Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 02:54

Mahalla qo‘mitalari aholi qarzdorligini tugatmoqda


Yillardan beri na gaz va na elektrga yolchimayotgan aksar o‘zbekistonliklar kommunal to‘lovlar va turli soliqlar uchun qarzdorga chiqarilgan.
Yillardan beri na gaz va na elektrga yolchimayotgan aksar o‘zbekistonliklar kommunal to‘lovlar va turli soliqlar uchun qarzdorga chiqarilgan.

O‘zbekistonda mahalla qo‘mitalari fuqarolarga beriladigan har bir hujjat evaziga kommunal qarzi yo‘qligi haqidagi tasdiqnoma talab qilmoqda.

Mahalla qo‘mitasi vazifasi yana bittaga ko‘paydi


Shu yilning aprel oyidan boshlab, O‘zbekistonning aksar viloyatlaridagi mahalla qo‘mitalariga aholining kommunal to‘lovlardan qarzdorligini yopishga oid ichki topshiriq berilgan.

Ozodlik bog‘langan Toshkent va Farg‘ona viloyatidagi bir qator mahalla qo‘mitalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, aprel oyi boshidan mahalla qo‘mitalari ma‘lumotnoma so‘rab kelayotgan fuqarolardan kommunal qarzi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi shart.

- Aprel oyidan qaror chiqqan, birorta ham ma‘lumotnoma bermang hech kimga, qarzi yo‘q, degan ma‘lumotnomani berganidan keyin bergin hujjat, deyishyapti. Shuning uchun hozir 50 ming qarzi bo‘lsa, hech bo‘lmasa, 25 mingini to‘latishga harakat qilyapmiz. O‘zi bizning mahallada hozir 200 milliondan ortiq qarzdorlik bor. Tushungani tushunib, to‘layapti. Kvitantsiyalarni kelib topshirayapti, deydi Farg‘ona viloyatidagi mahalla qo‘mitalaridan biri raisi.

Toshkent shahridagi qator mahalla qo‘mitalari xodimlari bunday vazifa o‘zlariga ham yuklatilganini tasdiqladilar.

Eski talab endi keskinlashdi


Mahalla qo‘mitalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, aslida bunday talab sal yumshoq shaklda avvaldan ham bo‘lib kelgan.

- Talab qilardik faqat, to‘lab kelinglar iltimos, deb. Oldindan bor edi. Lekin hozir qarzdorlik juda osmonga chiqib ketdi. Shuning uchun, shunaqa qattiq talab bo‘layapti. Hozir qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma‘lumotnomani ko‘rsatmasa, hech qanaqa ma‘lumotnoma berilmayapti, deydi Toshkent shahridagi mahalla qo‘mitalaridan birining ismini oshkor qilmagan raisi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, aholi to‘lovlarini yig‘ib oladigan deyarli barcha tashkilotlar, jumladan, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari, elektr va gaz ta‘minoti idoralari, soliq qo‘mitalari aholi qarzdorligi bo‘yicha mavjud ma‘lumotlarni yashash joyidagi mahalla qo‘mitalariga muntazam taqdim etib bormoqda.

So‘nggi bir necha yil ichida mahalla qo‘mitalari faollari bu ma‘lumotlar asosida aholini qarzdorlikdan qutulishga chaqirib kelgan.

- Masalan, bizning mahallada qarzdorlarning ro‘yxati bor. Biror ma‘lumotnoma so‘rab kelishsa, men qarzdorligiga qarayman. Qarzi katta bo‘lsa bermayman, to‘g‘risi. Ayniqsa, soliqdanam ba‘zilarda katta qarz bo‘lishi mumkinda. Shuni ozgina-ozginadan bo‘lsa ham, to‘langlar, deb to‘lattirayapmiz¸ deydi Toshkent shahridagi yana bir mahalla qo‘mitasi raisi.

Mahalla qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra¸ katta shaharlar, ayniqsa, Toshkentda aholining kommunal to‘lovlar, xususan, issiq suvdan qarzdorligi ko‘proq ekani kuzatiladi.

- To‘g‘risini aytsam, bizning hududimiz ham o‘zi og‘irroq hududda. Asosan, ijtimoiy qiynalgan qatlam bizda. "Unaqa spravka berilsin, deb qayerda yozilgan? Nima endi sizlarni deb bolam bog‘cha yoki maktabdan qolishi kerakmi?" degan janjallar ham bo‘lgan. O‘zi shundog‘am qiynalib yotibdi hamma. Lekin baribir ancha-muncha to‘lashayapti, qarzdorlar ham oz qoldi bizda, deydi Toshkentdagi mahallalardan biri raisi.

Qarzdorga nafaqa ham¸ oylik ham yo‘q


Aholi bunday talabni so‘nggi yillarda kommunal to‘lovni undirish bo‘yicha keskinlashib borayotgan talablarning navbatdagisi o‘laroq qabul qilmoqda.

Jumladan, Namangan shahrida istiqomat qiladigan Dilbar ismli ayol, hatto, bolalar puliga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan onalardan kommunal to‘lovlardan qarzi yo‘qligi haqidagi ma‘lumotnoma so‘ralayotganiga munosabat bildirdi.

- Kelinlarimiz, qo‘shnilarimiz borishsa mahallaga, shunaqa kvitantsiyalarni olib kelib ko‘rsatinglar, deyapti. Ko‘rsatayapmiz endi. Biz pensiyadan to‘layapmizku har oy. Keyin o‘sha yerni o‘zida bolalar pulidanam kesib qolayapti, to‘latishyaptida bir amallab, deydi namanganlik suhbatdosh.

Toshkentlik Muyassar opa ham kommunal qarzdorlikni tugatish bo‘yicha talabning keskinlashganini tilga olar ekan, bu borada boshqa bir jiddiy muammo bor, deb qo‘shimcha qildi.

- Masalan, men to‘lovlarni yil boshidan to‘lab qo‘yaman. Lekin nimagadir yil oxirida yana qarzingiz bor, qarzingiz bor, deb kelaveradi. Bular bilan borib qancha tortishsangiz, farqi ham foydasi ham yo‘q, qarz bo‘lib qolaverasiz. Mahallaga borsangiz, to‘laganingiz haqidagi ma‘lumnomani ko‘rsating¸ deyishadi, tamom, deydi toshkentlik Muyassar opa.
XS
SM
MD
LG