Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:04

Advokat Xasavov: Rossiyaga shariat sudlari kerak!


Moskvalik advokat Dagir Xasavov.
Moskvalik advokat Dagir Xasavov.

Moskvalik advokat Dagir Xasavov Rossiyada shariat sudlarini joriy qilish masalasini ko‘tardi. Xasavovning aks holda “Moskva qonga belanishi” to‘g‘risida qilgan bayonoti Rossiya jamoatchiligining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Moskvaning Meshchan tuman sudi bir yildan buyon Moskva Jome‘ masjidini qayta ta‘mirlash loyihasi yuzasidan qaror chiqara olmayotgani moskvalik advokat Dagir Xasavovga shariat sudlarini tashkil etish taklifi bilan chiqishga undadi. U, shuningdek, shariat sudlariga hakamlik huquqini topshirishni taklif etdi.

Biroq, bu masalada “Ren TV” telekanaliga bergan intervyusida uning biroz keskinroq shaklda qilgan chiqishi Rossiyada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. U mahalliy sudlarni layoqatsizlikda ayblab, bunday dedi:

- Biz o‘z uyimizdamiz. Xohlaysizmi-yo‘qmi, biz o‘zimizga mos tartib-qoidalarni joriy qilamiz. Bu tartiblarni o‘zgartirishga qilingan har qanday harakat qon to‘kilishiga olib keladi. Moskva ikkinchi O‘lik dengizga aylanadi, biz shaharni qonga to‘ldiramiz, dedi advokat Xasavov.



Rossiyada shariy sud tartiblarini joriy qilish maqsadida Dagir Xasavov “Musulmonlar ittifoqi” inson huquqlari markazini tuzishni rejalashtirayotganini ma‘lum qildi.

- Biz bu tarmoqni Rossiyadan boshlab kengaytiramiz. Avvaliga Osiyo, keyinchalik Arab xalifaligi kengligigacha. Musulmonlar shu tariqa birlashishlari kerak. Rossiya esa bizga buning uchun sharoit yaratib berishi kerak, dedi Dagir Xasavov.

Ayni paytda, bu masala yuzasidan Rossiya Markaziy diniy boshqarmasi rahbari Talgat Tojuddin Xasavovning bu fikrlariga mutlaqo qo‘shilmasligini bildirdi. “Konstitutsiyaga ko‘ra, Rossiyada din davlatdan ajralgan... Mamlakatimizda o‘z sud tizimi mavjud, musulmonlar esa Rossiyaning teng huquqli fuqarolari sifatida undan foydalanib keladilar”, dedi Rossiya muftiysi Talgat Tojuddin.

Ko‘pchilikning fikriga zid ravishda, Moskva patriarxiyasi rasmiy vakili Vsevolod Chaplin “RSN” radiosiga bergan intervьyusida Rossiya musulmonlariga shariat sudlarini tashkil etishni taqiqlamaslikka chaqirdi.

Patriarxiyaning Sinod bo‘limi rahbari Vsevolod Chaplin Islom jamoasini chegaralamaslik va o‘z tartib-qoidalariga binoan yashashga imkon berish zarurligini alohida urg‘uladi. “Albatta, ular boshqalarni bu qoidalarga rioya qilishga majburlamasligi kerak”, deya xulosa qildi pravoslav cherkovi vakili.

Advokat Dagir Xasanovning Moskvaning “qonga belanishi” to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari Rossiyaning millatchi va irqchi harakatlariga tegishli sayt va forumlarda qizg‘in salbiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Rossiya Muftiylar Kengashi raisi muovini Rushan xazrat Abbosov Ozodlik Radiosi bilan suhbatda jamoatchilikni to‘lqinlatib yuborgan Dagir Xasavov bayonotini musulmonlar jamoasini badnom qilishga qaratilganligini ta‘kidladi.

- Rossiya Muftiylar Kengashi Xasavovning mazkur bayonotini provokatsiya sifatida qabul qiladi. Uning Moskvani “qonga belash” haqidagi fikrlari birinchi navbatda Rossiyadagi Islom jamoasi, musulmonlarining keskin qarshiligiga uchradi. Bu advokat musulmon jamoasiga o‘zining boshqa bu kabi bayonotlari bilan ham jiddiy zarar keltirganini eslash mumkin. Uning maqsadi bir: bu bayonotlar ortidan o‘zining shaxsiga jamoatchilik e‘tiborini qaratishdir, dedi Rossiya muftiyati vakili.

Rushan Abbosovning fikricha, Xasavov oldin ham Moskva Jome‘ masjidi rekonstruktsiyasiga qarshi chiqqan, muftiyat rahbariyatini badnom qilishga uringan.

Ayni paytda, bu masala yuzasidan siyosiy doiralar ham o‘z munosabatini bildirdi. “Yabloko” partiyasi Xasavovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishi yuzasidan Rossiya Bosh prokuraturasiga murojaat qilishini bildirdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tegishli tuzilmalarga advokat Dagir Xasavovning ushbu chiqishini millatlararo nifoqni qo‘zg‘atishga qaratilganligi asosida tekshiruv boshlash to‘g‘risida maxsus buyruq berganligi xabar qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG