Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 16:26

“O‘zdunrobita" rahbari Behzod Ahmedov Rossiyada”


Interpol qidiruvida bo‘lgan MTS-O‘zbekiston shirkatining sobiq direktori Behzod Ahmedov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinmagan.

Behzod Ahmedovning hali ham Rossiyada ekanligini Moskvada faoliyat ko‘rsatuvchi va o‘z ismi oshkor qilinishini istamagan Ozodlik manbasi bildirdi.

Markaziy Osiyo hayotini yoritib boruvchi jurnalistning Ozodlikka aytishicha, Behzod Ahmedovga qisqa vaqt ichida Rossiya fuqaroligi berilgan va u hozir Rossiya hududida saqlanmoqda.

Manbaning taxmin qilishicha, Behzod Ahmedovning qayerdaligi, uning xavfsizligi nuqtai nazaridan, Rossiya Federatsiyasi davlat organlari tomonidan qattiq sir tutilmoqda.

Manbaning izohlashicha, Behzod Ahmedov masalasi Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining sovuqlashuv davriga to‘g‘ri kelgan. MTS-O‘zbekiston shirkatining ko‘pmilliardlik iqtisodiy salohiyati esa ushbu ishni zudlik bilan siyosiylashuviga sabab bo‘lgan.

Behzod Ahmedov MTS-O‘zbekiston shirkatiga uzoq davr rahbarlik qilgani bois, bu shaxs rasmiy Toshkentning qo‘liga tushadigan bo‘lsa, qiynoqlar ostida shirkatning, demakki, Moskvaning manfaatlari ziddiga ishlatilishi mumkin.

Shu sababga ko‘ra, rasmiy Moskva Behzod Ahmedovga fuqarolik berib, uni Rossiya hududida qoldirishga qaror qildi, deydi Ozodlik bilan payshanba kuni telefon suhbatida bo‘lgan manba.

Bundan oldin O‘zbekistonda tarqatilgan xabarlarda “O‘zdunrobita” shirkati bosh direktori Behzod Ahmedov Rossiyadan O‘zbekistonga keltirilgani aytilgan edi.

Bu haqda O‘zbekiston xavfsizlik tizimlariga yaqin ekani aytiladigan Uzmetronom nashri ham xabar qilgan edi.

2 iyul kuni "Darakchi" gazetasida ham paydo bo‘lgan ayni xabarda, O‘zbekiston tomonidan moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, Interpol orqali qidiruvga berilgan Behzod Ahmedovning qaysi vaziyatda O‘zbekistonga keltirilgani tafsilotlari ochiqlanmagan.

Ayni paytda, Interpol veb-saytining qidiruvdagilarga oid sahifasidan Behzod Ahmedovning ismi olib tashlanmagan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 iyun kuni bayonot e‘lon qilib, Rossiyaga qarashli MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basini moliyaviy jinoyatlarda ayblagan edi.

Ayni bayonotda MTS shirkati mazkur ish bo‘yicha xalqaro qidiruvda bo‘lgan asosiy gumonlanuvchi Behzod Ahmedovni yashirayotganlikda ham ayblangan edi.

O‘z navbatida MTS shirkati ham press-reliz e‘lon qilib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “O‘zdunrobita”ga qarshi olib borgan harakatlarini noqonuniy deya atab, shirkatga nisbatan bosim bo‘layotganini ta‘kidlagan edi.

MTS matbuot kotibi Yelena Koxanovskaya Ozodlikka "O‘zdunrobita" rahbarlari asossiz tarzda hibsga olingani yuzasidan tashvish bildirgan.

- Tekshiruvlar noqonuniy tarzda olib borilmoqda: butun mamlakat bo‘ylab ofislarimizdan hujjatlarning asl nusxalari, protokol tuzilmasdan, musodara qilinmoqda, odamlarimiz kechasi advokatlarsiz hibs etilmoqda. Bu hol, ayniqsa, xodimlarimizning qo‘lga olinayotgani va so‘roqqa tutilayotgani, bizni qattiq xavotirga solmoqda. Ularga bosim o‘tkazilayotgani aytilmoqda, biz esa bu vaziyatda ularga yordam berish imkonimiz yo‘q. To‘g‘risi, qayta tekshiruvlar olib borilishi sabablarini ham tushuna olmayapmiz, dedi MTS rasmiysi.

“O‘zdunrobita” shirkati rahabari vazifasini vaqtincha bajarayotgan Radik Dautov va shirkat moliyaviy direktori Temurmalik Alimov hibsga olingani O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 iyun kuni e‘lon qilgan press-relizda ham aytilgan.

Rossiyaning "MTS" shirkatiga qarashli “O‘zdunrobita” rahbari 38 yoshli Behzod Ahmedov O‘zbekistondan qochib ketgani haqida Ozodlik radiosi 14 iyun kuni xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonnomasida aytilishicha, “Mavjud ma‘lumotlarga ko‘ra, Ahmedov tergovdan yashirinib, Yerevan shahriga qochgan. Bu yerda u “MTS” vitse-prezidenti Raspopov bilan uchrashgan va ular yashirin tarzda Moskvaga uchib kelganlar”.

“O‘zdunrobita” shirkati 1991 yilda faoliyat boshlagan. 1990 yillar oxirlarida shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazoratiga o‘tgan. 2004 yilda esa Karimova “O‘zdunrobitani” Rossiyaning MTS kompaniyasiga 212 million AQSh dollariga sotgan.

“O‘zdunrobita” aloqasi O‘zbekistonning 94 foiz hududini qamrab oladi va 9 milliondan ziyod abonentga egadir.

MTS moliyaviy hisobotlarida shirkatning bir yillik tushumi 12 milliard AQSh dollari ekani ko‘rsatilgan. Bu tushumdagi MTS-O‘zbekiston hissasi 5 foizgachani tashkil qilishi aytiladi.
XS
SM
MD
LG