Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:09

Masjidlarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi


Ramazon oyi ibodatlari xavfsizligini ta‘minlash iddaosi bilan O‘zbekistondagi Taroveh namozi o‘qiladigan masjidlarga qo‘shimcha posbonlar qo‘yildi. Shunga qaramay¸ guvohlarga ko‘ra¸ bu yilgi Ramazonda namozxonlar soni ancha siyraklashgan.

"Ramazon oyi tarovehlari mamlakat bo‘ylab 2 037 ta jom‘e masjidida o‘qilmoqda. Ularning 733 tasida oyning birinchi yarmida xatmi Qur‘on qilinadi. Namozxonlarning xavfsiz va xotirjam ibodat qilishlari uchun taroveh namozlari o‘qiladigan barcha jome‘ masjidlarida posbonlar xavfsizlikni ta‘minlaydi", deyiladi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tarqatilgan ma‘lumotda.

Idoraga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining shu yil 17 iyuldagi "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori hamda muftiy Usmonxon Alimov fatvosiga ko‘ra, muborak Ramazon oyida masjidlar, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qishloq joylarida taroveh namozlari xonadonlarda o‘qilmoqda


“Bunga sabab, deydi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chiyal qishloq fuqarolar yig‘ini vakili, aksariyat qishloq masjidlarining tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmaganidir.

- Shuning uchun ham bunday masjidlarga ommaviy ibodatlarni o‘tkazishga ruxsat berilmagan. Aksincha, ko‘pgina masjidlarimizni "Otalar choyxonasi", "Mahalla guzari" deb rasmiylashtirib, buzilishdan saqlab qoldik. Odamlar qishloq joylarimizda 10-15 kishi bo‘lishib, Taroveh namozlarini xususiy xonadonlarda o‘qishmoqda. Kim iftorlik qilsa, ro‘zadorlar yig‘ilib, o‘sha kishinikida o‘qishadi¸ deydi qishloq fuqarolar yig‘inining o‘z ismi aytilishini istamagan vakili.

Namozxonlar orasida yoshlar kam


Namozxonlar orasida har yilgi kabi yosh bolalar va o‘spirinlarni uchratish mushkul, deydi poytaxtdagi “Qo‘yliq ota” jom‘e masjidida ibodat qilayotgan Abdurauf hoji aka.

Bu namozxonga ko‘ra¸ o‘tgan yillari kuchaygan bu tendentsiya, ya‘ni bolalarning ibodatga chopishi oldini olish maqsadida mahalla qo‘mitalari, uchastka profilaktika nozirlari hamda ta‘lim muassasalari ma‘murlari kuchaytirilgan tartibda ish olib bormoqda.

- Taroveh namoziga qatnayotganlarning soni negadir o‘tgan yilgidan kamroq, deya o‘z iddosini havo haroratining issiqligi, Ramazonning ayni saraton chillasiga to‘g‘ri kelgani bilan izohlashga uringan Toshkentdagi “Jo‘rabek” masjidi qorovuli.

Uning aytishicha, Ramazon oyi davrida¸ aksincha¸ boshqa ibodatlar, namozlarga keladiganlarning soni ortgan. Biroq havo harorati, masjidlarni sovutish bilan bog‘liq muammolar bois namozxonlar ibodatni asosan masjid hovlisida ado etmoqda.

Radio va TVda taniqli ulamolarga o‘rin berilmoqda


O‘zbekiston radiokanali orqali efirga uzatilayotgan “Hidoyat sari” eshittirishida taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari hamda boshqa taniqli ulamolarga keng o‘rin berilmoqda. O‘z navbatida ulamolar ham hukumatning mustahkam oila, tinchlik va barqarorlik kabi an‘anaviy siyosati doirasida chiqishlar qilmoqda. Ko‘ngilochar radiokanallar ham an‘anaviy islomiy ma‘ruzalarni efirga uzatmoqda.

O‘zbekiston telekanalining Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov muallifligidagi “Hidoyat sari” ko‘rsatuvida muftiy Usmonxon Alimov, shayx Abdulaziz Mansur o‘z ma‘ruzalari bilan ko‘rindi.

Nodavlat telekanallari tarmog‘i (NTT) iftorlik va saharlik oldi ko‘rsatuvlarda O‘zbekistondagi diniy erkinliklar, musulmonlarga yaratilgan keng sharoitlar haqida gapirildi. Mahalliy jurnalistlar ta‘kidicha, mazkur ko‘rsatuv va eshittirishlarning yozma matnlari avvaldan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi tasdig‘idan o‘tkazilgan.
XS
SM
MD
LG