Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:23

"Qotil taksichilar" ishi sudga oshirildi


Tergovchilar iddaosicha¸ o‘zbekistonlik guruh yaxshi kiyingan ayollarni o‘ljalikka tanlagan.
Tergovchilar iddaosicha¸ o‘zbekistonlik guruh yaxshi kiyingan ayollarni o‘ljalikka tanlagan.

Moskvada 2011 yil yanvarida qator qotillik va boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan besh nafar samarqandlik taksichi ishi sudga oshirildi.

Rossiya poytaxtida allaqachon “qotil taksichilar” deb nom olgan bir guruh o‘zbekistonlik taksichilar ustidan tergov o‘z yakuniga yetdi.

Moskva shahar prokuraturasi rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ qator og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarolarining barchasiga rasmiy ayblov e‘lon qilinib¸ jinoiy ish kuni-kecha sudga oshirilgan.

Moskva shahar sudi vakilasi Marina Maliginaga ko‘ra, yaqin kunlarda o‘zbekistonliklar ustidan mahkama jaraëni boshlanadi.

- Hozircha jinoiy ish qaydga olinmadi. Yaqin kunlarda¸ 1-2 kun ichida qaydga olinsa¸ 10 kunlik muhlat ichida mahkama kunlari belgilanadi, dedi Moskva shahar sudi rasmyisi.

Moskvada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “qotil taksichilar” to‘dasi safida 24 yoshli Xushnud To‘raqulov, 20 yoshli Abdug‘ani G‘aniyev, 21 yoshli Dilshod Jo‘rayev, 23 yoshli Suhrob Rajabov va 27 yoshli Iskandar Rahmatovlar borligi aytilmoqda.

Bu shaxslar dastlabki tergov tomonidan qotillik, talon-taroj, odam o‘g‘irlash, qotillikka urinish, hujjatlarni qalbakilashtirish, tan jarohati yetkazish, narkotik moddalarni saqlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Moskva shahar Janub-sharqiy ma‘muriy okrugi Tergov qo‘mitasi rahbari Dmitriy Shershakovga ko‘ra, 2010 yilning dekabridan 2011 yilning yanvar o‘rtalarigacha To‘raqulov, G‘aniyev, Jo‘rayev, Rahmatov, Rajabov va tergov tomonidan aniqlanmagan yana bir necha kishi uch nafar ayolni o‘ldirganlik va ular mulkini talon-taroj qilganlik, shuningdek yana bir ayolni o‘ldirishga uringanlikda ayblanmoqda.

“Tergovchilar ayollardan biriga 20 ziyod marotaba pichoq urib o‘ldirilganini aniqladi”, deya davom etadi tergovchi Shershakov.

- Bu guruh o‘z vahshiyligi, ayovsizligi va bosqin davomida o‘ta shavqatsizligi bilan ajralib turibdi. Tergov bir necha oy davomida ular tomonidan ayni usul va vaziyatlarda ham talon-taroj, ham qotilliklar sodir etilganini taxmin qilmoqda, deydi tergovni olib borayotgan rasmiy.

Shershakovning Ozodlikka bildirishicha¸ ayblanuvchilar yaxshi kiyingan va qimmat sumka ko‘targan yosh ayollarni Moskva tashqarisidagi mavzelarning ovloq ko‘chalarda "ov" qilib kelgan. Tergov da‘vosicha¸ taksichi mashinasi yarim yo‘lda go‘yo buzilib qolgan va kirakashning sheriklari boshqa mashinada kelib, o‘ljaning qimmatbaho buyumlarini tortib olib¸ o‘zini o‘ldirgan.

24 yashar hamshira Oksana Botova, 35 yoshli ofitsiant Indira Kamilova, 32 yoshli fotosuratchi Yelena Gushchinalar shu tariqa o‘ldirilgan¸ deb qo‘shimcha qiladi tergovchi.

Moskva prokuraturasi xodimlari bergan ma‘lumotga ko‘ra, “taksichi”larning so‘nggi qurboni – 51 yoshli Olьga Rumyantseva tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan zarba berilganiga qaramay tirik qolgan.

Tergovchining aytishicha, qotillar mashinani qonga belamaslik uchun ayollarni mashinadan ko‘chaga olib chiqib, pichoq bilan chavaqlab o‘ldirgan¸ o‘ljaning telefoni, uzuk-ziragi va hamënidagi pullari olingan.

Ayni paytda¸ o‘zbekistonlik yigitlar bu jinoyatga aloqadorligini qat‘iyan rad etmoqda.

Rossiya 1-kanalida ko‘rsatilgan operativ xodimlar tomonidan o‘tkazilgan so‘roq davomida¸ ayblanuvchilardan biri nima uchun hibsda ushlab turilganini bilmasligini gapiradi.

- Men bu yerda meva-cheva sotib yurgan edim. Nima uchun qo‘lga olinganimni bilmayman. Mening o‘rtoqlarim bezori ekan, shunga ushlashgandir, deydi qator qotillikda ayblanayotgan yigitlardan biri.

Janubiy-G‘arbiy okrug kriminal politsiyasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotganlar iziga o‘g‘irlangan telefonlardan biridan qilingan qo‘ng‘iroq orqali chiqilgan. Ayblanuvchilarning birinchi guruhi Qozon vokzalida, uch kishilik ikkinchi guruh esa¸ Moskva viloyatida hibsga olingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, tintuv davomida ulardan o‘ldirilgan ayollarga tegishli zargarlik buyumlari, mobil telefonlar, “taksichilik”da foydalangan Audi 80 va Hyundai Elantra rusumidagi avtomashinalar musodara qilingan.

Kriminal politsiya xodimining Ozodlikka aytishicha, qo‘lga olinganlarning barchasi Samarqand viloyatidan bo‘lib, ular Moskvada tayinli bir joyda ishlamagan.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, qo‘yilaëtgan ayblovlar sudda o‘z tasdig‘ini topsa¸ O‘zbekiston fuqarolariga 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

“Qotil taksichilar” qo‘lga olingani haqida xabar tarqalishi ortidan Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda noqonuniy taksichilik qilib yurgan haydovchilarga nisbatan jazo choralarini qonuniy asosda kuchaytirish zarurligini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG