Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:38

Urushning so‘nggi askarlari bayram kutmoqda


18 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonga qo‘l qo‘ydi. Prezidentning bu marhamatiga sohib bo‘ladiganlar soni esa¸ yildan yilga siyraklashib bormoqda.

9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan chiqarilgan mazkur farmonga ko‘ra¸ ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 400 000 so‘m miqdoridagi bir martalik mukofot puli beriladi.

Mazkur farmonni bajarish bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjetidan olinishini ta‘kidlagan O‘zbekiston prezidenti qator vazirlik va idoralarni bu mukofotning tantanali topshirilishi uchun mas‘ul etib belgiladi.

Xotira va qadrlash kunining respublika bo‘ylab turli tadbirlar orqali bayram qilinishi ta‘kidlangan farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Shavkat Mirziyoev zimmasiga yuklatildi.

Toshkent shahar Mudofaa bo‘limi vakiliga ko‘ra¸ bugunda shaharda 1200 nafar urush qatnashchisi istiqomat qiladi.

- Kamayayapti. Borgan sari kamayib ketishayapti. 1200 tacha qolishgan Toshkent bo‘yicha¸ deydi Toshkent shahar voyenkomati vakili.

Toshkentlik g‘olib jangchi


82 yashar Vazgen Bagdasarov Toshkentda yashaydi.

Bagdasarov Stalingrad jangi ishtirokchisi.

Bagdasarovning ismi Rossiyada chop qilingan “G‘olib jangchilar” kitobiga kiritilgan.

Bagdasarov Ozodlik bilan qisqa suhbatda xastalikdan nolidi va urush xotiralaridan bir-ikki og‘iz gapirdi.

Bagdasarov bultur 9 may kuni 200 ming so‘m miqdorida hukumat sovg‘asini olganligini bildirdi.

Bu yil bu miqdor 400 ming so‘m bo‘lganidan suhbatdoshimizning xabari yo‘q.

Bagdasarov qashqadaryolik Bahodir degan yigitni o‘z uyida ijaraga qo‘yganini va bu yigit unga qarashib turganidan minnatdorligini bildirdi.

Suhbatga qo‘shilgan Bahodir Vazgen boboning urush xotiralarini tinglashini va unga har tarafdan yordam berayotganini aytadi:

- Toshkentda yashayapti. Og‘ir bo‘lib yotibdida. Kasal yotibdi. Yura olmayaptida. Oyog‘i og‘riydi. O‘g‘li yo‘q, ikki qizi bor.

Urush veteranlaridan ko‘ra tadbirlar soni ko‘p


Toshkent shahar Mirobod tuman Urush qatnashchilari kengashi rahbari Murod Mansurov yildan-yilga urush qatnashchilari kamayib borayotgani va borlari ham bayram tadbirlari uchun talash bo‘layotganini aytadi:

- Bultur bizlar 9 mayga olib chiqqanimizda to‘rtta o‘ris bilan 5-6ta o‘zbekni chaqirib, ularni ham zo‘rg‘a olib kelgan edik. Biz bir tadbir o‘tkazgan edik. Talash bo‘layapti. Men olib boraman, men olib boraman deb, hokimiyat olib boradi, yana qanaqadir tashkilotlar, maktab olib boraman deydi, o‘shanga ularga ocheredga turib aytishingiz kerak. Ikki soatga olaman, ovqatlantirib, u yoq bu yoqqa nima qilishim mumkin¸ deydi Mirobod tuman Urush qatnashchilari kengashi rahbari Murod Mansurov.

Murod Mansurov bu yil 9 mayda urush qatnashchilarini ortiqcha qiynamaslik haqida tavsiyalar berilganini ta‘kidladi:

- 9 mayga iloji boricha u yoq bu yoqqa sudramanglar deyaptida. Har yil kasal-pasal, oyoqlari og‘riyapti¸ deydi bu rasmiy.


Urush orqasida qolganlar


Suhbat davomida Mansurov jabha ortida ishlaganlar ham urush qatnashchilariga tenglashtirilganini aytdi.

Qashqadaryolik Rahmonqul bobo urush paytida kolxoz chorvasini boqdi.

Uning bu ishi muhimligi bois¸ safarbarlikdan ozod qilindi.

Rahmonqul bobo boqqan qo‘ylar askarlar oziq-ovqatiga ulush bo‘lib qo‘shildi:

- Men urushga bormadim. Kolxozning chorvachiligida ishlaganman. Shuning uchun kolxoz raisi meni urushga borishdan olib qolgan edi¸ deydi bugun 94 yoshga kirgan Rahmonqulov bobo.

Urush qatnashchisiga tenglashtirilgan bo‘lsa ham¸ Rahmonqul bobo hukumat yordamiga muhtoj emasligini aytadi:

- To‘g‘risini aytsam, ularning yordamiga ham muhtoj emasman, yordam so‘ramayman ham. Kunimni o‘zim ko‘rib kelgan odamman hamma vaqt¸ deydi farzandlari qanotida yashayotgan bu qariya.

Qashqadaryo¸ Surxondaryo va Xorazmdagi Ozodlik manbalari ikkinchi jahon urushining bevosita qatnashchilari allaqachon o‘lib ketganligini bildirishdi:

Angorlik Anvar Bobo o‘z qishlog‘ida bir nafar urush qatnashchisi qolganligini aytadi:

- Bizning qishlog‘imizda hozir bir kishi tirik qoldi. Boshqa hammasi ketdi. Rahmonov Eshqobil deydi. Kolxozda ishlagan. Urush paytida urushga ketib, 1941 yilda ketib 1945 yilda qaytib kelgan yarador bo‘lib. Bir qancha medallari bor. Hozir endi pensiyaga chiqib, o‘g‘illari ham, qizlari ham pensiyaga chiqib ketgan. Hozir 97 yoshda. Hozir endi qishloqning ichida oz-oz yurayapti. Shaharlarga borolmaydi. O‘tgan yillar, oldingi yillar rayonlarning bozorlarida yurardi¸ deydi surxonlik Angor bobo.

Olis urushning O‘zbekistonga oid raqamlari


1941 yilda 6,5 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan 1,5 million odam urushga jalb qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu urushda yarim million o‘zbek halok bo‘lgan.

2011 yilda O‘zbekistonda 8 600 nafar urush qatnashchisi istiqomat qilgan.

2012 yilda qancha urush qatnashchisi qolganligi ayni paytda mahalliy voyenkomatlar tarafidan aniqlanmoqda.
XS
SM
MD
LG