Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:52

AQSh Kongressi delegatsiyasi Toshkentga keladi


AQSh Senatori Jon Makeyn O‘zbekiston rejimining eng ashaddiy tanqidchilaridan.
AQSh Senatori Jon Makeyn O‘zbekiston rejimining eng ashaddiy tanqidchilaridan.

Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Krol Amerika Mustaqilligi kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan qabul marosimida ma‘lum qildi.

Janob Krol kongressmenlar tashrifining aniq sanasi, delegatsiya kimlardan iborat ekani va ular O‘zbekistonga nima maqsadda kelishayotganini aytmadi.

Bu yil AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20 yilligi nishonlandi.

“O‘tgan 20 yil ichida mamlakatlar o‘rtasida maorif, savdo va investitsiyalar, madaniy sohalarda aloqalar rivojlangani guvohi bo‘lib turibmiz“, dedi Jorj Krol.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilning 19 fevralida o‘rnatilgan edi.

2011 yil natijalariga ko‘ra, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida tovar aylanmasi 36 foizga ortgan va qariyb 250 million AQSh dollarini tashkil etgan. 2010 yilda AQSh o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik talabalar soni 560 nafardan ortgan.

AQSh-O‘zbekiston munosabatlari 2005 yil Andijon voqealari ortidan sovuqlashgan.

AQSh Senatori Jon Makeyn 2005 yil 13 mayda yuz bergan Andijon qirg‘inidan keyin O‘zbekistonda, yopiq eshiklar ortida hozir bo‘lgan uch nafar amerikalik senatorning biridir.

O‘shanda mamlakat rasmiy doiralaridan birortasi, na prezident Islom Karimov, na o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev o‘shanda u bilan uchrashishni istamagan edi.

Andijon xunrezligi ortidan sovuqlashgan AQSh-O‘zbekiston munosabatlari so‘nggi yillarda yana iliy boshlagani kuzatilmoqda.

AQSh rasmiylari O‘zbekiston orqali o‘tadigan Shimoliy ta‘minot yo‘li masalasida muzokaralar olib borish uchun Toshkentga serqadam bo‘lib qoldilar.

Amerika Kongressi a‘zolari 2004 yili kiritilgan O‘zbekistonga yetkaziladigan harbiy yordamga cheklovlarni bekor qilish borasida ovoz bergan edilar.

Buning ortidan O‘zbekiston AQSh va NATO bilan Afg‘onistondagi o‘n minglab zirhli mashina, konteyner va qurol-yaroqni mamlakat hududi orqali olib chiqish borasida hamkorlikka kelishgan.
XS
SM
MD
LG