Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:32

Qirg‘iz deputati o‘zbek tilida imtihon topshirilishiga qarshi


Deputat Jo‘ldo‘sheva test sinovlarining o‘zbek tilida olib borilishi Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaydi.
Deputat Jo‘ldo‘sheva test sinovlarining o‘zbek tilida olib borilishi Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaydi.

Qirg‘iziston parlamenti kelasi haftada etnik o‘zbeklarning o‘z tillarida imtihon topshirishi naqadar qonuniy ekanini muhokama qilmoqchi.

Qirg‘iziston parlamenti deputati Jildizqan Jo‘ldo‘sheva 18 mart kuni o‘tgan parlament yig‘inida umumrespublika test sinovining o‘zbek tilida o‘tkazilishi Konstitutsiyaga zid kelishini iddao qildi. Deputat qonunchilikka binoan o‘quvchi va talabalar test sinovlarini faqat qirg‘iz va rus tillarida topshirishi shart, deb hisoblaydi.

- Test savollarining barchasi o‘zbek tiliga tarjima qilinibdi. Qirg‘izistonda 80 millat vakili yashaydi. Shundan kelib chiqsak, test savollarini uyg‘ur, dungan tillariga ham tarjima qilishimiz kerakmi? Nega Konstitutsiyani hurmat qilmayapmiz, - dedi Jildizqan Jo‘ldo‘sheva.

Uning bu talabini bir qator deputatlar ham qo‘llab-quvvatladi. Natijada Qirg‘iziston parlamenti bu masalani kelgusi haftada muhokama qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Parlamentda mazkur masala ko‘tarilgan bir paytda “Qirg‘iziston Yoshlar kengashi” Bishkek markaziy maydonida o‘zbek tilida test sinovlari topshirilishiga qarshi norozilik mitingi o‘tkazdi. Mitingchilarning aytishlaricha, Qirg‘izistonda davlat tili sifatida qirg‘iz tili, rasmiy til sifatida rus tili tan olinadi. Shuning uchun ham boshqa tillarda imtihon topshirish qonunchilikka ziddir.

- Biz bu masalaning hal etilishini talab qilamiz. Qirg‘izistonda barcha hujjatlar qirg‘iz tilida olib borilmasa, mustaqilligimiz xavf ostida qoladi, -dedi mitinggga kelganlardan biri Almazbek Jazibayev.

Ammo Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligi deputatlar va qirg‘iz yoshlari tomonidan bu masalaning ko‘tarilishini respublika fuqarolari huquqlarini buzish harakati sifatida baholaydi. Ta‘lim vazirligiga ko‘ra, Qirg‘izistonda umumrespublika test sinovi 2002 yilda joriy etilgan. Test sinovi joriy etilgan kundan boshlab qirg‘iz, rus va o‘zbek tillarida o‘tkazilib kelingan.

- Qonun va Ta‘lim vazirligi qarori asosida testni qaysi tilda topshirishni bitiruvchining o‘zi hal qiladi. Jumladan, bitiruvchi o‘zbek tilida test topshirishi mumkin. “Nega o‘zbek tilida test sinovi o‘tkaziladi?” degan savol paydo bo‘lsa, unga “Respublika fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari buzilmasligi uchun”, deb javob beraman, - dedi Qirg‘iziston ta‘lim va fan vaziri Kanat Sadiqov.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda 780 ming o‘zbek yashaydi. Mamlakatda 91 ta o‘zbek maktabi faoliyat ko‘rsatadi. Bu maktablarda o‘zbek millatiga mansub 110 ming nafar o‘quvchi ta‘lim oladi.

2010 yilda Qirg‘izistondagi millatchi guruhlar mamlakat Konstitutsiyasining o‘zbek tiliga tarjima qilinishiga qarshilik ko‘rsatgan edilar. Bu qarshilik oqibatida Bosh qonun o‘zbek tiliga tarjima qilinmay qolgan.
XS
SM
MD
LG