Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:48

Prezidentning pochchasini o‘ldirganlar hamon ozodlikda qolmoqda


Marhum Xolmo‘min Safarov.
Marhum Xolmo‘min Safarov.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari mas‘ullarining aytishicha, Xolmo‘min Safarov o‘limida gumonlanib, hozirgacha biror kishi hibsga olinmagan.

- Tergov davom etayapti, ammo shu kungacha bu jinoyatda gumonlanayotgan biror kishi hibsga olingani yo‘q. So‘rab,surishtirayapmiz, lekin hozircha bu suiqasd sabablari noma‘lum qolayotir, - dedi Tojikiston Bosh prokuraturasining og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Jamshed Sangov.

Qotil kim?


“Tojiko‘rmon” korxonasi rahbari Xolmo‘min Safarov 13 iyun kechasi Dushanbe shahridagi uyi yaqinida noma‘lum kishilar tomonidan otib ketilgan edi.

Tojikiston ichki ishlar vazirligi o‘sha voqeaning ertasi kuni bayonot tarqatdi va “noma‘lum kishilar Tojikiston hukumati qoshidagi Atrof muhitni himoya qilish qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligi korxonasiga rahbari Xolmo‘min Safarovni “Makarov” tamg‘ali to‘pponcha bilan otib, yuzi, ko‘kragi va qornidan yarador qilib voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan”i va “og‘ir tan jarohati olgan Xolmo‘min Safarov voqea joyida halok bo‘lgan”ini ma‘lum qildi.

Oradan to‘rt kun o‘tgan bo‘lsa-da, prezidentining yaqinlaridan biriga nisbatan uyushtirilgan suiqasd omillari noma‘lum qolayotir.

Lekin tojik jamiyatida Xolmo‘min Safarov o‘limida qo‘li borlikda gumonlanib, hibsga olingan uch kishi milliy xavfsizlik tergovchilari tomonidan so‘roq qilinayotgani haqida mish-mishlar ham yo‘q emas.

Tahlilchi Z.Abdulloyev: “Bu bir ogohlantirishdir”


Xolmo‘min Safarovni yaxshi tanigan va uning bilan bir mahallada uzoq yillar yashab kelgan kishilarning aytishicha, “Xolmo‘min aka prezidentning boshqa qarindoshlari – qizlari, qaynisi va o‘g‘illaridan farqli ravishda kamsuqum va beozor inson bo‘lgan va kamtarin hayot kechirgan”.

Shu sababli bo‘lsa kerak, ayrim tahlilchilar Xolmo‘min Safarovning o‘limi tasodif yoki bezorilik tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Biroq davlat mulozimining o‘limi baxtsiz hodisami yoki terrorchilik amalimi - hozircha tojik rasmiylari biror aniq gap aytganicha yo‘q.

Mustaqil tahlilchi, “Kontent” siyosiy dialog markaz rahbari Zafar Abdulloyev mulohazasicha, “bu qotillik terrorchilik xuruji bo‘lib, maqsadi Tojikiston hukumatini ogohlantirishdir”.

- Fikrimcha, bu hodisa hukumat va davlat rahbarini ogohlantirib qo‘yish uchun sodir etilgan. Bu bir terrorchilik xurujidir. Bu ishda yirik davlatlar yoki qo‘shni mamlakatlar maxsus xizmatlari yo bo‘lmasa, hukumatning din sohasidagi siyosatidan norozi bo‘lgan diniy guruhlarning qo‘li bor, deb o‘ylayman. Har holda, biz prezidentlik saylovi muammosi bilan bog‘liq bo‘lgan notinch va tahlikali yangi bir bosqichga kirayapmiz, - deya mulohaza bildiradi tahlilchi Zafar Abdulloyev.

Xavfsizlik choralari kuchaytirildi


Tojikiston davlat rahbari Imomali Rahmonning pochchasi Xolmo‘min Safarov bilan bog‘liq bu hodisa ortidan Dushanbe shahri va atrof tumanlarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Huquq-tartibot idoralari kazarma holatiga keltirildi. Poytaxtga kiriladigan avtomobil yo‘llar maxsus qurollangan guruhlar tomonidan tekshirilmoqda. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mazkur jinoyatni oshkor qilishda yaqindan ko‘maklashgan fuqarolarga maxsus mukofot va‘da qildi.

Tojikiston hukumati qoshidagi Atrof-muhitni himoya qilish qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligi korxonasiga rahbarlik qilib kelgan 57 yoshli Xolmo‘min Safarov Xatlon viloyatining Vose‘ tumanida tug‘ilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Xolmo‘min Safarov Imomali Rahmon hokimiyat tepasiga kelishidan avval uning katta opasiga uylangan bo‘lgan.

Xolmo‘min Safarov bu mamlakat Milliy universitetining biologiya fakulьtetini bitirgan. Tojikiston hukumati qoshidagi Atrof-muhitni himoya qilish qo‘mitasi, Dang‘ara tuman paxta tozalash korxonasi raisi lavozimlarida ishlagan Safarov so‘nggi uch yil davomida O‘rmon xo‘jaligi korxonasiga rahbarlik qilib kelgan.
XS
SM
MD
LG