Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:43

Bulung‘urdagi qotillik buyurtma bo‘lgan


Samarqandning Bulung‘ur tuman markazi Do‘stlik mahallasida yashagan 22 yoshli kelinchak va uning bir yoshli o‘g‘lining jasadi hojatxonadan topildi. Ushbu qotillik kelinchakning kundoshi tomonidan buyurtma qilingani aytilmoqda.

Hojatxonadan topilgan ikki murda


Ushbu qotillik haqida Ozodlikka 22 yoshli kelinchak va uning bir yoshli o‘g‘lining janozasida qatnashgan bulung‘urliklardan biri ma‘lum qildi.

Ismi sharifini oshkor qilmayotganimiz ushbu manbaning aytishicha, Bulung‘ur tuman markazidagi Do‘stlik mahallasi Furqat ko‘chasida yashagan 22 yoshli kelinchak va uning 1 yoshli go‘dagining jasadi 29 may kuni kelinchak yashagan hovlining hojatxonasidan topilgan.

- Bolani ham, kelinni ham o‘ldirgan. Bo‘g‘ib o‘ldiribdi. Ikkalasini bo‘g‘ib o‘ldirib tualetga tashlab yuboribdi. Qo‘shni bolalar borib ko‘rib qolgan. O‘liklar tualetda chiqib qolganda. Hovlidagi tualetga tashlab yuborganda. Bilasizku bolalar sinchkov bo‘ladi. Qarasa chiqib turibdi. Odam o‘lgandan keyin suvning betiga chiqadiyu. Betiga chiqib qolgan. Shundan bolalar ko‘rib qolgan,- dedi suhbatdoshimiz.

Bulung‘ur tuman Ichki ishlar bo‘limi va tuman prokuraturasi ma‘sullari Furqat ko‘chasida yashagan 22 yoshli kelinchak va uning go‘dagi o‘ligi hojatxonadan topilganini tasdiqladi.

Bulung‘ur IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qotillik jasadlar topilishidan bir necha kun avval sodir etilgani aniqlangan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining uch kunlik tergov-surishtiruvi natijasida qotillikda gumon qilinayotganlar aniqlangan.

Biroq Bulung‘ur tuman IIB va tuman prokuraturasi ma‘sullari tergov-surishtiruv ishlari davom etayotgani bois kelinchakning shaxsi va qotillik motivlarini ochiqlash imkoni yo‘qligini aytishdi.

Kundosh tomonidan buyurtma qilingan qotillik


Bulung‘urlik suhbatdoshimizning aytishicha, qotillik kelinchakning kundoshi tomonidan sodir etilgani to‘g‘risidagi taxminlar bor.

- Bular ikkita kundosh xotin. Birinchi xotini ikkita bolasi bilan ajralib ketgan Jizzaxda yashaydi. Bulung‘urda yashaëtgan ikkinchi xotinining bir yashar bolasi bor. Eri yaqinda bir oy bo‘ladi Rossiyaga ketgan ishga. Jizzaxdagi xotini buyurtma beradi nukuslik ikkita yigitga. 2000 dollar berib, kundoshini o‘ldirib berasan, deydi. Bu ikkita yigit bir yashar bolasi bilan xotinni o‘ldirib, tualetga tashlab yuboradi. Jizzaxdagi xotini va nukuslik ikki yigit ham hibsga olingan,- deydi bulung‘urlik manba.

Uning aytishicha, Bulung‘urda 22 yoshli kelinchak yashayotgan hovli ikki kundosh o‘rtasida mojaroga sabab bo‘lib kelgan va ayni uy tortishuvi bois jizzaxlik kundosh qotillikka buyurtma bergan.

Ozodlik muxbiri 5 iyun kuni kechki soat 6 dan keyin Bulung‘urdagi Do‘stlik mahalla faollari bilan bog‘langanida, ular Bulung‘ur tuman prokuraturasida ayni qotillik bo‘yicha ko‘rsatma berayotganliklarini aytishdi.

Suhbatlashganimiz va ismini oshkor qilmayotganimiz mahalla faoliga ko‘ra, qotillikni sodir etgan shaxslarning barchasi hibsga olingan.

Mahalla faolining aytishicha, marhum kelinchakning Rossiyada mardikorlik qilayotgan eri Bulung‘urga yetib kelgan va u ham prokuraturaga ko‘rsatma berish uchun chaqirtirilgan.

Ozodlik Bulung‘urdagi mazkur qotillik tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG