Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:10

Hindiston sarmoyadorlari ham muammoga duch keldi


O‘zbekistonda faoliyat yuritgan “Spentex Toshkent Toytepa” shirkati bankrot, deb e‘lon qilindi.

Hindistonga qarashli “Spentex” korxonasi Toshkent viloyat xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi chiqargan qaror yuzasidan apellyatsiya tayyorlayotganini aytmoqda. Lekin O‘zbekistonda biznes yuritishga harakat qilib, kuyib qolgan xorijlik sarmoyadorlar bu mamlakat hukumati bilan sudda tortishish foydasiz ish ekanini aytishmoqda.

To‘laligigcha Hindiston sarmoyasi hisobidan olti yil avval ish boshlagan “Spentex Toshkent Toytepa” korxonasi O‘zbekistonda jiddiy muammolarga duch kelgan navbatdagi xorij shirkati bo‘ldi.

“Spentex Toshkent Toytepa” korxonasining Toshkent viloyat xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi tomonidan bankrot deb e‘lon qilinishiga hind sarmoyadorlarining majburiyatlarni bajarmagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Aytilishicha, sud qarorida “Spentex Toshkent Toytepa” korxonasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ko‘zlanganidan ancha past bo‘lgani qayd etilgan. Xususan, 2010 yil uchun rejalashtirilgan 34,6 ming tonna ip-gazlama mahsulotlari yetkazib berilmagan. Mahsulotlar eksportidan olinishi ko‘zlangan 78 million AQSh dollariga teng daromad ham olinmagan.

“Spentex Industries Ltd.” shirkatining Nyu Dehlida joylashgan bosh qarorgohi vakili O‘zbekistondagi biznesda muammolar yuzaga kelganini tan oldi. O‘zini Raj deb tanishtirgan suhbatdoshimiz Toshkent viloyatida joylashgan korxona o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajara olmaganiga ikki yildan beri O‘zbekistonda kuzatilgan paxta xom ashyosi yetishmovchiligi va mamlakat bank tizimidagi noqisliklar sabab bo‘lganini ta‘kidladi.

- Hozirda O‘zbekistondagi biznesni qutqarishga harakat qilyapmiz. Muammolarga bank tizimi va xom ashyo yetkazishda duch kelganimiz kamchiliklar sabab bo‘ldi. Hozircha O‘zbekistonni tark etish niyatlarimiz yo‘q. Toshkent sudi chiqargan qaror yuzasidan apellyatsiya tayyorlayapmiz, dedi Spentex Industries vakili Raj.

Suhbatdoshimiz O‘zbekiston bank tizimidagi qaysi noqisliklar yirik korxonaning sinishiga olib kelganini izohlamadi.

“Spentex Toshkent Toytepa” bundan olti yil avval Janubiy Koreyaning “Kabool textiles” korxonasi o‘rnida to‘laligacha hind sarmoyadorlari hisobidan tashkil qilingan edi.

Janubiy Koreyaga qarashli “Kabool textiles” korxonasi ham 2006 yilda bankrot deb e‘lon qilinib, uning aktivlari O‘zbekiston hukumati tomonidan tortib qo‘ylgan va Hindistonning “Spentex Industries Ltd.” shirkatiga 81 million AQSh dollariga sotilgan edi.

O‘sha paytda Ozodlikka intervьyu bergan “Kabool textiles” shirkati rahbari Don Kang O‘zbekiston hukumati bir kun kelib hindistonliklarni ham chuv tushirishini komil ishonch bilan aytgan edi.

“Hindistonliklar hali O‘zbekistonda ishlash achchig‘ini tatib ko‘rmagan. Avvaliga ularni imtiyozlar bilan rom qilishadi. Vaqt o‘tib, ko‘proq daromad ko‘rish uchun imtiyozlarni bekor qiladi Hindistonliklar bunday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lib turishi kerak”,- degan edi 2006 yilda Don Kang.

O‘zbekistonda tekstil sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishga harakat qilib, kuygan koreys sarmoyadoriga hindistonlik izdoshlari yuz tutgan muammolarga munosabat so‘rab yana murojaat qildik.

Janob Kang bu yangilikdan rajiganini yashirmadi, lekin ayni paytda undan xayron bo‘lmadi ham.

- O‘zi hindistonliklar O‘zbekistonda ish boshlashi bilanoq o‘z biznesini saqlab qolishlari dargumon edi. Chunki Kabul tekstil ham O‘zbekistonda ish boshlaganida to‘qimachilik sohasidagi juda mustahkam shirkat edi. Bozorda o‘z o‘rnimiz bor edi, marketing ishlari zo‘r ketayotgan edi. Mahalliy ofisimizning, hatto O‘zbekiston rasmiylari bilan ham shaxsiy munosabatlari zo‘r edi. Faqatgina O‘zbekiston hukumati bilan Kabulning Koreyadagi bosh qarorgohi o‘rtasida biroz kelishmovchilik chiqqan edi. Lekin O‘zbekistondagi sho‘bamizning oshig‘i olchi edi, ish jihatidan ham, sifat jihatidan ham, mahalliy rasmiylar bilan aloqalarimiz ham, hammasi zo‘r edi. Lekin shunga qaramasdan, Koreyadagi bosh qarorgoh bilan arzimagan kelishmovchilik tufayli biznesimizni yo‘qotdik, deydi Don Kang.

Koreyalik tadbirkor ham O‘zbekistonda keyingi ikki-uch yil davomida paxta xom ashyosi yetishmovchiligi bo‘lganidan xabari bor. Nafaqat hind korxonasi, boshqa tekstil korxonalari ham O‘zbekiston hukumatining masu‘liyatsiz tarzda paxtani chetga sotib yuborganidan jiddiy zarar ko‘rdi, deydi u.

- Xom paxtaning jahon bozoridagi narxi ko‘tarilib ketgani bois O‘zbekiston paxtasiga xaridor ko‘paydi. O‘zbekiston hukumati orqa-oldiga qaramasdan paxtani keragidan ortiq chetga sotib yubordi va natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xom ashyo yetkazib berolmadi. Shu sababdan o‘tgan ikki yil davomida mamlakatdagi tekstil korxonalarining ko‘pchiligi katta zarar ko‘rdi, deydi Don Kang.

“Spentex” shirkatining Toshkent viloyat xo‘jalik sudi qarori yuzasidan shikoyat qilish rejalari haqida gapirar ekan, janob Kang bu tortishuvda hindlarning yutib chiqishi juda qiyin bo‘ladi deydi. “Har qalay shu paytgacha, O‘zbekiston hukumati bilan olishib, yutib chiqqanni ko‘rmadim, deydi u.

- Ularning vaziyati qanday ekanini bilmaganim uchun bir narsa deyishim qiyin. Agar hindlar barcha ishni risoladagidek olib borgan bo‘lsa, ya‘ni boshqaruv, hisobotlar va hokazolar to‘g‘ri amalga oshirilgan bo‘lsa, balki qandaydir imkoniyat saqlanib qoladi. Lekin ularning faoliyatida biror kamchilik topilsa bo‘ldi, unda O‘zbekiston hukumati bunday ishlarni yutib chiqishga usta bo‘lib ketgan. Bundan tashqari O‘zbekistonda sudlar hukumat tarafidan nazorat qilinishini ham unutmaslik kerak, deydi O‘zbekistonda millionlab sarmoyasidan ajragan koreyalik tadbirkor Don Kang.

“Spentex Toshkent Toytepa” keyingi ikki yil davomida O‘zbekistonda aktivlari tortib olinib, quvilayotgan birinchi xorij shirkati emas.

Britaniyaning “Oxus Gold”, Turkiyaning “Turkuaz”, Rossiyaning “Vimm-Bill-Dann”, AQShning “Newmont Mining” shirkatlari ana shundaylar sirasiga kiradi.
XS
SM
MD
LG