Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:36

O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi G‘afur Rahimovning vitse-prezidentlik vakolatlarini to‘xtatdi


G‘afur Rahimov
G‘afur Rahimov

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining Ijroiya qo‘mitasi G‘afur Rahimovning tashkilot vitse-prezidenti vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatish va tashkilotga a‘zolik maqomi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb tan olish haqida qaror chiqardi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) Ijroiya qo‘mitasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Londonda 2012 yilda bo‘ladigan Yozgi Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rilgan.

G‘afur Rahimov fuqaroligini o‘zgartirgani sababli, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi nizomining (20.3.2-moddasi) talabiga muvofiq, Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatish va uning qo‘mitaga a‘zolik maqomi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb tan olish haqida qaror qabul qilingan.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston Boks federatsiyasida ham bir oy oldin G‘afur Rahimovga nisbatan shunday qaror qabul qilingan.

Rahimov 2001 yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan.

U 2007 yilda Osiyo Boks federatsiyasi prezidenti, 2010 yilda esa Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti lavozimlarini egallagan.

Iyun oyi boshida G‘afur Rahimovning O‘zbekiston Milliy boks federatsiyasi a‘zoligidan chiqarilishi haqidagi xabar Harakat va Uzmetronom Internet nashrlarida paydo bo‘lgan edi.

Xabarlarda G‘afur Rahimov O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, Rossiya fuqaroligini olgani bois Toshkentda shunday qaror qabul qilingani va bu haqda Xalqaro boks federatsiyasiga bildirishnoma yuborilgani ma‘lum qilingan.

"O‘zbekiston Milliy boks federatsiyasi qarori G‘afur Rahimovning Milliy boks federatsiyasi vitse-prezidentligi, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidentligi va Xalqaro boks federatsiyasi vitse-prezidentligidan ham avtomatik tarzda chetlatilishini anglatadi", deyilgan edi Uzmetronom xabarida.

Biroq mutasaddi tashkilotlar rasmiylari bu xabarni inkor qilgandi.

61 yoshli G‘afur Rahimov Boks federatsiyasi va Olimpiya qo‘mitasi rahbarligidan tashqari O‘zbekistonda jinoyat olami avtoritetlaridan biri sifatida ham tanilgan.

O‘zini tadbirkor va metsenat sifatida taqdim qiladigan G‘afur Rahimovning ismi keyingi paytlarda tez-tez xorij matbuoti sarlavhalariga chiqmoqda.

Joriy yil boshida AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga G‘afur Rahimov ham kiritilgan edi.

AQSh Moliya vazirligi e‘lon qilgan hujjatda "Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik halqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda", deyiladi.

80-yillardan boshlab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi kriminal to‘dalar ichidagi nufuzini kuchaytirib kelayotgani aytiladigan G‘afur Rahimov Toshkent hukumati tomonidan mamlakat sporti, xususan, boksni rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor sifatida e‘tirof etilib, shaxsan prezident Karimov tomonidan olqish va mukofotlarga sohib etilgan.

Ayni paytda bundan 12 yil muqaddam Sidneydagi Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari “xalqaro narkobaron” degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

G‘afur Rahimovning rasmiy saytida aytilishicha, u bir nechta shirkatda prezident lavozimini ham egallaydi. Mazkur firmalar orqali O‘zbekistonga xalq iste‘moli mollari, kimyo, avtomobil va yengil sanoati uchun xom ashyo kirib keladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimov hukumat, xususan, Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgan va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG