Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:16

Valyuta "qora bozor"ida reydlar ko‘paydi


O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursi bilan "qora" kursi o‘rtasida 1000 so‘m farq bor.
O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursi bilan "qora" kursi o‘rtasida 1000 so‘m farq bor.

O‘zbekiston prokuraturasi rasmiylariga ko‘ra¸ mamlakatda noqonuniy valyuta operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kurash kuchaygani oqibatida "qora bozor"ning savdosi kasod bo‘lgan.

Prokuror hisob berdi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash deparatamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Janaboy Shaniyazovning “Huquq” gazetasida yozishicha “chet el valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritish holatlarini aniqlash va oldini olish borasida ko‘rilgan choralar tufayli 2011 yilda 54 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat va 36 ta ma‘muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida huquqbuzarlardan 31 198 AQSh dollari, 193 530 Rossiya rubli, 2 090 400 Qozog‘iston tengesi va 81,7 ming O‘zbekiston so‘mi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.”

Janaboy Shaniyazovning o‘zi Ozodlik bilan telefon suhbatida bir yil ichida 18 tagina jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, keyingi yillarda ko‘rilayotgan choralar bois bu kabi huquqbzarliklarning kamayib borayotganini ko‘rsatadi, deya ta‘kidladi.

- Normalniy, unaqa ko‘p emas. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha valyuta shahobchalari orqali gde to 30-32 million oldi-sotdisi bo‘lgan bo‘lsa qonuniy, uning yonida ular pochti mizerda. Bankdagi shahobchalar orqali. Mana statistikaga qarang. Jami Vestren Yunion, pochta orqali 100 millioncha kirib kelgan. Bankda qonuniy valyuta almashtirish shahobchalari orqali sotilgani gde to 30 million. Shularning yonida noqonuniy ko‘chada valyutafurushlardan ushlangani u siz nima deyayotganingiz. U degani odamlar uje qonuniy oldi-sotdi qilib yuribdi¸ deydi O‘zbekiston prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash deparatamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Janaboy Shaniyazov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, hozirda fuqarolarning o‘zlari ham qo‘lidagi valyutasini “qora bozordan” ko‘ra, rasmiy shahobchalardan almashtirishni afzal ko‘rib qolgan.

- Shahobchalar orqali almashtiradi pullarini. "Qora bozor"ga borish yo‘q. Yakka tartibdagi tadbirkor importyorlar chet davlatdan un, boshqa narsalarni import qilib olib kelishga bankdan oladida, shahobchadan. Ularga hozir plastik kartochkaga tushirib beradi. Unaqa katta miqdorda naqd topib bera olmaydida bank. Shuning uchun plastik Master kardlarga solib beradi. Shunga borib olib keladi. Mana davolanishga ketadi bir xillar. Unga ham kartochkaga solib beradi. Chet davlatlarning obmenniy punktlarida bemalol. Master kard bemalol almashtirib turibdi¸ deydi prokuratura rasmiysi.

Shuningdek, deya qo‘shimcha qildi Qoraqalpog‘iston prokuraturasi rasmiysi¸ “bir paytlar Nukus shahri bo‘yicha beshta “qora bozor” bo‘lgan bo‘lsa, hozir bitta qolgan xolos”.

Valyutafurush ne deydi?


Biroq valyuta ayirboshlashga kunda ishi tushib turadigan o‘zbekistonlik tadbirkorlar orasida prokurorning fikrlarini tasdiqlaydigani topilmadi. Toshkent “qora bozor”laridan birida pulni pulga urishtirib tirikchilik qiladigan Feruza ismli tadbirkor ayol Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bozordagi vaziyat biroz qiyinlashganini tan oldi. Lekin, deydi u, naqd so‘mning biroz taqchillashgani hisobga olinmasa, “qora” valyuta operatsiyalari odatdagidek ketmoqda.

- 100 dollarni 285 mingdan olyapmiz, deydi toshkentlik valyutafurush.

Bu manbaning aytishicha, “qora bozor”ga ishi tushayotganlarning ko‘pchilikni tashkil etishiga rasmiy kurs bilan “qora” kurs o‘rtasidagi farqning kattaligi¸ hamda davlat shahobchalaridan valyuta sotib olishning deyarli imkonsizligi sababdir.

O‘zbekiston Makraziy banki 8 may kuni o‘rnatgan davlat kursiga ko‘ra 1 AQSh dollari 1862 so‘mga teng. “Qora bozor”da esa dollaringizni 2850 so‘mga sotishingiz mumkin.

Ismni aytishni istamagan farg‘onalik tadbirkor qoraqalpog‘istonlik prokurorning davlat kursida valyuta sotib olish mumkinligi haqidagi gaplarini qisman tasdiqladi. "Lekin buni faqatgina bankda tanishi bor yoki bankning valyuta bo‘limi boshlig‘iga gapi o‘tadiganlar qila oladi¸ xolos", deydi u.

“Qora bozor”dagi pulfurushlarga qarshi kurashga kelsak, deydi tadbirkor bu hammasi xo‘jako‘rsinga, hisobot uchun qilinadigan ishdan boshqa narsa emas.

- Odatdagidek, reydlari bo‘ladi o‘zlarining. Departamentning reydi bo‘ladi. Ularning o‘zlarining informatorlari bor. Aytib qo‘yishadi ishlamanglar deb yoki bittasini ushlaganda hammasi tarqalib qochib ketadi, deydi Ozodlik bilan suhbatda farg‘onalik tadbirkor.
XS
SM
MD
LG