Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:00

Zakot, fitr, fidya berganmisiz?


Ozodlik respondentlarining ko‘pchiligi keyingi yillarda zakot bergani "qo‘llari kaltalik" qilayotganini aytishdi.
Ozodlik respondentlarining ko‘pchiligi keyingi yillarda zakot bergani "qo‘llari kaltalik" qilayotganini aytishdi.

Ramazon oyi davom etayotgan shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlar idorasi mamlakat musulmonlari uchun zakot, fitr va fidya miqdorini belgilab berdi. Hafta savolining bugungi sonida "zakot, fitr, fidya berganmisiz" deya so‘radik.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay‘atining hijriy 1433 yil (milodiy 2012 yil) Ramazon oyi uchun Zakot nisobi 1 gramm tilloning bugungi kundagi bozordagi o‘rtacha narxi 105 ming 882 so‘m ekanini e‘tiborga olib, 85 gramm tillo hisobidan zakot nisobi to‘qqiz million so‘m ekani va mazkur summadan qirqdan bir hissasi, ya‘ni, 225.000 so‘m zakot chiqarish to‘g‘risidagi xulosasini ma‘qulladi.

2012 yilgi Fitr sadaqasi miqdori viloyat, shahar va tuman bozorlaridagi 2 kilogramm bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda 2000 so‘m deb belgilandi.

Joriy yilgi Fidya miqdori esa o‘rtacha 6000 so‘m deb belgilandi. (Fidya bir och odamni bir kun to‘yg‘izish barobaridagi ehsondir.)

Hafta savoli ruknining bugungi sonida respondentlarga “Zakot, Fitr, Fidya berganmisiz?” degan savol bilan murojaat qildik.

Abduqahhor aka, Toshkent:


- Ochig‘i pulim bor paytda Zakot berganman. Hozir mana ro‘za paytida, kecha ustalar ishlayotgan edi, shularga ozgina ovqat qilib berdim. Ro‘za tutmayapmanda. Ozgina mazam yo‘q edi. Tabletka ichib ukol olayapman. Zakot to‘lashga hozir, unaqa molim yo‘q. Misol uchun bitta gilamingiz bo‘lsa, ishlatmagan bo‘lsangiz, zakot berishingiz kerak. Juda nimasi ko‘pku Islomda. Qo‘ldan kelguncha beramiz endi borida. Yo‘g‘ida qayerdan nima qilasiz? Bekitib qo‘ygan pulingiz bo‘lsa ekan bersangiz. Hozir ko‘rayapsizku hamma yoqni. Haqiqiy boylar endi o‘lib qolsa ham bermaydi. Boridayam bermaydi. yonimda ham bor mana. Suv bermaydi. Qolganini qo‘yavering endi.

Manzura, Iqtisodiyot vazirligi:


- Oilaviy beriladi. Xo‘jayinim masjidga chiqqanlarida, Hayit namozigacha Fitr berib kelishadi. Tilla-pillalar haqida eshitmaganim uchun qancha grammligini bilmayman. Bizlarniki uncha chiqmagani uchun zakot bermaganmiz. Masalan, rahmatlik dadam qilgan bitta gilam bor. Lekin ishlatilayotgan gilamlar bor. Gilam, ortiqcha narsalarimiz bo‘lmagani uchun qancha zakot to‘lash kerakligini bilmayman. Fitr sadaqasini el qatori aytilgan miqdor bo‘yicha har yili oilaviy berib kelinadi.

Qayumjon aka, Qo‘qon:


- Zakotni berganman. Kimga berganim esimda yo‘g‘u, haligi kamxarjli, oilasi qiynalganroq odamga bersa bo‘larkan deymizu, shunaqalarga berganman. Oylik olardik, pensiya olardik, hozir yo‘q. Pensiyani olayapmizu, ishxonadan chiqib ketganman. 5-10 ming pul bor, o‘shaning nimasidan bergan edik. Qancha boyligi bo‘lsa, o‘shaning foizini berar ekanku 40dan birini. O‘sha bo‘yicha berganmiz biz ham. Qiynalganroq qaynsinglimiz bor edi, o‘shanga berib yubordik. Bir-ikki yil turgan pul bor, endi juda unaqa ko‘pmasda. Turgan pul 20-30-40 ming bo‘lishi mumkin.

