Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:18

“Sangoroddan” yana bir mahkumning o‘ligi chiqdi


Xalq tilida “sangorod” deb ataluvchi, Toshkentdagi mahkumlarni davolash kasalxonasidan yana bir mahkumning o‘ligi chiqdi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, 1999 yilda Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan andijonlik Shavkat Karimov o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalla ahliga oshkor qilinmasdan, 16 avgust kuni tong qorong‘usida zudlik bilan dafn qildirilgan.

Andijon viloyatining Jalolquduq tumanidagi Oyim qishlog‘ida yashagan va 1999 yilgi Toshkent portlashlari ortidan dindorlarga nisbatan boshlangan ta‘qiblar natijasida, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan 48 yoshli Shavkat Karimov Toshkentdagi mahkumlar saqlanadigan kasalxonada sil kasalligidan jon bergan.

Bu haqda xabar qilgan Ozodlikning Andijondagi manbasiga ko‘ra, Shavkat Karimov 9 yillik jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan so‘ng 2008 yilda jazoni o‘tash muassasi ichki tartibini buzganlik aybi bilan, muddatiga 3 yil qo‘shib berilgan, undan keyin o‘tgan yili yana shu ayblov bilan qamoqda qolgan:

- Shavkatning yaqinlari endi chiqib qoladi deb, o‘tgan yili umid qilishayotgan edi. Biroq o‘tgan yili u qamoqxonada yana sud qilinib, unga yana uch yil qo‘shib berildi. Uni ko‘rib kelgan yaqinlarining aytishlaricha, unda faqat teri bilan suyak qolgan ekan. Sil kasali yuqibdi, unga,- deydi bu manba.

Uning aytishicha, Shavkat Karimovning jasadi 16 avgustga o‘tar kechasi tunda olib kelingan va ko‘pchilikka ovoza qilinmasdan faqat qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar ishtirokida tongda zudlik bilan dafn qilingan. Dafn marosimi tugaguncha milliy xavfsizlik xizmati va militsiya xodimlari vaziyatni nazorat qilib turgan. Faqat qabrga tuproq tortilgandan so‘ng ular ketishdi, deydi Ozodlik manbasi.

Oyim qishlog‘i fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahim Halimovning aytishicha, Shavkat Karimovning jasadi mahalla ahli ishtirokida, barcha islomiy urf-odatlarga amal qilingan holda dafn qilingan:

- Shavkat qamoqdaligida uning oilasiga mahalla komiteti yordam qo‘lini cho‘zib turgan. Nazardan ham chetda qolmagan, nazoratdan ham chetda qolmagan bu oila. Mahallamizdan boshqa qamoqda o‘tirgan odam qolmadi. Qolganlari prezidentimiz tomonidan avf etib chiqarilgan,- deydi Oyim qishlog‘i fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahim Halimov.

Diniy ayblovlar bilan qamalganlarga bilan bog‘liq vaziyatni monitoring qilib boradigan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, har yili O‘zbekiston qamoqxonalaridan 200 ga yaqin mahkumning jasadi chiqadi va aksar hollarda ularning qiynoqlar natijasida nobud bo‘lgani qayd qilinadi.

Joriy yilning 29 fevral kuni 41 yoshli Abdurahmon Sagdiyevning jasadi solingan tobut Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan Toshkentning O‘rikzor mahallasidagi uyiga jo‘natildi.

O‘tgan yilning 24 iyun kuni Toshkentdagi mahbuslar shifoxonasi – "Sangorod"dan andijonlik 34 yoshli Abdumannon Ortiqovning jasadi chiqqan edi.

8 iyun kuni Hizb ut-Tahrir tashkilotiga a‘zolikda ayblanib, 20 yilga qamalgan 37 yashar Mirzayev Abdulazizning jasadi Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi uyiga keltirildi.

Andijondagi Botirxonovlar xonadoni 25 may kuni o‘g‘illari 33 yoshli mahbus Umidning qazo qilgani haqidagi xabarni olishdi.

Ozodlik o‘tgan yilning boshida O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shodiyev nomiga ikkita xat yo‘llab, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi o‘lim holatlari va qiynoqlar qo‘llanilishi borasidagi iddoalarga oydinlik kiritishni so‘ragan edi. Ammo oradan bir yil o‘tib ham, qamoqxonalardagi vaziyat uchun ma‘sul idoradan javob olmadik.

O‘zbekiston hukumati xalqaro minbarlardan turib, qamoqxonalardagi qiynoqlarning sistematik ekanini inkor etib kelmoqda. Toshkent rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida qiynoq bilan bog‘liq alohida olingan holatlargina bo‘lishi mumkin, xolos.
XS
SM
MD
LG