Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:18

Tasavvufshunos olim Najmiddin Komilov olamdan o‘tdi


Uning tasavvufga oid ikki kitobi nashr etilgan. Shuningdek, Komilovning "Tafakkur karvonlari", "Bu qadimiy san‘at", "Do‘stlik ko‘priklari" kabi kitoblari chop etilgan.

Komilov Toshkent Davlat universiteti, Sharqshunoslik instituti, Davlat va Jamiyat qurilishi akademiyasida bir necha yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan.

Gorbachev hurriyati deya tarixga kirgan 1984-1990 yillarda Najmiddin Komilovning ijtimoiy siyosiy faol pallasi boshlandi.

1990 yilda Najmiddin Komilov "Erk" partiyasi ta‘sis yig‘ilishida nutq so‘zlab O‘zbekiston mustaqil¸ emin-erkin davlat bo‘lishi lozimligi haqida fundamental ma‘ruza qilgan edi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Najmiddin Komilov, 1999-2001 yillarda O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi lavozimida ishladi.

Komilov 1939 yilda Tojikistonning Panjakent tumanida tug‘ilgan edi.

Najmiddin Komilov vafoti munosabati bilan uning shogirdlari va yaqinlariga mikrofon tutdik.

Najmidin Komilovning olamdan o‘tganini Ozodlik radiosiga taniqli adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva yetkazdi:

- Hozirgina juda katta olim, tasavvuf bilimdoni, o‘zbek mumtoz adabiyotining ham she‘rini, ham nasrini nihoyat darajada yaxshi bilgan ulkan olimimiz Najmiddin Komilovdan judo bo‘libmiz. Bu voqea nafaqat do‘stlarininggina yuragini yondirmaydi, balki butun adabiyot bilan qiziqqan, o‘zimizning ajdodlarimizning ijodi bilan qiziqqan hammaning yuragini vayron qiladi¸ deydi Suyima opa.





Suhbatdoshimiz Suyima opa¸ Najmiddin Komilovning o‘limi ayniqsa yoshlar uchun yo‘qotish bo‘ldi deb afsuslandi:

- Najmiddinni yo‘qotganimiz hali ancha ko‘p yillar his qilinadi. Ayniqsa yosh avlod Najmiddinning darsida talabalar muddatidan ilgari kelib xonada o‘tirishardi¸ deydi taniqli olima.

Najmiddin Komilov lektsiya o‘qiydigan zalga hammadan oldin borib o‘tirib oladigan sobiq talaba¸ hozirda jurnalist Qudrat Bobojon Stokgolmda yashaydi.

Domla bizga erkin fikrlashni o‘rgargan edi, deb eslaydi Qudrat:

- Esimda bor o‘sha paytda bizda maxsus qonunlar qabul qilinayotgan edi talabalarning erkin qatnashishi darsga. O‘sha paytda biz keraksiz hisoblangan fizkultura, voyenniy kafedra darslari o‘rniga biz Najmiddin akaning kafedrasi darslariga borib o‘tirardik. Sababi, tarjima kafedrasining domlalari kuchli domlalar edi. Ayniqsa, Najmiddin akaning lektsiyalariga ishtiyoq kuchli edi. U filologiya fakulteti tarjima kafedrasi mudiri edi adashmasam o‘sha paytda. U mening diplom rahbarim ham edi. Biz u kishining darslarini ko‘proq eshitishni istardik boshqa domlalarga nisbatan. Umuman o‘zining erkin fikrlari bilan ajralib turardi Najmiddin aka¸ deb eslaydi Najmiddin akaning shogirdi.

Najmiddin Komilovning yana bir shogirdi taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam xozir "Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri¸ qator romanlar muallifi. Agar adabiyotda biror narsa o‘rgangan bo‘lsam¸ buning uchun Najmiddin akaga burchliman, deydi suhbatdosh:

- Najmiddin Komilov bizning ustozimiz edi. Universitetga kirgan yillarimizdan boshlab qariyb 25 yildan beri domlani bilamiz. Talabalik yillarimizda Najmiddin akaning uylariga ham borib suhbatlarini olganmiz. Chunki yaxshi ko‘rardik domlani ham inson sifatida, ham olim sifatida. Domlaning, ayniqsa, tasavvuf ilmi borasida o‘zbek adabiyotida juda katta ishni amalga oshirganligini qayd etish kerak. Birinchi navbatda men shuni aytmoqchimanki, o‘zbek adabiyoti tasavvuf sohasida juda ko‘p ishlar qilinayapti, juda ko‘p olimlarimiz bor. Yaxshi-yaxshi ishlar qilinayapti. Hammasiga rahmat aytgan holda Najmiddin akaning ulardan bitta farqi shundan iborat ediki, Najmiddin aka tasavvufni sistemaga sola bildi¸ deya ta‘kidlaydi taniqli yozuvchi.




Olim bo‘lish oson odam bo‘lish qiyin...


Najmiddin Komilov haqida gapirar ekan Suyima G‘aniyeva fors tilida ayni maqolni keltirdi. G‘aniyeva nazarida¸ Komilov nafaqat buyuk olim, balki katta qalbli inson bo‘lgan.

