Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

“Xayrulla konstitutsiya kunigacha chiqishi mumkin”


Navoiy qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan Xayrulla Hamidovning yaqinlari uning O‘zbekiston konstitutsiyasining 20 yilligi munosabati bilan ozodlikka chiqishi mumkinligini aytmoqda.

Bu haqda Ozodlikka 27 iyun kuni o‘g‘li bilan uchrashib qaytgan Xayrullaning onasi Muqaddas opa ma‘lum qildi.

Muqaddas opaga ko‘ra, Xayrulla joriy yil 8 dekabrida O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligi munosabati bilan katta amnistiya qabul qilinishi kutilayotgani va o‘zining ham ushbu amnistiyaga tushishi aniqligi haqida gapirgan.

- Xudo xohlasa¸ yangiliklar bo‘lib qolarkan konstitutsiyaning 20 yilliklariga. Chiqib qoladi shungacha¸ Xudo xohlasa. Konstitutsiyaning 20 yilligiga¸ Xudo xohlasa amnistiya chiqarkan. Aytib qo‘ying muxlislarga shu yaxshi xabarni. O‘tgan kun o‘sha yerda edim. Borib uchrashdim. Yaxshi, sog‘-omon ishlab yuribdi. Sog‘liqlari ham yaxshi. Borib keldim, yaxshi. Hammaga salom deb yubordi o‘g‘lim. Ishlab yuribdi. Nima qilsin ishlab yuribdi, yaxshi. Kayfiyat endi turmada qanaqa bo‘ladi bolam? Endi iloji yo‘q. Hozir ishlayapti. Vatanim deb ishlab yotibdi. Nima bo‘lsa ham yaxshi ishlab o‘zingni ko‘rsatib yaxshi yurgin deb keldim, deydi Muqaddas opa.

Xayrulla o‘zining har xil stsenariylar yozib, mahkumlar bilan spektakllarni sahnalashtirayotgani va qamoq sahnasida “Quvnoqlar va zukkolar” hamda “Zakovot” tanlovlari uyushtirayotgani haqida onasiga gapirib bergan.

- Ijod qilib narsalar yozib yotibdi o‘sha yerda ham ishlab. Klubda ishlaydiyu, ijodkorku. She‘rlar yozarkan, ishqilib hamma narsa qilib yotibdida. KVN, “Zakovat” qilib yotgan ekan. Endi o‘ziga yarasha ish bo‘ladiyu hamma joyda. Yaxshi ishlari. Bayramlarga amnistiya bo‘lsa, Xudo xohlasa tushib turibdi.

Ozodlik: Yangi yozgan she‘rlaridan berib yubormadimi?

- O‘zi kelsa¸ Xudo xohlasa¸ olaverasizlar, dedi Muqaddas opa o‘g‘lining chiqishiga ishonch bilan.

36 yashar Xayrulla Hamidov “O‘zbekiston futboli”, respublika televideniyesida muxbir va sport sharhlovchisi bo‘lib ishlab kelgan. Qamalgunga qadar u futbolga bag‘ishlangan “Interfutbol”, “Chempion” gazetalarida tanqidiy ruhdagi maqolalari bilan chiqayotgan edi.

Xayrulla Hamidov Toshkentdagi “Navro‘z” radiosi orqali efirga uzatilgan “Xolislik sari” eshittirishi, keyinchalik esa “Odamlar orasida” gazetasidagi faoliyati bilan o‘zbekistonliklar orasida shuhrat qozongan.

Xayrulla Hamidov 2010 yilning 21 yanvar kuni hibsga olingan edi.

2010 yil 27 may kuni Toshkent viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Xayrulla Hamidovni "Jihodchilar" diniy-ekstremistik guruhiga aloqadorlikda aybdor, deb topib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Xayrulla Hamidovning qamalishini qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, Hyuman Rayts Uotch, Xalqaro Amnistiya kabi tashkilotlar keskin qoralagan va uning ozodlikka chiqarilishini so‘rab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG