Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:49

Toshkentda "mirabrorcha" osh udumga kirdi


Bir sotsiolog do‘stim kishilarning qo‘rquv va bosimdan himoyalanish maqsadida ham birlashishi, ayniqsa, o‘tgan asrning 30-yillarida Stalin qatag‘oni kishilarni “yaqinlashtirgani”ni aytib qoldi.

Do‘stimning aytishicha, Iosif Stalin o‘sha paytda Xitoydan aynan Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbeklar uchun 70 tonnaga yaqin ko‘k choy olib kelishlarini buyurgan ekan. Ya‘ni, choyxonada jamoa bo‘lib uymalashayotgan o‘zbeklarni to‘plovchi vosita sifatida choyni tanlagan.

O‘zim bu ma‘lumotni tekshirib ko‘rganim yo‘q, ammo mantiqan o‘ylansa, do‘stimning gaplarida jon borga o‘xshaydi. O‘tgan kuni Toshkent teleminorasi tagida joylashgan "Osh markazi"da osh yeb, negadir shu narsa xayolimdan o‘tdi.

Bir paytlar poytaxtdagi “Zarafshon” restoranining bosh oshpazi bo‘lgan, so‘ngra savdo vaziri, keyinchalik bosh vazir o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarilgan Mirabror Usmonovga tegishli ekani aytiladigan "Osh markazlari" hozirda mamlakatning barcha joylariga yoyilib ulgurdi.




Men yuqorida aytgan teleminora tagidagi birgina “Nihol” kafesining o‘zida 100 kilolik 10 ta doshqozonda osh damlanadi. Ikki soat ichida bir tonnadan ortiq guruch uchib yerga tushmaydi.

Toshkentning boshqa yerlaridagi "Osh markazlari"da ham, viloyatlar va hatto ayrim tuman va kichik shahar markazlarida ham aynan "mirabrorcha" osh udumga kirmoqda. Ya‘ni, bozorda narxi 7000 so‘m (2,5 AQSh dollari) turadigan lazur guruchiga damlanadigan sergo‘sht to‘y palovi.

Endi bu yerlarga xorijliklar ham tez-tez keladigan bo‘libdi. Ayrimlari oshxo‘r o‘zbeklarning ovqatlanishi, yig‘ilib mazaxo‘raklik qilayotganini ko‘rish, suratga olishga kelishsa, ba‘zilari bu totli taomga o‘rganib qolishgan.

Gavjum "Osh markazlari"da jamiyatning asosan o‘rtamiyona qatlamlari, davlat va jamoat muassasalari xizmatchilarini ko‘rish mumkin. Taniqli odamlar, kazo-kazolar bu yerga deyarli kelishmaydi, ularning ovloq yerlarda osh yeydigan joylari bor.

Toshkentning Boshliq dahasida esa, zig‘ir yog‘iga damlanadigan "samarqandcha" osh nuqtalari soni 4 taga yetdi. Birgina poytaxtning o‘zida bunday markazlar soni 20 dan oshib ketdi. Vodiy palovlari, devziraga damlanadigan oshlar esa mo‘‘jaz, kishilar e‘tiborini ko‘pam tortavermaydigan choyxonalarda tayyorlanadi.

Xullas, oshxo‘rlik rivojlanyapti, oshxo‘rlar soni ortib bormoqda. Bir jihatdan o‘zbek milliy taomining nufuzi va tijorat nuqtai nazaridan bu hol ijobiydir. O‘zbeklar uchun tayyorlanishi-yu, iste‘moli birmuncha qulay bo‘lgan taomning inson sihati uchun foyda-zarariga ham to‘xtalmaylikda, o‘zbek jamiyatida nega aynan shu kunlarda oshxo‘rlik tendentsiyasi ustivor ahamiyat kasb eta boshlaganini o‘ylab ko‘raylik.

Avvallari osh o‘zbeklarda to‘y-ma‘rakalarning asosiy taomi, choyxonalarda ulfatchilik, ana boring, uy-ro‘zg‘orda o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlarning muhim omillaridan biri bo‘lgan.

Lekin nega bugunga kelib osh to‘y-ma‘rakalar va shu orqali urf-odatlar sarhadini buzib o‘tdi va endi u turli toifadagi kishilarni, ijtimoiy qatlamlarni yaqinlashtiruvchi omilga aylanmoqda?

Chuqur o‘ylab ko‘rganim, mavzuni tadqiq qilganim yo‘q. Ammo sezmoqdamanki, oshxo‘rlikning miqyosi, u domiga oladigan o‘zbeklar soni kun sayin ko‘payaveradi.

Men kasbim va fe‘limga ko‘ra oshni yuqoridagi Stalinning “ko‘k choy”iga o‘xshatmoqdaman. To‘g‘rirog‘i, shunday ishtibohli fikr bor. Ya‘ni, odamlarning aksariyati ruhiyatida qandaydir ruhiy noturg‘unlik mavjud. Shuning uchun ham ular “birlashish”ga, osh va ko‘k choy ustida jamoa bo‘lib, nimadandir himoyalanish, o‘zaro axborot almashinishga ehtiyoj sezadi.

Tag‘in bilmadim...

Tilla Bola
XS
SM
MD
LG