Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:59

Ustyurt sayg‘oqlari yangi tahdid ostida


Rasm Uznews.net saytidan olindi.
Rasm Uznews.net saytidan olindi.

Xavf manbai O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida o‘rnatilayotgan chegara to‘siqlarda ekani aytilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning shimoli-g‘arbiy chegara hududi bo‘ylab 200 ming kilometr kvadrat maydonda joylashgan Ustyurt platosida yashayotgan sayg‘oqlarning bugungi miqdori 200 mingdan ortiqroq ekani aytiladi.

Qizil kitobga kiritilgan bu jonivorlar soni bundan 4 yil muqaddam ham 1 milliondan oshiqni tashkil etgan.

Ustyurt platosidagi tabiat va hayvonot dunyosini kuzatib boradigan tabiatshunoslarning kuzatuvlariga ko‘ra, shu vaqtgacha sayg‘oqlar sonining tez suratlarda qisqarib borayotgani asosiy sababi hududdagi iqlimning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Ammo, endilikda tug‘ilgan yangi tahdid Qozog‘istonning Ustyurtdagi chegara hududi uzra sim to‘siqlarni o‘rnatish niyatidir.

Bu mintaqada aynan sayg‘oqlar migratsiyasini o‘rganib kelgan va ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan o‘zbekistonlik tabiatshunos-ekologning fikriga ko‘ra, ayni damda Qozog‘iston hududiga ko‘chgan sayg‘oqlar to‘dasi kuzning noyabr oylarida O‘zbekistonga qaytishi lozim.

- Agar bu hudud bo‘ylab, deylik, yilning oxiriga qadar to‘liq sim to‘siqlar o‘rnatiladigan bo‘lsa, u holda kuzda sayg‘oqlarning ortga qaytish yo‘li berkiladi. Bu esa jonivorlar uchun jiddiy tahdid. Chunki, hozir ularning qo‘shni Qozog‘istonga o‘tish mavsumi bitdi, hisob,- deydi o‘zbekistonlik tabiatshunos-ekolog.

Sayg‘oqlar har yili mart oylarida Qozog‘iston hududiga o‘tadi va yozning issiq qismini o‘sha yerdagi o‘tloqlarda kechiradi. Keyin esa qishki sovuq yaqinlashi bilan noyabr oyidan yana O‘zbekiston hududidiga qaytadi.

Ekolog ommaviy axborot vositalarida bu jonivorlarning yo‘liga o‘rnatilayotgan to‘siqlar haqidagi xabarni eshitib, qattiq xavotirga tushganini aytmoqda.

- Men shu yilning yanvar oyida Ustyurtda bo‘lib qaytdim va o‘sha kezda u yerdagi o‘zbek-qozoq chegarasida sim to‘siqlarga ko‘zim tushmadi. Hozir bormi-yo‘qmi bexabarman. Ammo, keyingi kunlarda ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston tomonining narkotrafik, qurol-yarog‘ savdosi va chegaradagi noqonuniy bordi-keldilarni tugatish niyatida chegarani to‘sish maqsadida ekanini eshitib turibman, - deydi suhbatdosh.

Kuni kecha qator axborot vositalari Qozog‘iston Chegara xizmati rahbari Nurjan Mirzaliyevga tayanib, ikki davlat chegarasida muhandislik inshootlari qurilishi rejalanayotgani haqida xabar bergan edi.

Xususan, CA-NEWS nashri Mirzaliyevdan keltirgan iqtibosda: "Bu yil Qozog‘iston Respublikasi chegara xizmati Yettisoy viloyatidan to Kaspiy mintaqasiga qadar muhandislik inshootlarini qurishni rejalamoqda", deya ma‘lum qilgan edi.

Chegara xizmati rahbariga ko‘ra, gap 2 yarim ming kilometrlik chegara chizig‘i haqida bormoqda.

Muhandislik inshootlari deyilar ekan, Qozog‘iston tomoni chegarani nima bilan to‘smoqchi ekani, ya‘ni sim to‘siqlarmi, handaqlami yoki devor - bu haqda hali aniq ma‘lumot berilgani yo‘q.

Ammo, Uznews.net nashri shu kunlarda bergan xabarida, Qozog‘iston tomoni aynan Ustyurt platosi bo‘ylab o‘tgan yilning kuzidan buyon 100 kilometrlik masofaga 180 santimetr balandlikdagi sim to‘siqlarni o‘rnatib ulgurgani haqida yozdi.

Hozircha, na Qozog‘iston chegara xizmati, na O‘zbekiston Davlat chegaralarini qo‘riqlash xizmatlari bu xabarni tasdiqladi.

Xususan, O‘zbekiston chegaralari bo‘yicha Respublika Bionazorat boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Grigoryan Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu borada hech qanday rasmiy ma‘lumot yo‘qligi va shu bois biror izoh bera olmasligini aytdi.

Ammo, bu mulozimning o‘zaro suhbatda aytishicha, ikki davlat o‘rtasida sayg‘oqlar muhofazasiga oid kelishuvlar, memorandumlar bor va Qozog‘iston tomoni sayyog‘oqlarning tabiiy migratsiyasi kechadigan hududni yopishga jazm etmaydi.

Bunga umid qilgan o‘zbekistonlik ekologning Ozodlikka aytishicha, aslida ikki davlat o‘rtasida sayg‘oqlarni asrash bo‘yicha 2006 yilda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi, afsuski, qog‘ozda qolib ketmoqda.

- Bundan 4 yil muqaddam ham sayg‘oqlarning umumiy soni 1 milliondan ortiq edi. Ularning 200 mingga tushib qolishiga sabab brakonerlik, deyishadiyu, aslida bu emas. O‘tgan yili Qozog‘iston hududida sayg‘oqlarning ommaviy nobud bo‘lishi kuzatilgan va bunga Ustyurtning Qozog‘iston hududidagi qurg‘oqchilik, yaylovlarning qisqarishi sabab bo‘lgan edi, - deydi ekolog.

Bundan tashqari, Ustyurt tekisligi bo‘ylab O‘zbekiston tomoni qurayotgan yangi neft qazib olish inshootlari ham sayg‘oqlarning migratsiyasiga to‘sqinlik qilmoqda.

- Hozir gaz-neft ishlab chiqarish sohasi ham katta muammo bo‘lib turibdi. Masalan, Buxoro-Ural gaz quvuri ta‘mirlanishi oqibatida sayg‘oqlarning kattagina bir qabilasi o‘zining bahorgi migratsiyasi yo‘nalishini o‘zgaritirib yubordi, - deydi tabiatning nodir bu jonzotlari himoyasi bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik ekolog.
XS
SM
MD
LG