Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:34

Bolalar bog‘chalarida qonunbuzarliklar aniqlandi


Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 194 ta davlat ixtiyoridagi maktabgacha ta‘lim muassasasini tekshirib, turli qonunbuzarliklarni aniqlagan.

Qayd etilishicha, ayrim bog‘chalar sanitariya talabiga javob bermaydi, tarbiyalanuvchilar o‘rin-joy, stol-stul, o‘yinchoq va darslik bilan ta‘minlanmagan, mashg‘ulot o‘tkaziladigan yozgi ayvonchalar abgor ahvolda.

Bolalar haqqiga xiyonat holatlari fosh etilgan


Sariosiyo tumanidagi 4-maktabgacha ta‘lim muassasasi oshxonasiga “Sariosiyo non” firmasidan olib kelingan 600 gramm qolipli non nazorat tartibida tarozida tortilganida uning vazni 440 gramm chiqqan.

Tekshiruvlarga ko‘ra, 10 dan oshiq bog‘chada, jumladan, Quva tumanidagi 42, 31-sonli, Farg‘ona shahridagi 44-sonli maktabgacha ta‘lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat ulashilgan.

Monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi birinchi tibbiy xizmatni ham salbiy baholagan: “O‘rganish o‘tkazilgan deyarli barcha maktabgacha ta‘lim muassasalarida birinchi tibbiy yordam burchagi qoniqarsiz tashkil qilinganligi, aksariyat muassasalarda ayrim turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar nomiga qo‘yib qo‘yilganligi kuzatilgan”.

Vasiylik kengashlari mablag‘lari o‘marilmoqda


Bog‘chalarda kam ta‘minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish uchun vasiylik kengashi faoliyat yuritadi. Aytilishicha, vasiylik kengashlari tomonidan mablag‘larni o‘marish hollari uchramoqda. Masalan, Samarqand shahridagi 3-sonli bolalar bog‘chasi vasiylik kengashi ixtiyoridagi 939,1 ming so‘m o‘zbilarmonlarcha sarflab yuborilgan.

Mamlakat bo‘ylab maktabgacha ta‘lim muassasalarida pullik qo‘shimcha darslar tashkil etish urfga kirmoqda. Monopoliyadan chiqarish qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘shimcha dars uchun ota-onalardan pul olish qonunga zid. Negaki, bolalarni kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘rgatish muassasaning nizomiy majburiyatlari sirasiga kiradi. Shunga asosan, Xorazm va Namangan viloyatida pullik o‘quv kurslari tashkil qilgan bog‘cha ma‘muriyatlari ogohlantirilgan.

Mahalliy kuzatuvchilar oxirgi paytlarda mablag‘ o‘zlashtirish aybi bilan mahkamaga tortilgan bog‘cha mudiralari safi kengayib borayotganini aytadilar. Masalan, 2011 yilda Farg‘ona tumanidagi 7-sonli maktabgacha ta‘lim muassasasi mudirasi Hikmatxon Madmusayeva, 13-sonli maktabgacha ta‘lim muassasasi mudirasi Xolnisa Turdaliyeva ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Xalq ta‘limi vazirligi tasarrufida 6135 ta maktabgacha ta‘lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Toshkentda va viloyatlar ma‘muriy markazlarida xususiy bog‘chalar soni oshib borayotgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG