Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:01

Rossiyada o‘zbekistonlik ayol o‘ziga o‘t qo‘ydi


Montenegro - Generic Photo - Fire, undated
Montenegro - Generic Photo - Fire, undated

Leningrad viloyatida mardikorlik qilayotgan oilada O‘zbekistonga qaytib ketish masalasida eri bilan murosa qilolmagan o‘zbekistonlik ayol o‘z joniga qasd qildi.

23 iyun kuni Leningrad viloyati Kirov tumani Berezovka qishlog‘idan tuman markaziy shifoxonasining travmatologiya bo‘limiga 2-3 darajali kuyish holatida 34 yoshli O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Sankt-Peterburg shahar va Leningrad viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Aleksey Danke ayrim sabablarga ko‘ra bu ayolning ismini oshkor eta olmasligini aytdi. Uning aytishicha, hodisa 23 iyun kuni taxminan soat 15:30 larda sodir bo‘lgan.

- 23 iyun kuni Mga shahri yaqinidagi Beryozovka qishlog‘ida tanasining termik kuyishi holatida 1978 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik ayol gospitalizatsiya qilindi. Olib borilayotgan dastlabki tergov taxminlariga ko‘ra, markaziy-osiyolik bu ayol eriga o‘z vataniga qaytib ketishni taklif qilgan. Biroq undan rad javobini olgach, u affekt holatida o‘zining ustidan benzin quyib, o‘t qo‘yib yuborgan, deydi tergov davom etayotganini tushuntirgan politsiya rasmiysi.

Ozodlikning rasmiy idoralardagi manbalaridan ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik ayolning ismi Muqaddas Qurbonniyozova, u hech qayerda ishlamagan, Peterburgda vaqtinchalik qayddan o‘tgan. Uning asli xorazmlik ekaniga oid taxminlar bor.

Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning aytishicha, bir necha yildan beri eri bilan Rossiyada yashab kelgan ayol boshdan kechirgan qiyinchiliklar va ruhiy ezilish bois turmush o‘rtog‘idan birga O‘zbekistonga qaytib ketishni so‘raydi. Eri bu taklifni rad etadi va o‘rtada janjal chiqadi. Natijada eri achchiq qilib uydan chiqib ketgach, 34 yoshli ayol o‘ziga o‘t qo‘yadi.

34 yoshli jabrdiyda Kirov tuman markaziy shifoxonasiga olib kelindi.

O‘zbekistonlik ayolning hayotini saqlab qolishga urinayotgan shifokorlar, Ozodlik bilan suhbatda, hozirda u o‘ta og‘ir holatda ekanini ma‘lum qilishdi.

- Ahvoli juda og‘ir. Hech qanday ortiqcha yordam ko‘rsatishning iloji yo‘q: olingan jarohatlar bilan tirik qolishi dargumon. Tananing 95 foizi kuyib ketgan, deydi Kirov tuman shifoxonasiing bosh travmatologi.

Shifokorlar behush holatida qolayotgan O‘zbekiston fuqarosining hayoti uchun kurashishda davom etishlarini qo‘shimcha qilishdi. Hodisa tafsilotlarini politsiya o‘rganmoqda.

Bu kabi hodisa Rossiyada birinchi marotaba kuzatilayotgani yo‘q. Ozodlik og‘ir turmush va shaxsiy muammolar tufayli o‘z joniga qasd qilayotgan mehnat muhojirlari haqida oldin ham xabar qilgan.

Federal statistika xizmati keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, Rossiya nafaqat migrantlar soni va aholi orasida o‘lim darajasi yuqoriligi bilan, balki o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. 2010 yilda Rossiyada har 100 ming kishidan 23 kishi o‘zini o‘z jonga qasd qilgan.

1991 yildan beri keskin oshgan bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda kamayib borayotganiga qaramasdan, mutaxassislar xudkushlik holatlari Rossiyaga ish izlab kelgan mehnat muhojirlari orasida ko‘payib borayotganini ta‘kidlashmoqda.
XS
SM
MD
LG