Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish portalining o‘tgan hafta oxirida ma‘lum qilishicha, O‘zbekiston Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mamlakat bo‘yicha avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash xizmati ko‘rsatish joylarida tekshiruvlar o‘tkazgan.
Qayd etilishicha, tekshirilgan 90 ga yaqin “stoyanka”ning barchasida qonunbuzarliklar aniqlangan.
Mutasaddi idora aksar avtomobillarni saqlash joylari mahalliy hokimiyatda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlab kelayotganini ma‘lum qiladi.
Masalan, Namangan shahar Bobur bog‘i hududidagi transport vositalarini saqlash joyi hujjatsiz faoliyat yuritgan, haydovchilardan olingan mablag‘ “stoyanka” xo‘jayinining hamyoniga tushgan.
Bunday holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo va boshqa viloyatlarda ham kuzatilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, avtotransportni vaqtincha saqlash maskanlari nazorat-kassa mashinasiga va plastik kartochkadan to‘lov qabul qiluvchi terminalga ega bo‘lishi kerak.
Monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi tekshiruvlarida terminallarsiz ishlayotgan 60 ga yaqin avtomobil to‘xtash joyi aniqlangan. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi “Termiz Baqtriya savdo” majmuasi, Termiz dehqon bozori, Angor tuman “Jo‘ra Mo‘minbobo” xususiy korxonasi, Sherobod tumanidagi “Oq oltin qush” xususiy korxonasi, Sirdaryo viloyati Guliston shahar dehqon bozoriga qarashli avtomobillarni saqlash joylarida iste‘molchilarga kassa cheki yoki kvitantsiya bermasdan haq olinayotgani, plastik kartochkadan foydalanish uchun terminallar yo‘qligi kuzatilgan.
– Viloyatlarni qo‘yib turing. Toshkentdagi istagan “stoyanka”ga boring, plastik kartochkadan pul olarmikan! Yo terminali bo‘lmaydi, yo u arzanda matoh “ishlamayotgan” bo‘ladi. Ko‘p joylarda pul to‘laganingizdan keyin na chek beradi, na boshqa qog‘oz, – deydi Toshkentda kira qiluvchi Muzaffar aka.
Hukumat tasdiqlagan nizomga ko‘ra, avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylari asfaltlangan, atrofi o‘ralgan, yoritish tizimi, yong‘inga qarshi vositalarga ega bo‘lishi lozim.
Mutasaddi idora taftishlarida hududlar bo‘yicha deyarli barcha avtomobil saqlash joylarida bu talablar to‘liq bajarilmayotgani ma‘lum bo‘lgan.
– Asfalt yotqizilmagan “stoyanka”lar ko‘p, birrovga kirsangiz, mashinangizga bir qarich chang o‘tiradi. Tagi tuproq, to‘rt tomoni ochiq, yoritish tizimi qayerda, xiraroq chirog‘i ham yo‘q. Pulini olayotgandan keyin sharoitini ham qilib qo‘yish kerak-da, – deydi toshkentlik haydovchi Muzaffar aka.
Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish mutaxassislari uqtirishicha, transport egalari avtomobil saqlash joylaridan sifatli xizmat va qulayliklar talab qilishga haqli.
1999 yil 12 avgustda Vazirlar Mahkamasi “Avtomobillar to‘xtash joylari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.
Ushbu hujjatda 2000 yil 1 yanvargacha respublikadagi barcha avtomobillar to‘xtash joylari tender asosida xususiylashtirilishi, yuridik shaxs shaklida faoliyat yuritishini ta‘minlash belgilangan.
Tahlilchilarga ko‘ra, mahalliy hokimliklar ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida avtomobillarni saqlash joylari hukumat talab qilgandek yuqori saviyada ishlab kelayotgani xususida hisobot beradi. Biroq Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tekshiruvlari balandparvoz hisobotlar u qadar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatmoqda.
Vazirlar Mahkamasi 2011 yilda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga mamlakat bo‘ylab “tipovoy” – bir ko‘rinishdagi avtomobil saqlash joylari bunyod qilishni topshirgan. Bir necha qavatli “tipovoy” avtomobil saqlash maskanlaridan biri Toshkent shahri Chorsu bozoriga yaqin hududda ochilgan. Rasmiylarga ko‘ra, bu kabi “stoyanka”lar mamlakatning boshqa hududlarida ham quriladi.

“Plastik kartochka bilan haq to‘lab bo‘lmaydi”

Tuproqqa belangan mashina

12 yildan buyon ijrosiz qolayotgan qaror