Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:47

Islomiy to‘yni qanday tushunasiz?


So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona, Namangan, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida islomiy to‘y qilish ancha ommalashgan.

El orasida “oq to‘y” ham deb ataladigan bunday to‘ylar “qizil” (ya‘ni, sovetcha) to‘ylardan dasturxonda spirtli ichimliklar bo‘lmasligi, bazm uchun mashshoqlar chaqirilmasligi, ular o‘rniga ko‘pincha biror ilmli kishining ma‘ruza qilishi, to‘yxonada erkak va ayollarning alohida-alohida o‘tqazilishi bilan ajralib turadi.

O‘zbekistondagi Ekspert ishchi guruhi ma‘lumotiga ko‘ra, keyingi paytlarda to‘ydan keyinoq organ xodimlari bunday xonadonlarga kelib, yosh kelin-kuyov va ularning ota-onalari bilan “profilaktik suhbatlar” o‘tkazmoqdalar, ularning nima uchun aynan islomiy to‘y qilgani bilan qiziqmoqdalar, ayrim hollarda ularni tushuntirish xati yozishga majbur qilmoqdalar.

Ayni paytda, Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan aksar o‘zbekistonliklar ixcham va kamxarajat¸ ammo zamonaviy to‘y o‘tkazish istagini bildirdi.

"Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondentlarga “Islomiy to‘yni qanday tushunasiz, Siz o‘zingiz islomiy to‘y qilasizmi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Muharram aya, pensioner:


- Islomiy to‘yga men bordim. Xotinlar alohida o‘tirdi, erkaklar alohida o‘tirdi. Xotin artistlar keldi. Xotinlar o‘zi o‘ynadi. O‘yin-kulgi bo‘ldi biz borgan islomiy to‘yda. Xotinlarning o‘ziga aytdi. Erkaklarga aytgani yo‘q. Erkaklar bir chekkadagi xonada o‘tirishdi. Ikki-ikki yarim soat bo‘ldi. Kechki payt bo‘ldi, qorong‘ida. Soat 6-7 lardan keyin bo‘ldida. Kelin alohida o‘tirdi bizlar bilan. Kuyov erkaklar bilan o‘tirdi. Musiqa bo‘ldi, o‘yinlar bo‘ldi. Hamma narsa joyida bo‘ldi. Lekin erkaklar bizlarning xonaga chiqqani yo‘q. Menimcha, erkaklar kamroq bo‘ldi. Farzandlarimning to‘yini sovet paytida o‘tkazganman, yaxshi bo‘lgan. Ikkita o‘g‘lim, ikkita qizim bor. Eng kichkina qizimniki kafeda bo‘ldi. “Qizil to‘y” qilganman. Men unaqa islomiy to‘y qilmayman. yoqtirmayman men.

Ochil aka, Jizzaxlik tadbirkor:


- Islomiy to‘ylar bu musulmonlarning to‘ylari bo‘lib, bu to‘ylar 18 ming olamni yaratgan Olloh, payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. tomonidan ko‘rsatilgan amallar bo‘yicha qilinadi. Albatta¸ men musulmon sifatida islomiy to‘ylarni yoqlab chiqaman. Men o‘zim to‘y qiladigan bo‘lsam, albatta¸ islomiy to‘y qilaman. Islomiy to‘y shundan iboratki, masalan harom-harishsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan sunnatlarga amal qilib o‘tkaziladigan to‘ylar. Harom-harish deganda mast qiladigan ichimliklarni qo‘shaman. Bundan tashqari¸ o‘rtaga chiqib yarim yalang‘och bo‘lib, badanni ko‘rsatib o‘ynaydiku ayollar, buni ham men harom-harishga qo‘shaman. Keyin fahsh so‘zlar bilan qo‘shiq aytiladi. Ana bularni ham men harom-harishga qo‘shaman. Yana o‘zini ko‘rsatish uchun juda katta pullarni sarflab dabdabali qilib o‘tkaziladi. Bularni ham men harom-harish¸ deb hisoblayman. Chunki ular isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayapti.

Sarviniso, Qashqadaryo, uy bekasi:


- Men islomiy to‘yni hech qachon ko‘rganim yo‘q. Uchta bolam bor. Ikkita o‘g‘il, bitta qiz. Men nochor oiladanman. Men faqat ixcham, kam xarajat to‘ylar qilishni xohlayman. Men to‘yda hamma barobar bo‘lishi kerakligini xohlayman. Ayollar va erkaklar alohida bo‘lmasligi kerak. Endi odamlar qanday to‘y qilishsa, men ham shunday qilishni xohlardim. Lekin noilojman. Ichimlikni ayollarga emas¸ faqat erkaklarga qo‘yish mumkin, faqat oz-ozdan. Bu gunoh, gunoh. Lekin mahallalarda qo‘yishadi o‘shani. Bizaga qo‘ymadi, deb gap-so‘z qilishlari mumkin.

Azamat, andijonlik talaba:


- Islomiy to‘yda bo‘lmaganman¸ to‘g‘risi. Eshitganmanu, lekin o‘zim bo‘lmaganman, ko‘rmaganman. Qanaqa bo‘lishini ham bilmayman. Diniy bo‘lib o‘tsa kerakda. Sovremenniy qilmasdan, ZAGSsiz, har xil o‘yin-kulgularsiz o‘qiladi domlalar kelib. Kerakli nimalarini o‘qib nikohdan o‘tkazib, shunaqa deb tushunaman. Uylansam, qanday to‘y qilishim haqida hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Kattalardan maslahat so‘raladi. Kattalar nima desa shu. O‘zim endi, sovremenniy bo‘lib juda yevropeyskiy ham emas, el qatori qilib qilish niyatim bor. O‘zimcha hozir aytayapman sovremenniy to‘y bo‘ladi deb. U yog‘ini bilmayman. Balki eskicha to‘y qilarmiz, balki zamonaviy bo‘lar.

Sulaymon, jizzaxlik talaba:


- Men islomiy to‘yni xohlagan bo‘lardim. Chunki islomiy to‘y bu, masalan harom va yomon narsalardan uzoqroq bo‘lgan to‘ylarga aytiladi. Men o‘zim qanday to‘y qilmoqchiligimni aytsam, musulmoncha, oddiy, nima deydi, o‘zimizning yurtimizda ham aytayaptiku uncha dabdabali to‘y shart emas, oddiy to‘y qilish mumkinku. O‘zim qilmoqchi bo‘lgan to‘y kamtarona, musulmoncha to‘y qilishni o‘zim xohlagan bo‘lardim. O‘yin-kulgi bo‘ladi, lekin chegaradan chiqish shart emasda. Nima uchun to‘y qilinadi? O‘yin-kulgi, yaxshilik uchun, el-yurt bilsin mening to‘yimni deydi. Mana shuncha xalqimning duosi menga o‘tsin, Ollohdan so‘rasin, deydi. Shuning uchun to‘y qilinadi.

Sobirjon, Rossiyadagi mehnat muhojiri:


- Aka, men islomiy to‘ylarga ko‘p qiziqqanim yo‘q. Faqat namoz o‘qib yuraman. Yoshim 54 da. Uylanganman. Beshta farzandim bor. To‘rttasini uy-joyli qilganman. To‘rttala to‘y zamonaviy bo‘lgan. Ichimliklar bo‘lgan. Kenjatoy o‘g‘lim qolgan¸ xolos. Uning to‘yini ham zamonaviy qilib o‘tkazamiz.

Laziz, Turkiyadagi mehnat muhojiri:


- Menimcha, islomiy to‘yda aroq, nima qo‘yilmaydi, qizning hech qayeri ko‘rinmaydi, men shunaqa deb bilaman. Islomiy to‘yni bir marta ko‘rganman. Aroq yo‘q edi. O‘zimizning bir eshon qilganda o‘zimizning Nurobodda. Kelin-kuyov alohida o‘tirgan. Ko‘ramiz, mening islomiy to‘y qilish niyatim borda. Bizlarda yana har-xil gaplar ham bo‘ladi. Masalan¸ aroq qo‘ymasang “To‘ying yaxshi bo‘lmadi. To‘ying o‘tmaydi” deganlar ham bor. Bilmadim hali uylanishimga to‘rt-besh yil bor. Biror narsa deya olmayman.

Toshkentdagi to‘yxona xodimi:


- Islomiy to‘y? Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Hech mumkin emas. Qaror bor bizlarning qo‘limizda. Bizlar (islomiy to‘y) o‘tkaza olmaymiz. Shahar hokimiyatidan qaror bor. Islomiy to‘y umuman hech qayerda o‘tkazmaydi. Hech qaysi to‘yxonada o‘tkaza olmaysiz. Hammasiga zapret.

Hurmatli mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-mulohazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG