Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:58

General Do‘stum vatanga xiyonatda ayblanmoqda


General Do‘stum Afg‘oniston shimolida katta e‘tiborga ega qo‘mondon va siyosatchidir.
General Do‘stum Afg‘oniston shimolida katta e‘tiborga ega qo‘mondon va siyosatchidir.

Afg‘oniston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi mamlakat prokuraturasiga shimoldagi siyosiy yetakchilardan biri general Abdurashid Do‘stumga nisbatan jinoiy ish ochish haqida so‘rov yubordi.

Muxolifatdagi Afg‘oniston Milliy jabhasi asoschi va yetakchilaridan biri¸ o‘zbek generali Do‘stum Saripuldagi gaz konlarini o‘zlashtirishga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblanmoqda.

Mahalliy telekanallarda yakshanba oqshom namoyish etilgan xabarda o‘zbeklar yetakchisiga shunday ayblov qo‘yilmoqda.

Abdurashid Do‘stum asos solgan Milliy jabha matbuot kotibi Fayzulloh Zakiy Ozodlik bilan suhbatda bunday ayblovni siyosiy xarakterdagi uydirma¸ deya baholaydi:

- Ular ayblaydiki¸ go‘yo Afg‘onistonni shimolidagi konlarni o‘zlashtirmoqchi emishu u konlarni ishlatmoqchi bo‘lib kelgan injenerlar guruhiga ruxsat bermagan emish. Bu mutlaqo yolg‘on. Bor haqiqiqat shuki¸ Amudaryo neft havzasi tenderga qo‘yilganida¸ bir kompaniya yutgan. Yutgan kishilar kelganda shu joyning siyosiy rahbari sifatida general Do‘stim maslahat berganlar – Afg‘onistonning ba‘zi bir boshqa joylarida bo‘lgandek ishchilarni mahalliy xalqdan¸ shu joyning o‘zidan oling¸ deb. “Xalq o‘zi ezilgan¸ oxirgi sel xalqni juda ezdi¸ ishsizlik bor¸ shuning uchun konga tashqaridan odam olib kelmang”¸ deganlar. Endi shuni bahona qilib¸ muttahamchilik qilishayapti¸ deydi Abdurashi Do‘stum nomidan gapirgan Milliy jabha so‘zchisi Fayzulloh Zakiy.

Afg‘onistondagi joriy hukumatga muxolifatda bo‘lgan Milliy jabha¸ uning matbuot kotibiga ko‘ra¸ so‘nggi haftalar davomida ketma-ket norozilik namoyishlari o‘tkazgan va unda ishtirok etgan o‘n minglab shimolliklar markaziy hukumat oldiga jiddiy siyosiy¸ iqtisodiy va harbiy talablar qo‘ygan.

Fayzulloh Zakiyga ko‘ra¸ Abdurashid Do‘stumning shimol xalqi ichidagi e‘tiboridan qo‘rqqan Kobuldagi ayrim guruhlar¸ uni uydirma orqali yo‘q qilish¸ jilla qursa¸ uni obro‘sizlantirishga yana bir urinib ko‘rishga ahd qilganlar.

Afg‘oniston Milliy jabhasi matbuot kotibiga ko‘ra¸ Saripuldagi gaz konini o‘zlashtirish yuzasidan yutib chiqqan Xitoy shirkatining mahalliy sherigi prezident Karzayning qarindoshlari va Do‘stumni jinoiy ish bilan qo‘rqitish orqali¸ hukumat ularning to‘siqsiz daromad olishlarini kafolatlashga urinmoqda.

Ikkinchidan¸ deydi Fayzulloh Zakiy¸ AQSh matbuoti¸ xususan The New York Times gazetasi Kobul hukumati amaldorlarining milliardlab dollar yordam pullarini talon-taroj qilganlariga oid maxsus tekshiruv natijalarini e‘lon qildi.

Xalqaro va mahalliy jamoatchilikni Kobul rahbarlari ichidagi ulkan o‘g‘irliklardan chalg‘itish maqsadida ular¸ o‘z muxoliflariga tuhmat qilib¸ yo‘q jinoyatlarda ayblamoqdalar¸ deydi Afg‘oniston milliy jabhasi matbuot kotibi.

Saripul viloyatidan Afg‘oniston parlamentiga saylangan o‘zbek deputati Said Anvar ham Abdurashid Do‘stumga qarshi jinoiy ish ochish haqidagi navbatdagi tahdidning siyosiy bayonotdan boshqa narsa emasligini ta‘kidlaydi.

- Bu tuhmat siyosiy bir tavsiya¸xolos. General Do‘stumning gaz konini o‘zlashtirishga mone‘lik qilganlariga oid hech qanday dalil va subut yo‘q. General Do‘stum bu mintaqa neftidan mahalliy mardum uchun foyda yetadi¸ ularga ish tegadi¸ deb xursandlar. Bu yolg‘on Milliy jabhaning katta namoyishlari bilan bog‘liq. Foryobda¸ Jouzjonda va Tahorda katta namoyishlar bo‘ldi va asosiy mavzu shu. Shundan rohatsiz bo‘lgan hukumat ana shunday bir yolg‘onni o‘rtaga qo‘ydi¸ deydi Afg‘oniston parlamenti deputati Said Anvar.

Afg‘oniston Milliy jabhasi 11 iyun kuni Abdurashid Do‘stumga qarshi boshlangan navbatdagi kampaniyaga qarshi maxsus matbuot anjumani o‘tkazdi va Milliy xavfsizlik kengashining generalga qarshi jinoiy ish ochish haqdagi so‘rovini mutlaq asossiz deya baholadi.

Tolibon harakatiga qarshi turgan “Shimoliy alyans” liderlaridan biri, Afg‘oniston armiyasi bosh shtabi rahbari bo‘lgan Do‘stum, 2008 yilda o‘z sobiq safdoshi Akbarboy va uning oila a‘zolariga kuch qo‘llaganlikda ayblanib, avval uy qamog‘iga olingan, so‘ngra Turkiyaga surgun qilingan edi.

2009 yil avgustida o‘tkazilgan prezident saylovlari oldidan Afg‘oniston shimoliga qaytgan Do‘stum¸ shimolliklarni Hamid Karzayga ovoz berishga da‘vat qilgan edi.
XS
SM
MD
LG