Линклар

Шошилинч хабар
11 октябр 2024, Тошкент вақти: 13:13

Vohid Gunesh: O‘zbekistonda jiddiy zulm bor!


Turkiyalik tadbirkor Vohid Gunesh.
Turkiyalik tadbirkor Vohid Gunesh.

O‘zbekistonda 8 yil biznes yuritgan va so‘nggida 9 oy hibsda saqlangan "Turkuaz" shirkati rahbari o‘z kechmishlaridan dunyoni ogoh etishga bel bog‘ladi.

9 yarim oylik hibsdan so‘ng "Turkuaz" rahbari yurtiga qaytdi


46 yoshli tadbirkor, o‘z vaqtida O‘zbekistonda "Gunesh Tekstil" shirkatini ochib, 7 yil ichida daromadini 60 million dollarlik biznesga aylantirgan Vohid Gunesh bugun dunyo jamoatchiligini bu davlatdagi haqsizlik va zulmdan ogoh etishga bel bog‘laganini aytmoqda.

Vohid Gunesh yetakchilik qilgan va keyinchalik O‘zbekistonda "Turkuaz" nomli yirik xorijiy savdo tarmog‘iga aylangan shirkat iqtisodiy va siyosiy jinoyatlarda ayblanib, 2011 yilda yopilgan edi.

Shirkat rahbariyati 40 ga yaqin qonunbuzarlikda ayblangan va O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan taftish qilinib, 5 mlrd. so‘mlik moli musodara qilingani rasman ma‘lum qilingan edi.

Chorsu savdo markazidagi "maski-shou"


Ilk taftish Bojxona va Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi maxsus otryadi bilan birga 2 mart kuni "Turkuaz" shirkatining Toshkent shahri markazidagi "Chorsu savdo markazi" — sobiq GUMdagi binosida o‘tkazilgan edi.

O‘sha kuni kutilmaganda savdo majmuasiga bostirib kirgan qora niqobdagi maxsus guruh hibsga olgan o‘nlab odam ichida Vohid Gunesh ham bor edi.

2 mart kuni o‘z xodimlari bilan birga O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Yunusobod tumani hibsxonasiga olib ketilgan Gunesh 2012 yilning yanvariga qadar u yerda saqlangani va 27 yanvar kuni Turkiyaga deportatsiya qilinganini aytmoqda.

9 yarim oylik hibs


Guneshga ko‘ra, 9 yarim oylik hibsda unga, u bilan birga hibsga olingan 40 yoshli ukasi Fikret Gunesh hamda yana 3 nafar turkiyalik ishchiga nisbatan og‘ir qiynoqlar qo‘llangan.

"Kaltaklash - bu qiynoqlarning eng jo‘ni edi", deya bugun matbuotga so‘zlamoqda Vohid Gunesh.

- O‘tgan yilning 2 martida bizni hibsga olishdi va 2012 yilning 27 yanvarida ozod bo‘lib, deport etildik. Turkiyaga keldik.

Ozodlik: Hibsdan qanday ozod bo‘ldingiz?

- Qanday qutuldim... Bilasiz endi O‘zbekistonni. MXXning Yunusoboddagi hibsxonasida 5 kishi saqlandik. Oxiri bizdan 700 ming dollar pora talab qilishdi. "Aks holda ukangni, oilangni yana bir karra ko‘ra olmaysan", deb tahdid qilishdi. Keyin Turkiyadagi akam bularga 700 ming dollar porani keltirdi. Ishimizni sudga oshirishdi. Suddan keyin deportatsiya qilinib, Turkiyaga keldik. Shu shaklda jonimizni qutqardik.

Ozodlik: Sizga va shirkatingizga ayblov e‘lon qilingan vaqtda O‘zbekistondagi biznesingiz miqdori qanchaga yetgan edi?

- Bilasiz, Toshkentda GUMda katta savdo markazimiz bor edi. Uni butun mol-mulki bilan musodara qildilar. Maksim Gorkiy metro bekati yonida yana bitta kiyim-kechak va oziq-ovqat sotadigan do‘konimiz bor edi. Samarqand shahrida eski TsUM deyishardi, shu binoda ham kiyim-kechak sotadigan do‘konimiz bor edi, uni ham musodara qilishdi. Olmaliq shahrida esa savdo markazi bo‘ladigan bir do‘konda ish boshlayotgan edik, uni ham olishdi. Bundan tashqari, yana bir necha do‘kon va sarmoya kiritgan biznesimiz bor edi. Bularning hammasi tortib olindi va biz qo‘limizda pasportimiz bilan qup-quruq qaytib chiqdik O‘zbekistondan.

Ozodlik: Qancha zarar ko‘rdingiz?

- To‘g‘risi, men bu o‘rinda konkret summa haqida emas, balki bizga bir inson, xorijlik bir tadbirkor o‘laroq qilingan haqsizlik haqida gapirishni istar edim.

Ozodlik: Ammo siz juda katta biznesmensiz va siz ko‘rgan zararning summasini qariyb 60 million dollar, deb yozishdi. Shu to‘g‘rimi?

- Ha, shunaqa deyish mumkin. Lekin aytmoqchi bo‘lganim buni faqatgina "Turkuaz"ga qarshi qilingan bir haqsizlik, deb qabul qilish kerak emas. O‘zbekistonda juda jiddiy zulm bor. 2 mart kuni bizni va biznes hamkorlarimizning mol-mulklarini talon-taroj qilishdi, o‘zimizni kaltaklashdi va hibsda ham qattiq qiynoqlarga solishdi. Asosiy masala mana shu zulmda, menimcha,- deydi turkiyalik ishbilarmon Vohid Gunesh.

MXX hibsxonasidagi qiynoq


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri, Yunusobod tumani hibsxonasida 9 yarim oy saqlangan Vohid Gunesh o‘zi va sheriklariga nisbatan og‘ir qiynoqlar qo‘llanilganini aytmoqda.

Ozodlik: Guneshbey, sizga nisbatan ham qiynoq qo‘llanildimi, sizni ham kaltaklashdimi?

- Nafaqat meni, balki men bilan hibsga olingan 4 kishini ham kaltakladilar. Ham ish joyimizda, ham hibsxonada. Koshki faqat kaltaklashsa edi. Men sizga aytishim mumkin, biz bilan birga hibs qilingan 23 yoshli Hayretdin O‘ner, degan qardoshimiz bor. Hibsdan chiqqanimizga 4 oy bo‘lgan bo‘lsa, hali ham davolanayapti. Hanuzgacha oshqozon-ichaklari og‘ir xasta, shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Bundan tashqari, uning ruhiy holati juda abgor holatga tushgan. Xullas, juda bir og‘ir iskanjada yashadik biz.

Ozodlik: Guneshbey, "Turkuaz" shirkatiga nisbatan konkret qanday ayblovlar qo‘yildi?

- Biz nafaqat iqtisodiy jinoyatlar, balki siyosiy jinoyatlarda ham ayblandik. Ya‘ni, o‘sha bosqin kuni bu talonchilikni televideniye ham suratga olgan edi. Ko‘rgandirsiz, unda savdo markazida namozxonalar borligi, diniy kitoblar borligi, Mustafo Kamol Ota turkning surati chiqqani, Qur‘oni karim chiqqani aytildi va bular katta aybdek talqin qilindi. Go‘yoki, biz diniy da‘vatlar bilan shug‘ullanganmiz. Oradan 8 kun o‘tib esa, bojxona xizmati bizning mollarimizda kamchilik topdi va jami 142 ming so‘mlik jarima soldi. Biz bu jarimani o‘taylik, dedik. Ammo, ular ko‘nmadi va bizni hibsda qoldirishdi. Xullas, hozir bizga qo‘yilgan ayblovlarning hammasini aniq aytib berolmayman. Ammo, bularning hammasi asossiz ayblovlar edi.

Ozodlik: O‘zingizni biror bir shaklda himoya qilish imkoni bo‘ldimi?

- Biz butun mol-mulkimizni shundoqqina berdik ularga. Keyin ular bizga go‘yoki yaxshilik qilishdi va 700 ming dollar pulimizni pora o‘laroq olib, bunga rahmat dedirib, go‘yoki jonimizni qutqarishdi, yurtimizga qaytarishdi. Himoya qilish imkoni haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Xo‘p bizni qo‘ya turing, aslida men sizga u yerdagi o‘ta qo‘rqinchli bir vaziyatni aytmoqchiman. U yerda biz zulm ostida o‘lgan odamlarni ko‘rdik. Qo‘llari, boshlari pachoqlangan, tanasi parchalangan odamlarni ko‘rdik. U Yunusoboddagi hibsxonada odamlar na advokati, na oilasi bilan ko‘risha oladi. U yerda jiddiy zulm bor, buni dunyoga eshittirish kerak.

Ozodlik: U yerda qiynoq ko‘p qo‘llaniladimi?

- Juda ko‘p, ko‘p. Faqat kaltaklash emas. Juda og‘ir qiynoq bor u yerda. Elektr toki bilan qiynoqqa solishadi tutuqunlarni. Turli qiynoqlar borki, agar faqat urish bo‘lsa, rozi bo‘lardingiz. Urish unaqa og‘ir qiynoq emas aslida.

Ozodlik: Hozir O‘zbekiston hibsxonasida sizning yurtdoshlardan yana kimlardir bormi?

- Aniq necha kishi ekanini bilmayman. Lekin, taxminan, 15 kishi borligidan xabarim bor. Ular hanuz hibsda.




60 million dollarlik haqni undirish niyati


Qiynoqlar ostida kechgan so‘nggi 9 yarim oy va bunga qadar kechgan 7 yillik biznes faoliyatidan so‘ng O‘zbekistondan qup-quruq chiqarib yuborilgan turk tadbirkori o‘zining ulkan haqsizlikka uchraganini aytib, mahkamaga murojaat qildi.

U 60 million dollarlik haqqini undirish va unga nisbatan qilingan qiynoqlarga mas‘ul shaxslarning javobgarlikka tortilishiga erishish niyatida.

- Sizga shunday aytay maqsadimni: sukut saqlash bilan hech yerga yeta olmaymiz. Bunday haqsizlik va zulmni ko‘rgan inson o‘laroq biz sukut saqlamasligimiz kerak. Biz o‘zimizga va boshqa insonlarga bo‘lgan zulm haqida gapirishimiz kerakki, bu ulkan zulmni dunyo eshitsin, bilsin! Mol-mulkimga keladigan bo‘lsak, men Turkiyada mahkamaga murojaat qildim. Ish boshlandi va o‘z haqqimni undirish uchun oxiriga qadar harakat qilish niyatidaman. Ishonchim komilki, bu haqsizlik va zulm javobsiz qolmasligi kerak! - deydi turkiyalik 46 yoshli tadbirkor, O‘zbekistonda mulki to‘la musodara qilingan "Turkuaz" shirkatining egasi Vohid Gunesh.

"Turkuaz" shirkati O‘zbekistonga ilk bor 2004 yilda "Gunesh Tekstil" nomi ostida sarmoya kiritgan edi.

Vohid Gunesh yolg‘iz emas


Toshkent shahri, keyinchalik esa Toshkent viloyati va Samarqand viloyatlarida katta savdo markazlari ochildi va bu markazlarda ishlayotgan xodimlar soni 2011 yilga kelib 1 yarim ming kishidan oshgan edi.

Asosan, kiyim-kechak, ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan ulkan savdo tizimi bo‘lgan Vohid Gunesh biznesi 7 yil ichida 60 million dollarlik biznesga aylangan hamda O‘zbekistondagi yirik xorijiy savdo tarmog‘iga aylangan edi.

2011 yilning 2 martida bu tarmoq orasida eng yirigi bo‘lgan Toshkent shahridagi "Turkuaz" savdo majmuiga qilingan qora niqoblilar reydi turk matbuotida ham keng yoritilgan va xususan, "Haber" agentligi qora niqoblilar soni 500 dan ortiq ekani haqida yozgan edi.

Turk matbuotida berilgan xabarlarga ko‘ra, ayni kezda bor budidan ayrilib, buning ustiga xasta bir holda Turkiyaga qaytarilgan tadbirkor va o‘z haqqi uchun kurash boshlagan Vohid Guneshni O‘zbekistonda haqsizlikka uchragan boshqa yirik turk tadbirkorlari ham quvvatlash niyatini bildirgan.
XS
SM
MD
LG