Taniqli yozuvchi Ahmad A‘zam¸ Najmiddin Komilovning insoniy qadriyatlariga guvoh bo‘lgan bir do‘st sifatida gapiradi:

- Shuncha buyuk olimligiga, juda katta allomaligiga qaramasdan juda sodda, kamtar, yaxshi inson edilar. Qachonki birov yordam so‘rab borsa, hech qachon yo‘q demaganlar. Mening o‘zimga ham necha marta yordam berganlar. Masalan, mening ukam Quddus A‘zamov Rus tili va adabiyoti institutini bitirgan. Men borib “Najmiddin aka, shuni shogirdlikka olsangiz” desam, bajonidil olib, avval unga eski imloni o‘rgatib, undan keyin Qodiriyning asl matnini o‘rganishga, ruscha tarjimalar bilan chog‘ishtirishga ruxsat berganlar¸ deydi munaqqid.



Najmiddin Komilovning tasavvuf borasidagi asarlari g‘arbdagi mutaxassislar tarafidan qadrlanadi.

Germaniyaning Humbold universiteti professori Ingaborg Baldauf nazarida Komilov asarlari haqida fikr bildirish uchun hech bo‘lmaganda Komilov darajasida tasavvufni bilish lozim.

O‘zbekistonlik olim Ibrohim Haqqulov esa yetuk olimlar bir-bir tark etib huvillab qolgan ilm bog‘i taqdiridan xavotirda:

-Katta yo‘qotish. Bunaqa olim yana qachon paydo bo‘ladi, paydo bo‘ladimi yo‘qmi bu ham bir muammo. Mana shunday bilag‘on olimlar bugun biz uchun suvday, havoday zarur edi. Ularning o‘rnini bosadigan odamlar afsuski kundan kunga kamayib ketayapti, deydi Ibrohim Haqqul.



El yurt dardi bilan yashagan olim


Gorbachev hurriyati deya tarixga kirgan 1984-1990 yillarda Najmiddin Komilovning ijtimoiy siyosiy faol pallasi boshlandi.

Avvaliga u universitet kafedrasidan turib o‘zbek talabalari shuuriga erkin fikrlarni joylay boshladi.

Keyin esa qayta qurish davri tiklagan minbarlardan turib erkinlik¸ egamenlik haqida fikrlar bildirdi.

1990 yil aprel oyida Najmiddin Komilov O‘zbekiston "Erk" demokratik partiyasi ta‘sis yig‘ilishida nutq so‘zlab O‘zbekiston mustaqil¸ emin-erkin davlat bo‘lishi lozimligi haqida fundamental ma‘ruza qilgan edi.

Najmiddin Komilov bilan o‘sha paytda bir safda bo‘lgan yozuvchi Erkin A‘zamov eslaydi:

- Najmiddin aka, Olloh rahmat qilsin, hech qachon xalqning dardidan, xalqqa kerali g‘oyalardan o‘zlarini chetga olmagan. Hamma vaqt mana shu nimalarga o‘zlarini o‘rtaga urgan, oldingi qatorda yurgan odamlar. Umuman afkor ommani yetaklovchi, afkor ommaning liderlaridan biri olimlar orasida ham, oddiy odamlar orasida ham¸ deydi yozuvchi Erkin A‘zamov.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Najmiddin Komilov, 1999-2001 yillarda O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi lavozimida ishladi.

Najmiddin Komilov bilan keyinchalik suhbatlashganimizda MSK raisi bo‘lgan davrlarni eslamaslikka harakat qilar edi. Qo‘ying shu gaplarni Shuhratjon, keling Ogahiydan gaplashaylik, der edi.

Dardu dilim ong‘a dedim,
Dema oni mang‘o dedi,
Man senga oshiq bo‘libman.
Lozim erur ang‘o dedi.


Ogahiyning bu misralari Najmiddin Komilovning sevgan satrlari edi.

Ogahiy endi senga o‘lmakdan o‘zga chora yo‘q


Xiva xonligida ulkan vazir bo‘lgan Ogahiy shaxsi sovet davrida tadqiqot uchun tavsiya qilinmagan edi. Aynan Komilov jasorati bois O‘zbekistonda Ogahiy ijodi keng tadqiq va targ‘ib bo‘ldi.

Komilovni o‘limidan bir kun oldin borib ko‘rganida Suyima opa Ogahiy haqida suhbatlashganini aytadi:

- Najmiddin bilan biz so‘nggi bor gaplashganda so‘zni Ogahiydan boshladi. Najmiddin Ogahiy ijodini o‘rgangan. U paytda bu keng ma‘noda ham g‘oyaviy jihatdan, ham badiiy jihatdan o‘rganish u qadar kun tartibiga qo‘yilmagan edi. Najmiddin ana shunday narsani bo‘yniga olgan edi¸ deydi Suyima G‘aniyeva.

Ogahiy endi senga o‘lmakdan o‘zga chora yo‘q¸
Chin bukun jonimda dardim benihoya ko‘rmisham.
XS
SM
MD
LG