Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:48

Boris Nemtsov: Moskva Minsk emas!


Boris Nemtsov 6 may kungi "Millionlar marshi"da.
Boris Nemtsov 6 may kungi "Millionlar marshi"da.

Rossiya bo‘ylab 6-7 may kunlari o‘tkazilgan norozilik tadbiri tashkilotchilaridan biri¸ Xalq ozodligi partiyasi raisdoshi Boris Nemtsov Ozodlik bilan suhbatda muxolifatning demokratik Rossiya uchun kurashi davom etajigini aytadi.

Ozodlik: Rossiyaning so‘nggi saylangan prezidenti Vladimir Putin : "Biz demokratik davlatda yashashni istaymiz va yashaymiz" deya bayonot berdi. Bugun Siz demokratik davlatda yashayapsizmi?

– 6-7 may kunlari ro‘y bergan voqealar fonida bu gaplar masxarabozlik¸ yolg‘onchilik va tsinizm bo‘lib eshitiladi. Putinning bu bayonoti yoniga tinch namoyishchilarning kaltaklanishi aks etgan videotasvirlarni qo‘yish lozim.

Demokratik davlatda saylangan prezident o‘z vazifasini ijro etishga kirishar ekan¸ bu haqiqatda bayramdir. Bugungi Moskvaning holiga bir boqing – qamal holatida¸ favqulodda vaziyatda. 7 may¸ Putin inauguratsiyasi kunida¸ Moskva ko‘chalari¸ go‘yo atom bombasi portlatilgan kabi¸ huvillab qoldi. Shaharda faqat avtoqamoq va politsiyachilar qoldi.

Yangi Arbat yonidagi kafeda o‘tirish ham jinoyatga chiqarildi. Shaxsan meni “Jan-Jak” kafesiga yopirilib qilgan politsiyachilar dubinkalar bilan urdi¸ kiyimlarimni yirtdi.

Putin o‘zining nafaqat shavqatsiz¸ tsinik va yolg‘onchi ekanini¸ balki qo‘rqoqligini ham ko‘rsatdi. O‘z xalqidan bekinib¸ mashinasi o‘tadigan yo‘lni mutlaq tozalatadigan odam borib turgan qo‘rqoqdir.

Ozodlik: Rossiyadagi o‘zgarishlar uchun nozo‘ravon usullar bilan kurashish mumkinmi?

– Rossiya oldida boshqa yo‘l yo‘q zotan. Qonli inqiloblar o‘tmishimizda keragidan ko‘p bo‘ldi. Men muttasil¸ qat‘iy va keskin tarzda tinch ommaviy namoyishlar davom etishi kerak¸ degan fikrda qolaman. Namoyishchilarning qo‘lbola portlatgichlar¸ yasama pichoq¸ temir va toshlar ishlatishiga qarshiman.

Men 6 may kuni ko‘chaga chiqqanlar bilan¸ ularning jasorati¸ o‘z qadrini his qilishi bilan faxrlanaman. Zotan hokimiyatdagilar xalqning bu xo‘rlik va soxtakorliklarni ichga yutib¸ sassiz-sadosiz shashlikxo‘rlikka chiqib ketishi¸ oshxonada o‘tirib olib so‘kinib¸ ko‘chaga chiqmasligini kutgan edi. Ammo ayon bo‘ldiki¸ biz qullar emasmiz. Bu esa¸ juda jiddiydir.

Ozodlik: Siz liberallar uchun millatchilar¸ radikal kommunistlar kabi o‘ta toqatsiz ¸ o‘z fikrini yagona haqiqat deb biluvchilar bilan bir safda bo‘lish uyat emasmi?

– Biz mutlaq farqlimiz va hamma masalada ham so‘lchi¸ ham millatchilar bilan bahslashamiz. Ammo bizni birlashtiradigan bitta narsa bor¸ u ham bo‘lsa¸ siyosiy islohotlar rejasidir.

Ozodlik: Muxolifat namoyishlar bilan nimaga erishdi?

– Putinning hech ish qilmasdan faqat istagancha o‘g‘irlik va qo‘pollik qilishiga qarab turilmasligini ko‘rsatdik. Agar bu namoyishlar bo‘lmasaydi¸ biz allaqachon Minskka aylangan bo‘lardik. Minskdagi ahvolni gapirishning keragi yo‘qdir. U yerda odamlar tuganmas safsataga quloq osishga majbur mahkumlardir¸ ularni hatto mamlakat tashqarisiga ham chiqarishmayotir.

Putinning o‘z xalqidan o‘lim kabi qo‘rqishi va Lukashenko kabi rasvogarchiliklarni qilmayotganining birdan-bir sababi bizning maydonlarga chiqayotganimizdadir.

Bundan so‘ng ham tinch namoyishlarni kuchaytirib borish kerak. Yurishlar¸ namoyishlar¸ piket va ish tashlashlar¸ butunrossiya siyosiy ish tashlashlari va impichment talabini davom ettirish kerak.
XS
SM
MD
LG