Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:55

Tojikistonliklar uchun xorijda diniy ta‘lim olish qonunan cheklandi


Tojikiston parlamentining quyi palatasi “Ma‘muriy qonunbuzarliklar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan fuqarolarning xorij davlatlarda diniy ta‘lim olishlarini cheklab qo‘ydi.

Mazkur qonunga muvofiq, endilikda Tojikiston tegishli idoralari, jumladan, Ta‘lim vazirligi roziligini olmay turib, xorijda diniy tahsil olmoqchi bo‘lgan tojikistonliklar 4000 somoniy yoki taxminan 800 AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi.

Tojik deputatlarining tuzatishi, shuningdek, respublikadagi diniy tashkilotlarning xorijiy diniy tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatishini ham cheklaydi. Qonunga bo‘ysunmagan diniy tashkilotlar 1200 somoniydan 1600 somoniygacha jarima to‘laydi. Undan tashqari, o‘z hududida turli targ‘ibot-tashviqot va ta‘limiy chora tadbirlar o‘tkazgan diniy tashkilotlarga 2 ming somoniy jarima belgilanadi.

O‘tgan haftada tojik deputatlari tomonidan qabul qilingan mazkur qaror jamoatchilikni tashvishga solib qo‘ygani kuzatiladi.

Tojikiston hukumati qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining muovini va yangi qonun loyihasi mualliflaridan biri Jumaxon G‘iyosov fikricha, bu tashvishlar o‘rinsizdir.

- Aksincha, - deydi tojik deputati G‘iyosov, - bu tadbirlar faqatgina mamlakatda diniy faoliyatni tartibga solishga qaratilgan. Tojikiston tashqarisida diniy ta‘lim olishni istagan har bir fuqaro avvalo mamlakatimizdagi Islom unversitetda tahsil olishi lozim. Mamlakat tegishli idoralarining ruxsatisiz, mustaqil ravishda xorijda aloqa o‘rnatayotgan kishilar jarimaga tortiladi. Bu faqat bir tartib, xolos.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi raisining muovini Saidumar Husayniy mulohazasicha, bu kabi jarima solishlar dindorlar va diniy bilimini oshirishni xohlagan fuqarolarga nisbatan navbatdagi bosimdir. Husayniy janoblari parlamentning navbatdagi yig‘ilishida ana shu jarimalar 50 foizga qisqartilishiga oid taklif e‘tiborsiz qoldirilganini qo‘shimcha qildi.

Din sohasida mustaqil tahlilchi Farrux Umarov mulohazasicha, jarima – muammolarni ideologiyasiz hal qilishning bir yo‘lidir.

- Agar Tojikiston dunyoviy bir mamlakat sifatida fuqarolar huquqlarini tartibga solib turuvchi respublika Konstitutsiyasi asosida davlat tegishli idoralarining ruxsatisiz diniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoki xorijda diniy ta‘lim olmoqchi bo‘lgan fuqarolarini jazoga tortib, qamoqqa tashlayversa, bu ideologik xususiyatga ega bo‘ladi va fuqarolar huquqlarini poymol qiladi. Shuni nazarga olgan holda, jarima belgilash bu g‘arb davlatlariga ergashish yo bo‘lmasa, bozor iqtisodiyoti qonunlariga amal qilishdir, - deydi mustaqil tahlilchi Umarov.
XS
SM
MD
LG