Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:33

Assanj ekstraditsiya mujodalasini boy berdi


Britaniya Oliy sudi o‘z hukmini e‘lon qilishi arafasida sud binosi oldiga qo‘yilgan plakat.
Britaniya Oliy sudi o‘z hukmini e‘lon qilishi arafasida sud binosi oldiga qo‘yilgan plakat.

Keyingi ikki yil davomida Shvetsiya huquq idoralarining ekstraditsiya haqidagi so‘rovi ustida Britaniya mahkamasida tortishayotgan WikiLeaks asoschisi Julian Assanj 30 may kuni Britaniya Oliy sudi tomonidan ekstraditsiyaga hukm etildi.

Chorshanba kuni Britaniya Oliy sudi maxfiy hujjatlarni jamoatchilikka oshkor qilishga qaratilgan WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanjni Shvetsiyaga ekstraditsiya qilish haqidagi avvalgi instantsiya sudi qarorini kuchda qoldirdi.

Bu haqdagi hukmni o‘qib eshittirgan Oliy sud prezidenti Nikolas Filip Assanj himoyachilarining ekstraditsiya haqidagi quyi instantsiya sudi hukmining qonunga xilof ekani haqidagi da‘vosi asossiz deb topilganini bildirdi:

- Janob Assanjni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rov qonunga to‘liq mos va shu bois Assanjning ekstraditsiya qilinishi haqidagi avvalgi sud qarori yuzasidan appelyatsiyasi qondirilmadi¸ dedi Britaniya Oliy sudi prezidenti.

Jurnalistlar bilan to‘la xonada bayonot bergan Britaniya Oliy sudi prezidenti Assanj taqdiri yuzasidan hukm chiqarish oson bo‘lmagani va Oliy sudning 5 a‘zosi ekstraditsiya so‘rovini qondirish¸ ikkitasi esa¸ unga qarshi ovoz berganini bildirdi.

Oliy sud hukmi e‘lon qilingan qisqa mahkama jarayonida Julian Assanjning o‘zi qatnashmadi. Himoyachilarga ko‘ra¸ Assanj o‘tirgan mashina Londondagi yo‘l tiqinida qolgani bois¸ u mahkamaga yetib kela olmagan.

Britaniya Oliy sudi o‘z qarorini e‘lon qilishi bilan Julian Assanj himoyachilari ishning qayta ko‘rib chiqilishini talab qildi va kutilmaganda¸ bu so‘rovi qondirilishiga erishdi ham.

Himoyachilarga ko‘ra¸ Oliy sud hakamlari o‘z qarorini Kelishuvlar qonuniga oid Vena konventsiyasiga asoslagan¸ lekin mahkama jarayonida bu konventsiya tilga olinmagan.

- Biz hozir hukmga nisbatan o‘z pozitsiyamizni ko‘rib chiqmoqdamiz. Mijozimiz bilan maslahatlashib¸ uni tezda e‘lon qilamiz¸ degan Assanj himoyachilari endilikda kelasi ikki hafta davomida Britaniya Oliy sudida ishning qaytadan ochilishiga erishish rejasida.

Shvetsiya prokuraturasi o‘z saytida ko‘ngilli ravishda ishlagan ikki ayolga jinsiy tajovuz qilganlik¸ ularni o‘z ixtiyoriga zid ravishda jinsiy aloqaga zo‘rlashda ayblanayotgan Assanj o‘z ixtiyoriga topshirilishini talab qilmoqda.

Keyingi ikki yil davomida Britaniyadagi ikki instantsiya sudi Assanjni Shvetsiyaga topshirish haqida qaror chiqardi.

Asli avstraliyalik Julian Assanj Afg‘oniston va Iroq urushiga oid G‘arb hukumatlarining maxfiy yozishmalarini o‘zi ta‘sis qilgan WikiLeaks saytida e‘lon qilish orqali xalqaro maydonda shuhrat qozondi.

Assanj o‘ziga nisbatan Shvetsiyada qo‘yilayotgan ayblarning AQSh tomonidan keskin qarshilikka uchragan WikiLeaksdagi maxfiy yozishmalar uchun qilinayotgan tazyiq deya talqin etmoqda. Assanj himoyachilari o‘z mijozi Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinsa¸ uning Davlat departamenti maxfiy yozishmalarini oshkor qilish yuzasidan jinoiy javobgarlikka tortilish uchun AQShga topshirilishi mumkinligi xususida xavotir bildirmoqdalar.

Britaniya Oliy sudi Assanj ishini qayta ko‘rib chiqib¸ yana uni Shvetsiyaga ekstraditsiya qilishga hukm qilgan taqdirda ham bu WikiLeaks asoschisining darhol Stokholmga yuborilishini anglatmaydi.

So‘nggi instantsiya sifatida Assanj Yevropa inson haqlari sudiga murojaat qilish haqqiga ega.

Agar Frantsiyaning Strasburg shahrida joylashgan Yevropa mahkamasi Assanj arizasini qabul qilsa¸ bu jarayon yana bir necha oyga cho‘zilishi mumkin va bu jarayon davomida Britaniya rasmiylari Assanjni Shvetsiyaga topshira olmaydi.
XS
SM
MD
LG