Линклар

Шошилинч хабар
15 сентябр 2024, Тошкент вақти: 22:09

510 ming ish o‘rni realmi yoki yolg‘on?


O‘zbekistonda kollej bitiruvchilarini ish bilan ta‘minlash maqsadida ish o‘rinlari qog‘ozda yaratilmoqda, deydi mutaxassis.
O‘zbekistonda kollej bitiruvchilarini ish bilan ta‘minlash maqsadida ish o‘rinlari qog‘ozda yaratilmoqda, deydi mutaxassis.

O‘zbekistonda joriy yilning olti oyi mobaynida 510 mingtadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu ish joylarining uchdan ikki qismi qishloq hududlariga to‘g‘ri keladi. Biroq mutaxassislar hukumat berayotgan raqamlarning reallikdan yiroq ekanini aytishadi.

O‘zbekiston hukumatining 2012 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida, yilning olti oyi davomida 510,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgani haiqda gapirildi.

Bu ish o‘rinlarining 345 mingtasi, ya‘ni 68 foizi, hukumatning aytishicha, qishloq hududlarida joriy qilingan. O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi matbuot xizmati tarqatgan press-relizda aytilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari oldiga yangi ish o‘rinlarini yanada ko‘proq yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Biroq, yangi ish o‘rinlari bo‘yicha berilgani bu ma‘lumot haqiqatga mos emasligi aytiladi.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining bandlikka ko‘maklashuvchi va aholini ijtimoiy himoya qilish tuman bo‘limlaridan birida oddiy inspektor vazifasida ishlaydigan suhbatdosh xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘radi. Unga ko‘ra, aholiga ish o‘rinlari yaratish haqida yuqoriga berilayotgan hisobotlarning hammasida qo‘shib yozish bor:

- Statistika ma‘lumotlari yuqoridagilar ko‘rsatmasi asosida to‘ldiriladi. Yangi yaratilgan ish joylari qog‘ozda rasmiylashtiriladi. Bu statistika sanoati bor shaharlarda qisman to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin qishloq joylardan berilgan raqamlar barchasi pripiska (qo‘shib yozish-tahr.), deydi inspektor.

Hukumat bergan ma‘lumotga ko‘ra, qishloq joylardagi yangi ish o‘rinlari asosan qishloq kollejlarini bitirgan yoshlar hisobidan bo‘layotgani aytiladi. Biroq, inspektor bu raqamlarning qanday paydo bo‘lishi sxemasini chizib beradi:

- Masalan, bitta kollejni 200 talaba bitirgan bo‘lsa, shuning bir 50 tasini korxona va tashkilotlarga, fermerlarga borib shunchaki, ishga “joylashtiriladi”. Bular ham ishlamaydi, aslida qog‘ozda ishga “qabul qilinadi”. Bu bola u yerda 10 kun ishlaydimi, bir oy ishlaydimi, yo o‘z arizasi bilan yoki ma‘muriyat buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatib yuborilaveradi. Chunki ish o‘rinlarining o‘zi yo‘q, bo‘lsa ham ularning maoshlari tirikchilik uchun yetmaydi. Bu bola bir marta statistikaga tushadi va ish o‘rinlari yaratildi, degan hisobot yuqoriga ketaveradi, deydi O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining bandlikka ko‘maklashuvchi va aholini ijtimoiy himoya qilish tuman bo‘limlaridan birida ishlaydigan inspektor.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida istiqomat qiladigan va tuman tashkilotlaridani birida ishlagan Abdurahmon Sattorovning aytishicha, kollejlarni bitirgan yoshlar ish o‘rinlari topolmay ovora:

- Mana bizda, medkollejni bitirganlar ham, pedkollejni bitirganlar ham ish topolmay yuribdi. Boshqa kollejlardaku o‘zi talaba nomigagina bor. Statistika uchun tashkilotlarga keladida, uni ishga oldim, buni ishga oldim, degan qog‘ozlar to‘ldiriladi. Bu ko‘zbo‘yamachilikning o‘zi, boshqacha atab bo‘lmaydi buni, deydi qiziriqlik Abdurahmon Sattorov.

O‘zbekiston aholisi joriy yilda 30 millionga yetganligi e‘lon qilindi. Rasmiy hisobotlarda mamlakat iqtisodiyotida 16 milliondan ortiq ishga yaroqli odam ishtirok etayotgani aytiladi.

O‘zbekiston hukumati har yili bir milliondan ortiq ish o‘rni yaratilayotgani haqida hisobot berib keladi.

Biroq, norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har yili 5 milliondan 7 million nafargacha bo‘lgan odamlar mamlakatdan tashqariga mehnat muhojiri bo‘lib ketadilar.
XS
SM
MD
LG