Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:14

Parlament deputatlar kiyimini qolipga solmoqchi


Sobiq Ombudsmen¸ Ar-Namus partiyasining qirg‘iz parlamentidagi fraktsiyasi a‘zosi Tursunboy Bakir o‘g‘li mamlakat parlamentida ishlovchilar va bu yerga kiruvchilar uchun kiyinish tartibi joriy qilish taklifi bilan chiqdi.

Ayni kunlarda Bishkekda yoz quyoshi qizitgandan qizitmoqda. Havo harorati 33 darajadan oshgan yoz quyoshi parlament ichidagi bahslar hovurini ham oshirmoqda.

Issiq tufayli kiyimlar qatini yechib¸ imkon qadar yengillashib olgan parlamentda ishlovchi qiz-juvonlar¸ islomiy ko‘z qarashlari bilan tanilgan deputat Tursunboy Bakir o‘g‘li nafsoniyatiga tegibdi.

Parlament binosi ichkarisidagi ochiq-sochiqlikdan uyalib¸ qayerga qarashini bilmay qolganini e‘tirof etgan deputat¸ xalq noyiblari ishlovchi bu binoga ayollarning mini yubkalaru o‘yma yoqalar¸ badanga yopishgan kiyim bilan kiyishini taqiqlash g‘oyasini o‘rtaga tashladi.

"Hozirgina tanaffusga chiqdim. Koridorda oldimdan mini yubka kiygan qiz yurib qoldi. Shu qizga qaramay deb ko‘zimni boshqa joyga olsam¸ qoqilib yiqilib tushay dedim”¸ dedi parlament minbariga chiqib Tursunboy Bakir o‘g‘li.

Islomiy qarashlari bilan tanilgan Bakir o‘g‘li bu ko‘rganlaridan zorlanib¸ parlament binosi ichida mini yubka va badanga yopishib turadigan kiyim kiyishni taqiqlash taklifini ilgari surdi.

Twitter tarmog‘ida anchagina faol bo‘lgan deputat hozirda o‘z g‘oyasini jamoatchilikka tarqatish bilan mashg‘ul.

"Sovetlargacha qirg‘iz ayollarining libosi islomiy edi. Momolarimiz uzun ko‘ylak¸ ro‘mol va elechek kiyishgan"¸ deya zorlandi deputat o‘z tvitlaridan birida.

Tursunboy Bakir o‘g‘li boshlagan tashabbusni Qirg‘iziston parlamenti qoshidagi Axloq va qoidalar qo‘mitasi ilib ketdi va kiyinish quyushyuonining nafaqat parlament binosi ichida ishlovchilar¸ balki unga kiruvchilar¸ xususan jurnalistlarga ham talluqli bo‘lishi lozimligini talab qilishga o‘tdi.

Bu taqiqqa oid 26 iyun kuni hozirlangan qonun matni deputatlar yozgi ta‘tildan qaytgach¸ muhokamaga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Hujjat loyihasida kalta yubka¸ o‘yma yoqa¸ futbolka¸ jinsi¸ ochiq kavush va hatto atir sepganlarni parlament binosiga kiritimaslik taklif etilgan.

Taqiq nafaqat kiyimning shakli-shamoyili¸ balki uning ranggiga ham taalluqli – parlamentga faqat qora¸ kul rang¸ qo‘ng‘ir va oq rang kiyganlar qo‘yiladigan bo‘ldi.
Bunday keskin cheklovning jamoatchilik orasida qarama-qarshilik uyg‘otganini tasavvur qilish qiyin emas.

Muxolifatdagi Ata-Jurt partiyasi deputati Doston Jumabekov taklif etilgan quyushqonning quyushqondan chiqqanini aytadi:

- Atir sepishni taqiqlashga hojat yo‘q. Har kim o‘ziga yoqqan atirini sepishga haqli. Shaxsan men¸ haddan tashqari kalta yubka kiyilishiga qarshiman. Risoladagiday¸ o‘rtacha uzunlikdagi yubka kiyishlariga e‘tirozim yo‘q. Xuddi shunday¸ ayollarning qaysi rangda kiyim kiyishini ham cheklash haddan oshish bo‘ladi¸ deydi muxolifatchi deputat.

Hukmron Ata Meken partiyasining parlamentdagi namoyandasi¸ mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning qizi Shirin Aytmatova dunyo bo‘yicha rasmiy idoralarda kiyinishga oid muayyan qoidalar borligini aytadi. Ayni paytda¸ bu deputat ayol¸ bunday qoidalarning parlament binosiga kiruvchilarga taalluqli bo‘lishiga hojat yo‘q¸ degan fikrda:

- Agar bunday qoidalar istaganini kiyishga o‘rganib qolgan jurnalist yoki fuqaroviy jamiyati vakillariga ham joriy etiladigan bo‘lsa¸ bu boshqa masala. Menimcha¸ aksar deputatlar bunday cheklovni jurnalistlar yoxud parlament binosiga kiruvchilarga ham tatbiq qilishga zarurat yo‘qligini yaxshi biladilar¸ deydi Shirin Aytmatova.

Parlament qo‘mitasi hozirlagan hujjatning deputatlar yozgi ta‘tildan qaytgach¸ ovozga qo‘yilishi kutilmoqda.

Ungacha yoz quyoshi hovuridan tushib¸ salqinlagan havolar parlamentda ishlovchi ayollarni ustki kiyimlar qatini ko‘paytirishga majburlashi tayin.

Xonimlar ustidagi kiyimlarning qalinlashib¸ uzunlashgani esa ular kiyimini qolipga solish g‘oyasining otashin tarafdorlarini ham hovurdan tushirsa¸ ajab emas.
XS
SM
MD
LG