘lib qoladi.

Uyat esa, o‘limdan qattiq.
XS
SM
MD
LG