Qodirjon aka, Andijon:


- Fitr har yili berardik. Lekin zakot yo‘q. 2001 yildan beri bergan emasman. Mening o‘z uyim yo‘q. U yer bu yerda oilam bilan yashab yurdik. Qo‘pol qilib aytganda zakotga haqdor edik. O‘tgan yil qamoqda edim. O‘tgan yil bir-ikkita qarindoshimiz beribdi. Xotinim har qalay qaynonamning uyiga uy solib o‘sha zakotning pullariga, singlimiz, tog‘amiz beribdi 1 million, bir yarim million. Lekin zakotni birovning qo‘liga berganini yoki olganini ko‘rgan emasman. O‘zim ham bergan emasman. Zakot bergan emasman. Lekin ehson mahalla uchun, masjid uchun qilganman albatta. Provodnik bo‘lib yurgan paytimda masjidga gilam-pilam tashlab ketib qilganman. Lekin mol-mulkimni hisoblab zakot bergan emasman. Oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman. Trolleybus minganman, zavodda betonchi bo‘lib ishlaganman. Zakotga yarasha orttiradigan ishda ishlagan emasman.

Mansurbek, Xorazm:


- Men O‘zbekistonda paytimda ota-onam bilan birga yashaganman. Ular berishgan. Aldab nima qilaman? O‘z qo‘lim bilan bermaganman. Hozirda Rossiyadaman, Nijniy Novgorodda. 6-yil bo‘ladi. Bir marotaba berganmiz. U paytda bu yerda bo‘lganmiz. Qolgan paytda men Ramazon oyida o‘z yurtimda bo‘lganman. Xorazmning Hazorasp tumani, Pichoqchi qishlog‘i, Bahodir Matrizayev mahallasidan bo‘laman. Ikkinchi marta Rossiyada qolishim, Ramazon oyida. Ikki yildan beri mana alohida oila bo‘lib chiqqanman. Oilaviy ahvolim shunaqa bo‘lgani uchun bu yerda qolib ketganman. O‘zbekistonda paytimda namozni ham o‘qiganman. Ollohga beadad shukurlar bo‘lsin bir oy ichida namozni ham o‘qiganman, hammasini ado qilganman.

Laziz, Turkiya:


- Zakot sadaqami ya‘ni? Masalan cho‘ntagimda 20 ming so‘m bo‘lsa, 1000 so‘mini beraman. Hali unchalar katta zakot qila olganim yo‘q. Lekin qo‘ldan kelgancha qilaman. Masalan O‘zbekistonda 40ta molim bo‘lganda bittasini so‘yib, hamsoya, tevarakka berardik. Haligacha beramiz 3-4 oyda bir. Uydagilar qiladida. Men uncha tushunmayman.

Hasan, “O‘zbekturizm” xodimi:


- Savolni oltidan keyin bering. Oltidan keyin gaplashamiz.

Hamdam, Toshkent viloyati:


- Zakot bermaganmiz, fitramizni har yil beramiz. Zakotga endi juda katta mablag‘imiz ham, pulimiz ham yo‘q. Uning uchun ko‘p mablag‘ bo‘lishi kerak. Pul bo‘lsa, shunda beriladi. Ko‘pchilik bermaydi zakotni. Men hech zakot berganini ko‘rmaganman. Hamma gap mablag‘dayu. Uyda tilla nimangiz ko‘p bo‘lsa, berasiz, bo‘lmasa bermaysiz. Biz mana 42-43ga chiqdik, juda katta nimamiz yo‘q.

“O‘zkommunxizmat” xodimi:


- Hozir yig‘ilishga tayyorlanyapmiz. Bunaqa savolizga javob berishga vaqt yo‘q.


*************************************
Aziz mushtariy¸

Hurmatli mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda mulohaza bildirmoqchi bo‘lsangiz¸ quyidagi "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikrlaringizni yozib qoldiring.
XS
SM
MD
LG