Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:30

O‘sh qirg‘inida ayblangan mahbus vafot etdi


Tibbiy yordam ko‘rsatilmagani oqibatida vafot etgan jalobobodlik Saydullo Sarimsoqovning onasi o‘g‘lining o‘limida militsionerlarni ayblamoqda..

Saydillo Sarimsoqov 2011 yil may oyida 2010 yil O‘sh voqealari yuzasidan bir necha og‘ir moddalarda ayblanib Jalolobod viloyat Suzoq tuman Ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatorida saqlangan. Sudda og‘ir jinoyatlar yuzasidan ayblari isbotlanmay, faqat “jinoyatni yashirgani” uchun 4 yilga manzil koloniyasida jazo o‘tashga hukm qilingan.

Izolyatorda o‘tkazilgan bir yil davomida Saydillo Sarimsoqov sil kasaliga chalingan. Sud Saydulloni manzil koloniyasida jazo o‘tashga hukm qilgandan so‘ng, uning ota-onasida o‘g‘lini davolash imkoniyati paydo bo‘lgan. Biroq sil kasali rivojlanib ketgani okqibatida Saydullo 2012 yilning 5 aprel kuni vafot etgan.

Saydulloning onasi Karima opaning aytishicha, o‘g‘lining o‘limiga vaqtincha saqlash izolyatori xodimlarnining o‘z vazifasiga mas‘uliyatsiz yondoshgani, kasal mahbusni to‘laqonli davolanishiga to‘sqinlik qilganlari sabab bo‘lgan.

Karima opa vaqtincha saqlash izolyatori xodimlari Saydulloni kasal bo‘lganiga qaramay muntazam kaltaklashganini, o‘g‘lini qamoqdan chiqarish va davolatish uchun 10 ming dollar miqdorida pora talab qilganlarini aytib berdi.

- Biz u pulni qayerdan topamiz, 10 ming dollar pora so‘rashdi. Qo‘limizdan kelmadi u kuni. Uchunchi kuni olib chiqamiz desak, yana bulmadi. Shu bo‘yicha qamoqda qoldi. Bir yil bir oy azobda o‘tirdi. Unga yugurdim, bunga yugurdim, bu orada o‘g‘lim kasal bo‘ldi. Xudoni zorini qilib ikki martada kasalxonaga olib chiqdirdim. 39-40 istima bilan kasalxonaga yotqizishdi. “Kasal” desam ishonishmadi. Tez yordam chaqirsam ham 39-40 istima bilan yotgan bolaga ishonmasadan: “Ha, bu yolg‘on kasal” deb so‘zimga ishonishmadi. Oq xalat kiyganlarga ham ishonmayman. “Bu begona”, deb ustimdan kulishdi. Militsionerlar-ku ado bo‘lgan ekan. Haqiqat bo‘ladimi? Biz ham Qirg‘izistonda tug‘ilganmiz, o‘sganmiz, yashaganmiz, o‘zimizni vatanimiz-ku, - deydi yig‘lib Karima Sarimsoqova.

Karima Sarimsoqova 2010 yil avgustida tibbiy yordam olish uchun o‘g‘lini vaqtincha qamoqdan ozod qilinishiga yordam berishni so‘rab Jaloloboddagi “Spravedlivost” huquqni himoya qilish markaziga murojaat qiladi.

Huquq faollari Karima Sarimsoqovaga bepul advokat berishgan va tergovdagi bemorni tibbiy yordam olishi uchun kasalxonaga yuborishni so‘rab, Jalolobod shahar va Suzoq tumani ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga murojaat qilishgan. Biroq ichki ishlar boshqarmasi bemorni kasalxonada qo‘riqlovchi mutaxasislar yo‘qligini ro‘kach qilib, iltimosnomani qanoatlantirmagan.

- Qonunga asosan gumonlanayotganlar yoki ayblanayotganlar SIZO – tergov izolyatorida saqlanishi kerak. Afsuski Jalolobodda tergov izolyatori bo‘lmagani uchun mahbuslar bir yilgacha Jalolobod shahar Ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatorida yotishadi. Bu izolyator esa bunga moslashmagan. Qonunda “u yerga tushgandan keyin mediklar ko‘rishi kerak”, deb yozilgan. Bu esa faqat qonunda yozib qo‘yilgan xolos. Aslida “byudjetta pul yo‘q”, degan bahona bilan bironta izolyatorda shifokor yo‘q,- deydi “Spravedlivost” huquqni himoya qilish markazi faoli Abdumalik Sharipov.

Unga ko‘ra, hozirda Karima Sarimsoqova o‘g‘lining o‘limida ayblayotgan militsiya xodimlarini javobgarlikka tortishda yordam so‘rab huquq himoyachilariga murojaat qilgan.

Abumalik Sharipovning aytishicha, hozirda jalolobodlik huquq faollari mazkur voqea yuzasidan hujjatlarni o‘rganish va sudga ariza berish ishlari bilan mashg‘ul.
XS
SM
MD
LG