Линклар

Шошилинч хабар
07 октябр 2024, Тошкент вақти: 01:45

O‘zbek qo‘shiqchilarining gastrolga chiqishi “O‘zbeknavo” nazoratida


Feruza Jumaniyozova iznsiz xorij gastroliga borib, litsenziyasidan mahrum bo‘lgan qo‘shiqchilarning birinchisi bo‘ldi.
Feruza Jumaniyozova iznsiz xorij gastroliga borib, litsenziyasidan mahrum bo‘lgan qo‘shiqchilarning birinchisi bo‘ldi.

Artistlarning tashqariga chiqishidan hayrli bir alomat ko‘rmagan “O‘zbeknavo” ma‘muriyati maxsus qaror qabul qildi. Bu qarorga ko‘ra, bundan buyon chet elga gastrolga boradigan ashulachi “O‘zbeknavo” bilan maxsus shartnoma imzolashga majbur.

O‘zbekiston tashqarisida, xususan Rossiya, Janubiy Koreya va AQShda o‘zbek diasporalari paydo bo‘lish barobarida o‘zbek qo‘shiqchilarining o‘sha mamlakatlarga gastrollari ham ko‘payib qoldi.

Ortiq Otajonov, Sherali Jo‘rayev, Olmahon Hayitova, Yulduz Usmonova va Ozodbek Nazarbekovlarning AQSh, Isroil va Rossiyadagi kontsertlari aks etgan audio-video albomlar sotuvga chiqarilgan.

Tashqarida muqim bo‘lgan o‘zbeklarning sunnat va nikoh to‘ylariga ham O‘zbekistondan “artist” chaqirish asta sekin urf bo‘la boshlagani kuzatiladi.

O‘zbekiston shou-biznesi bilimdoni, qo‘shiqchilarga “administrator”lik qiladigan toshkentlik Hiloliddin Abdujamolovga ko‘ra, chetga chiqqan artistning ikki muddaosi bor:

- Birinchidan bu artist falon, falon chet davlatlarda kontsert berib dunyoga mashhur bo‘ldim, deb gapirib yuradi. Ikkinchidan iqtisodiy tarafi. Gonorar degandek. Ba‘zi artistlar borgan joylaridagi kiyim magazinlariga borib kiyinib ham kelishadi. Hullas, har tomonlama yaxshi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ayni paytda chet elda kontsert berish tavakkal bir ish:

- Shuncha harajat qilib borilganidan keyin, kontsertga hech kim kirmasa, ikki qo‘lini burniga tiqib, sho‘ppayib qaytib kelayotganlar ham bor. Bunaqa paytda o‘ziga to‘q baquvatlari chiqimga rozi bo‘lib o‘zidan o‘tganini o‘zi bilib o‘tiraveradi. Protsentga pul olib ketgan kambag‘alroq qo‘shiqchilar bunaqa paytda yomon qiynaladi, deydi suhbatdosh.

O‘sha qiynalgan qo‘shiqchilardan bir nechtasi “chet elda chuv tushirishdi” deb arz qilganidan keyin “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi san‘atkorlarni xorij mamlakatlariga kontsert uchun borganda firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

“O‘zbeknavo” ogohlantiruvi


Birlashma matbuot xizmati 28 aprel kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, san‘atga aloqasi bo‘lmagan shaxslar xorij mamlakatlarida, jumladan, AQShda kontsert o‘tkazish yuzasidan xonandalar bilan muzokaraga kirishib, aldov yo‘li bilan ulardan pul undirishi holatlari ro‘y bermoqda.

Shu munosabat bilan, “O‘zbeknavo” xorijda kontsert taklifi bilan chiqqan shaxs haqida aniq axborotga ega bo‘lmay turib shartnomaga imzo chekmaslikni talab qilgan.

“O‘zbeknavo”ga ko‘ra, san‘atkorlar xorij safari va uning tashkilotchisi haqida birlashma bilan maslahatlashishi zarur.

Shu bilan birga, “O‘zbeknavo” san‘atkorlarni xorij safariga chiqishdan avval birlashmaga rasmiy bildirishnoma berishi zarurligini ham eslatgan.

Mamlakatdagi san‘atkorlarni nazorat qiluvchi mazkur idora 26 aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklariga iznsiz borib kelgani uchun taniqli xonanda Botir Qodirovni litsenziyadan mahrum qilgan edi.

Bundan oldin "Nihol" mukofoti sovrindori Feruza Jumaniyozova ham yaqin xorijga chiqqani uchun litsenziyadan maxrum qilingan edi.

“O‘zbeknavo” Feruza Jumaniyozova yuzasidan o‘z rasmiy nashrida izoh bergan edi:

"O‘zbeknavo” estrada birlashmasini rasman ogohlantirmay 2010 yil 13-16 iyulь kunlari Tojikiston Respublikasining bir qator shaharlarida noqonuniy kontsertlar bergan F.Jumaniyozova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 14 noyabrdagi 498-son Qarorining talablarini hamda litsenziya Bitimini qo‘pol ravishda buzgan. Shu sababli Milliy estrada san‘atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining joriy yil 20 iyuldagi 14-son majlisida xonandaning litsenziyasini vaqtinchalik to‘xtatish haqida qaror qabul qilingan.”

“O‘zbeknavo”ning qora ro‘yxati


O‘zbekiston shou dunyosini nazorat qilish avvaliga madaniyat vazirligiga oid filarmoniyalar tarafidan amalga oshirilgan edi.

1990 yilda Turkiyaga ketib qolgan o‘zbek qo‘shiqchisi Shohsanam Qilichevaga qarshi jinoiy ish ochish tashabbuschisi Xorazm viloyat filarmoniyasi bo‘lgan edi.

Ayni paytda qo‘shiqchilar jilovini tutib turish “O‘zbeknavo” zimmasiga yuklatilgan.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Turkmanistonning sobiq rahbari Saparmurot Niyozov tirikligida unga atab madhiya aytdi, go‘yo Turkmanboshi yozdi deb aytilgan "Ejam" degan qo‘shiqni kuyladi.

- Man haqiqatda qalbimning ichigacha yetib borgan hislarimni armug‘on qildim. Saparmurod Niyozov yozgan bu qo‘shiqni men yurak-yurakdan his qilib chin dildan kuyladim. Turkmancha yozilgan bo‘lsa ham tushunib yetdim. I man bu qo‘shiqni ijro etganimda Saparmurod Niyozov ta‘sirlanganidan ko‘ziga yosh olib yig‘ladi, degan edi Ozodlik bilan suhbatda Yulduz Usmonova.

O‘zbekiston prezidenti devonidagilar va “O‘zbeknavo” ma‘murlari turkman prezidentiga o‘zbek hofizining madhiya aytganini eshitib, mutaassir bo‘lmadilar. Aksincha, hushyor tortdilar. O‘zbekiston mustaqilligi va navro‘z tantanalarining "bosh artisti" bo‘lgan Yulduz Usmonovaning ishlari teskari ketishiga aynan Turkmanboshiga atalgan qo‘shiq sabab bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston yoshlari orasida taniqli “Asr” guruhi ashulachisi Abdulaziz Karimov kriminal dunyo vakili deya tanilgan Salim Abduvaliyevga bag‘ishlab madhiya aytganidan keyin litsenziyasi olib qo‘yildi.

- Siz endi damingizni olarkansiz deyishdi menga, degan edi Ozodlik bilan suhbatda Abdulaziz Karimov.

Ayni paytda Abdulaziz Karimov qo‘shni Qozog‘iston kafe va restornalarida ashula aytishga majbur qolmoqda.

Safar uchun izn lozim



“Artist”larning tashqariga chiqishidan hayrli bir alomat ko‘rmagan “O‘zbeknavo” ma‘muriyati maxsus qaror qabul qildi.

Bu qarorga ko‘ra bundan buyon chet elga gastrolga boradigan ashulachi “O‘zbeknavo” bilan maxsus shartnoma imzolashi shart.

Ozodlik muxbiri “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi kontsert-gastrol bo‘limi mulozimi bilan suhbatlashib masalaning naqadar jiddiy ekanligini o‘rgandi.

“O‘zbeknavo” ma‘muri (ismi aytilmasligini maqul ko‘rdik) Ozodlik bilan suhbatda "iznsiz chetga chiqadigan qo‘shiqchilar o‘z oyoqlariga bolta uradi", dedi ma‘noli qilib.

Gapim quruq bo‘lmasin degan mulozim, Dubayga iznsiz borgani uchun litsenziyadan mosuvo qilingan Botir Qodirov taqdirini misol qildi.

Suhbatdan ayon bo‘lishicha, chet elga chiqib qo‘shiq kuylashni orzu qilgan qo‘shiqchi, qayerga bormoqchi ekani, kim chaqirgani, u bilan gastrolga yana kim borishi haqida maxsus bildirgi taqdim qiladi. Ana undan keyin maxsus shartnoma imzolanadi.

Ozodlik: Xo‘sh masalan, xorazmlik xofiz qo‘shni turkmaniston yoki bekobodlik qo‘shiqchi Tojikistonga mexmonga borsa, to‘yda qo‘liga tor olib bir juft qo‘shiq aytsa, shunga ham ruhsat kerakmi?

- Albatta. Hukumatning chiqargan qonuni bu. Tojistonga boradimi, Turkmanistongami baribir izn olishi lozim.

Suhbatdoshga ko‘ra aks holda litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatganlik aybi bilan san‘atkor jazolanishi mumkin.

O‘zbek shou dunyosi ikir-chikirlaridan xabardor Hiloliddin Abdujamolovga ko‘ra, tashqariga chiqib kontsert berib kelgan artistlar Amerikada falon dollar oldim, Isroilda falon pul oldim deb maqtanishadi:

- Ustidan pul sochilayotgani aks etgan videotasvirlarni internetga yuklashadi. Kecha Dubayda edim ertaga Parijga boraman deb o‘zlari haqida afsonalar yaratilishiga sabab bo‘lishadi.

Suhbatdoshga ko‘ra, aynan ana shu holat bois maxsus idoralarning ularga qiziqishi ortgan.

O‘zbekiston Xalq artisti maqomidagi bir hofiz Ozodlik bilan suhbatda AQShga borib kelganidan keyin Turkiston saroyidagi maxsus xonada SNB xodimi tarafidan 2 soat so‘roq qilinganini aytgan edi.

Tashqarida o‘zbek artistlarining bozor kasod


O‘zbekiston ichkarisidagi afsonalardan farqli tarzda o‘zbek artistlarining xorijdagi kontsertlari foyda keltirmaydigan sohaga aylanayotgan ko‘rinadi.

O‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan hudud bo‘lgan Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida "Obmorok I Mama" ansamblini tuzgan asli xorazmlik hofiz Ihtiyorga ko‘ra, keyingi paytda tashkil qilingan kontsertlarga chipta sotilishi qiyin kechmoqda.

Sheralidan ham, Ozodbekdan ham bezdik yangilari kerak


Ozodlik bilan suhbatda Sankt Peterburglik Ihtiyor rossiyadagi mardikorning cho‘ntagidan chipta puli chiqishi qiyinligini aytadi.

Rossiyadagi O‘zbek milliy markazi rahbarlaridan biri Husayn Bobojonov shu kunlarda O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Hulkar Abdullayeva kontsertini tashkil qilish harakatida yurganini bildirdi:

- Sheralini ham, Ozodbekni ham, Yulduzni ham uch to‘rt marta olib keldik. Muxlislar endi Hulkarni talab qilishmoqda.

Ayni paytda, o‘zbek qo‘shiqchilarini Rossiyada taqdim qiladigan Husayn Bobojonov bu sohadan pul chiqishiga ishonmaydi.
XS
SM
MD
LG