Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:07

Matbuot erkinligi - O‘zbekiston oxiridan uchinchi


O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha eng oxirgi o‘rinlardan birida qolmoqda. Freedom House – Ozodlik uyi tashkilotining “Matbuot erkinligi” bo‘yicha 2012 yilgi hisobotiga ilova qilingan ro‘yxatdagi 197 malakat orasida O‘zbekiston yana 195 o‘rinni egalladi.

Freedom House tashkilotiga ko‘ra, keyingi bir yil davomida dunyoda olti kishidan birigina erkin matbuotdan bahramand bo‘lgan va bu keyingi o‘n besh yil ichida eng yomon ko‘rsatkichdir.

“Matbuot erkinligi”ga oid navbatdagi hisobotda Freedom House 197 mamlakatdagi huquqiy, siyosiy va iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, bosma, elektron va internet matbuoti ahvoliga baho berdi.

Tadqiqotdan kelib chiqqan xulosaga ko‘ra, dunyo aholisining 14,5 foizigina erkin matbuot muhitida yashaydi, bu esa tashkilot mazkur sohani o‘rgana boshlagan 1996 yildan beri kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkichdir.

Tadqiqot mualliflari fikricha, O‘zbekistonda matbuot mutlaqo erkin emas va reyting ostidagi bu mamlakatdan keyin Turkmaniston va Shimoliy Koreyagina qo‘yilgan.

Bunda, Belarus, Eritreya, Ekvatorial Gvineya, Efiopiya va Birma kabi mamlakatlarda ham matbuot erkinligi bo‘g‘ilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, bu mamlakatlarning ko‘rsatkichlari O‘zbekistondan ko‘ra yaxshiroq ekani aytilgan.

Ro‘yxat ostidan o‘rin olgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonda, deyiladi hisobotda, “matbuot erkinligi mutlaqo bo‘g‘ilgan, mahalliy matbuot rejim so‘zchisiga aylangan, fuqarolarning xolis axborot olish imkoni cheklangan yoki undan mahrum qilingan, o‘zgacha fikrlash esa qamoq, qiynoq va repressiyaning boshqa ko‘rinishlari bilan jazolanadi”.

Freedom House tashkilotining vitse-prezidenti Kristofer Uoker, Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistondagi so‘nggi mustaqil nashr sanalgan “Zerkalo XXI” gazetasining o‘tgan yili moliyaviy qonunbuzarliklar vajidan yopilganini mamlakatdagi ayanchli vaziyatga misol qilib keltiradi.

Kristofer Uoker gazetaning yopilishi ortida rejim qo‘li borligiga shubha qilmaydi.

“O‘zbekiston ichida mustaqil gazeta nashr qilish va uni tarqatish mutlaqo imkonsizdir. Shuning uchun hukumatning informatsion makonni tozalashga kirishgani mamlakat rivojiga hissa qo‘shmaydi va o‘zbeklar boshdan kechirayotgan repressiya miqyosidan darak beradi”, deydi Freedom House vakili.

Hisobotda o‘tgan yili Yaqin Sharq va Shimoliya Afrikada ro‘y bergan "arab bahori" hodisasi bu mintaqadagi vaziyatga ta‘sir qilgani aytiladi.

Kristofer Uokern o‘tgan bir yil davomida matbuot erkinligi bo‘yicha Liviya va Tunisda “jiddiy siljishlar” kuzatilgani, Misrda ham ma‘lum o‘zgarishlar ro‘y berganini qayd etdi.

“Shu bilan birga, Yaqin Sharq mintaqasida matbuot muhiti shundoq ham ayanchli bo‘lgan qator mamlakatlarda vaziyat yanada yomonlashdi. Bularga Eron, Suriya va Bahraynlar kiradi”, deya qo‘shimcha qiladi Kristofer Uoker.

Sobiq ittifoq respublikalarida ham matbuot erkiniligiga oid muammolar dolzarb bo‘lib qolgani qayd etiladi yana hisobotda. Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlar “matbuot erkin bo‘lmagan”lar oifasiga kiritildi. Ukrainagina “matbuot qisman erkin” bo‘lgan mamlakatlar sirasidan orin oldi.

Matbuot erkinligi reytingining birinchi beshligidan Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Belgiya va Daniya o‘rin olgan.

Qo‘shma Shtatlar matbuot erkinligi bo‘yicha 22 o‘rin, Buyuk Britaniya esa 31 o‘rinni egallagan.
XS
SM
MD
LG