Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:11

Bu yil o‘zbekistonlik bolalar paxta termaydi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2012 yilgi paxta terimi mavsumida o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilmaslik haqida Xalq ta‘limi vazirligiga ko‘rsatma berdi. Biroq bosh vazirdan bunday ko‘rsatma avvalgi paxta mavsumlarida ham bo‘lganiga qaramay, bolalarning paxta dalasiga haydalishi muammosiga ta‘sir qilgani yo‘q.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, bu yil maktab o‘quvchilarining birortasi paxta terimiga jalb qilinmasligi lozim.

Bu haqdagi topshiriq viloyatlar va Qorqalpog‘iston respublikasi xalq ta‘limi boshqarmalariga yuborildi. Vazir topshirig‘ida aytilishicha, bu yil bolalar darsdan bo‘sh paytlarida ham paxta terimida ishtirok etmasligi shart.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vaziriligining umumta‘lim maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar boshqarmasi yetakchi nazoratchisi Vafoqul Hotamovning Ozodlikka aytishicha, bu yil maktab o‘quvchilari dalaga chiqmaydi va darslar yuz foiz o‘tiladi:

- Qaror tasdiqlangan. Bu yilgi paxta terimi mavsumida o‘quvchilarga qo‘shimcha darslar o‘tilsin degan topshiriq ham berilgan. O‘zi qo‘shimcha darslar bor, endi o‘shalarni yanada kuchaytirish topshirig‘i berildi. Bola qo‘shimcha darsda o‘tirsa paxtaga chiqaman demaydi. Bu yil hech qaysi bola paxta terimiga chiqmaydi. Hammasi darsda bo‘ladi,- deydi Xalq ta‘limi vazirligi mutaxassisi Vafoqul Hotamov.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb qilmaslik haqida 2008 yilning 12 sentyabrida qaror qabul qilgan edi. Biroq bu qarordan so‘ng oradan 10 kun o‘tmasdan bolalar yana ommaviy paxta terimiga safarbar etilgan edi.

Samarqandning Jomboy tumanida istiqomat qilayotgan pensioner o‘qituvchi Xoliqnazar G‘aniyev hukumatning bunday qarorlariga ishonmasligini aytadi.

- 2008 yilning 12 sentyabrida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb etmaslik haqidagi qarori chiqqan edi. Bu qaror hamma joyda e‘lon qilindi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tmadiyam, hamma bolalar paxtaga haydaldi. Men qarorni ko‘tarib xalq ta‘limi bo‘limi boshlig‘iga bordim. Bu qanday bo‘ldi, qaror borku, nega bolalarni paxtaga haydayapsizlar desam, men bilmayman, menga og‘zaki buyruq berishdi, dedi. Bu yil ham ishonish juda qiyin. Chunki, hozirdan hamma maktablar oldindan paxta terimiga tayyorgarlik ko‘ryapti, - deydi Xoliqnazar G‘aniyev.

Ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik o‘qituvchining aytishicha, "etik tor kelganda" bunday qarorlar bir zumda yuqorining og‘zaki buyrug‘i bilan teskari tomonga ishlab ketaveradi:

- Bu qaror yuqoridan nazorat qilinsa, bir narsa bo‘lishi mumkin. Agar nazorat bo‘lmasa mahalliy hokimlar bu qarorga amal qilmaydi. Mahalliy hokimlar uchun qarorning ahamiyati yo‘q. Ular yuqoridagilarning og‘ziga qarab turadi. Paxtaga olib chiq desa, olib chiqadi, bo‘lmasa yo‘q,- deydi andijonlik o‘qituvchi.

O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanilayotgani bois o‘zbek paxtasini boykot qilayotgan shirkatlar soni 60 dan oshgan.

Dunyodagi taniqli kompaniyalar H&M, Burberry, Levi, Adidas, Puma o‘zbek paxtasidan foydalanishdan voz kechgan.

2011 yilda O‘zbekiston paxtasini boykot qilish tadbiriga AQShdagi Walmart, Macy's Eileen Fisher, Nautica, Liz Claiborne va Nike kabi yirik shirkatlar ham qo‘shilgan edi.
XS
SM
MD
LG