Линклар

Шошилинч хабар
07 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:02

O‘zbekistonda test natijalari e‘lon qilindi


Bu yil O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlar test natijalarini 16 avgust kuni bilib olishdi.

O‘zbekistonda davlat test sinovi natijalari payshanba kuni ertalab soat 9 dan mamlakatning barcha oliy o‘quv yurtlarida e‘lon qilina boshladi. O‘qishga kirganlarning ro‘yxati oliygohlar bino va xovlilarida o‘rnatilgan stendlarga tirkab qo‘yildi.

- Bugun test natijalari e‘lon qilindi. Hammasi vaqtida bo‘ldi. Abituriyentlar o‘zlari hujjat topshirgan oliy o‘quv yurtlariga borib, natijalarini bilib olishlari mumkin,- dedi O‘zbekiston Test markazining test sinovlarini tashkil etish bo‘limi rahbari Ulug‘bek Safarov.

Joriy yil mamlakatdagi “Ucell”, “Beeline” va “Perfectum Mobile” kabi uyali aloqa operatorlari “Abituriyent–2012” – test natijalaridan xabardor bo‘lish xizmatini taklif qilgan. Uyali aloqa operatorlari abonentlari natijadan voqif bo‘lish uchun test javob varag‘i raqamini SMS orqali 5151 raqamiga yuborishlari kifoya. Ushbu raqamga bitta SMS yuborish bahosi 0,75 dollar.

SMS javobida varaqa raqami, oliy o‘quv yurtining kodi, abituriyent necha ball olgani, tanlov natijasi (grant asosida o‘qishga kirgani, shartnoma asosida o‘qishga kirgani yoki o‘qishga kirish uchun yetarli ball to‘play olmagani) to‘g‘risida ma‘lumot oladi.

2012-2013 o‘quv yilida O‘zbekistondagi 57 oliy o‘quv yurti 56607 nafar talabani bakalavriatga qabul qiladi.

Yangi o‘quv yilida bakalavr yo‘nalishiga 56607 (19340 – davlat granti, 37267 – shartnoma), magistraturaga 6300 (1566 – davlat granti, 4734 – shartnoma) talaba qabul qilinishi bildirilgan.

Abituriyentlar kutgan kun


Bu raqam O‘zbekiston abituriyentlari orasida oldingi yillarga solishtirganda rekord ko‘rsatkich ekani aytilmoqda.

Butun respublika bo‘yicha bir talabaning joyiga 7-8 abituriyent to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekiston Davlat Test markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, bu yil mamlakatdagi 70 dan ortiq universitet, institut va institutlarga kirish maqsadida hujjat topshirgan yoshlarning soni 432 mingdan ortiq bo‘lgan.

Toshkentlik Gulruh qariyb yarim million abituriyent orasidan talabalikka qabul qilinganlardan biri. Bu yil u Jahon tillari institutiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

- Quvonchim cheksiz. Talaba bo‘ldim. 118 ball bilan qabul qilindim. Endi buyog‘iga yaxshi o‘qib, kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lishni niyat qilib qo‘ydim. Yaxshi o‘qib, diplomni qo‘limga olsam, Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilyapman,- deydi Gulruh.



Toshkentlik Sharofat esa to‘lov-kontraktga "ilinganidan" hursand.

- Grantga balim yetmadi. Lekin, shunisiga ham shukur. Ikki yildan buyon imtihondan o‘tolmay, uchinchisida mana kirdim,- deydi Sharofat.

O‘zbekistonda bu yil sentyabridan bakalavriatda bir yil o‘qish bahosi 3 million 650 ming so‘mdan 5 million 300 ming so‘mgachani, magistratura esa qariyb 4 milliondan-5 million 830 ming so‘mgachani tashkil etadi.

2012 yilda jami talabalarning 34 foizi - 19340 kishi davlat granti hisobidan, 66 foizi yoki 37300 ga yaqin talaba to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishadi.

O‘qishga kirolmaganlar nima qiladi?


Xorazmlik Feruzaga bu yil yana baxt kulib boqmadi. Xorazm Davlat Universtitetining musiqashunoslik fakultetiga hujjat topshirgan Feruza imtixondan o‘ta olmagani haqida xabar topdi.

- Balim yetmabdi. Kirish bali 112 ekan, men 81 bal olibman. O‘tgan yili ham kirolmagandim. Endi yaxshi repetitor yollab, kelasi yil yana harakat qilib ko‘raman,- deydi Feruza.

Lekin, Feruzaning ota-onasi qizlarining o‘qishga kirolmaganiga ko‘p ham achinishmaydi.

- Hali student bo‘lib qo‘liga diplom olganlar nima bo‘lishdi. Katta qizim mana diplom oldi, ish yo‘q. Endi bekor yurmasin, o‘qisa-o‘qisin, deb o‘qishga topshirgan edik,- deydi Feruzaning dadasi G‘ulom aka.

Oliy ta‘lim mauassasalariga qabul qilish O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi. "Pul bilan o‘qishga kirish" muammosi O‘zbekistonda Sovet davridan beri borligi aytiladi.

O‘zbekistonda yuristlikka o‘qishga kirish eng qimmat hisoblanadi, uning "narxi" 20-25 ming dollar, iqtisod yo‘nalishidagi fakulьtetlar uchun 9-10 ming dollar to‘lansa bir student joyi kafolatlanishi mumkin.

O‘zbekiston Test markazining test sinovlarini tashkil etish bo‘limi rahbari Ulug‘bek Safarov bu yilgi test sinovlari avvalgi yillardagidan halol o‘tganini aytadi.

- Soxtakorliklar bu yil bo‘lmadi. Shpargalkalar ishlamadi. Lekin, abituriyentlar tarafidan shpargalka, telefon olib kirishga harakatlar bo‘ldi. Shu zahoti telefon-shpargalkalari olib qo‘yildi-da, haydavorishdi. Avvallari, shpargalka, telefonlarini olib qo‘yib, boshqa qilmagin deb, kirgizishardi, bu yil bundaylar ayab o‘tirilmadi, shu joyning o‘zida abiturnelikdan diskvalifikatsiya qilindi,- deydi Safarov.

Ulug‘bek Safarovning aytishicha, test natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar o‘ttiz kun ichida apellyatsiya shikoyatini topshirishlari mumkin.

- Hozir apellyatsiya boshlandi. Abituriyent yoki ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar test natijalaridan norozi bo‘lsa, bugundan boshlab o‘ttiz kun davomida yozma ravishda Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga shikoyat topshirishlari mumkin,- dedi Safarov.
XS
SM
MD
LG