Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 09:55

Urganchdagi xususiy telestudiya egasi qamaldi


Xorazm viloyati Urganch shahrida faoliyat ko‘rsataëtgan S-IQBOL–TV studiyasining haqiqiy egasi deb bilingan tadbirkor Sardor Hasanovning iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib hibsga olingani aytilmoqda.

40 yashar Sardor Hasanov bilan shou-biznes sohasida hamkorlik qilgan toshkentlik tadbirkor, ismi aytilmaslik sharti bilan, bu ma‘lumotni Ozodlikka yetkazdi.

Ushbu manbaga ko‘ra¸ bir muddat oldin Sardor Hasanovga tegishli tungi klubni qora niqob kiygan maxsus guruh ishg‘ol qilgan.

Tungi klubda o‘sha kuni bo‘lgan raqqosalardan birining Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ ishg‘ol paytida qora maska kiyganlar eng avvalo kuzatuv kameralarini urib sindirishgan¸keyin hammani yotqizib klubdagi barcha orgtexnikani olib chiqib ketishgan.

Ana shundan keyin S-IQBOL –TV studiyasida zudlik bilan buxgalter va kassir almashtirilgan. Telestudiyaning moliyaviy tushumlari nazorat ostiga olingan.

Ayni paytda studiya faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hibsga olingani aytilayotgan tadbirkor Sardor Hasanov rasman na tungi klub va na telestudiyaga rahbar bo‘lgan.

Sardor Hasanov ehtiyotkorlik yuzasidan ko‘chmas mulk va biznes faoliyatini o‘z nomiga rasmiylashtirmaslikni ma‘qul ko‘rgani aytiladi.

Ayni paytda S-IQBOL –TV studiyasiga rasman rahbarlik qilayotgan Bozorboy Ulliboboyev Ozodlik muxbiriga S-IQBOL –TV studiyasining bir maromda muammolarsiz ishlayotganini aytdi.

Studiyaning haqiqiy egasi Sardor Hasanov taqdiri nima bo‘ldi¸ degan savolga Bozorboy Ulliboboyev¸ "Buni prokuratura biladi"¸ deb qisqa javob berdi.

Iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib vaqtincha hibsga olingani iddao qilinayotgan 40 yashar Sardor Hasanov Xorazm viloyati¸ Qoraqalpog‘iston va Turkmanistonning chegaradosh hududlariga audio-video mahsulotlarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Respublikada ko‘zga ko‘ringan artistlar Yulduz Usmonova¸ Nasiba Abdullayeva¸ Tohir Sodiqov kabi estrada yulduzlarining Xorazmdagi kontsertlarining asosiy tashkilotchisi Sardor Hasanov bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston g‘arbida joylashgan Urganchda ayni paytda ikkita nodavlat telestudiya va bitta davlat studiyasi faoliyat yuritmoqda.

Urganchdagi mustaqil telekanal TV-ALC 1999 yili parlament saylovi paytida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qarori bilan yopilgan edi.
XS
SM
MD
LG